Qashqadaryoda “Pomuqni obod shaharchaga aylantiramiz!” deb nomlangan xayrli tashabbus boshlandi. Shaharchaning elektr ta'minoti tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida qo‘shimcha to‘rtta transformator va 117 ta temir beton ustunlari o‘rnatilishi belgilab olingan.
Mirishkor tumanining Pomuq shaharchasi Qashqadaryo viloyatining eng chekka hududlaridan hisoblanadi. Hudud aholisi 6 ta mahallada istiqomat qiladi. 18 ming aholi yashaydi.
“Pomuqni obod shaharchaga aylantiramiz!” harakatini yurtdoshlarimiz quvonch bilan qarshi olishdi. Chunki ushbu loyiha doirasida ijtimoiy obektlar, yo‘llar, kommunal soha, aholi xonadonlarini obod qilish va tomorqadan samarali foydalanish masalalari ham jadallik bilan amalga oshirilishi belgilangan.
Hududga xizmat ko‘rsatuvchi Bahoriston elektr ta'minoti korxonasi Mirishkor tumaniga qarashli bo‘lgan 16 ta mahallada 8686 ta maishiy va 529 ta yuridik iste'molchilarga elektr energiya yetkazib bermoqda. Yil davomida, xususan, Pomuq shaharchasiga 6 dona transformator punkti va 7 km.da 0,4 kV havo liniyasi to‘liq ta'mirlandi. Bunga qo‘shimcha 4 dona 160/10 kVa transformator punkti qurilib, yana 15 ta transformator punkti to‘liq ta'mirlandi.
“2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash dasturi to‘g‘risida”gi Prezident qarori ijrosi va “Pomuqni obod shaharchaga aylantiramiz!” tashabbusi bilan belgilangan vazifalar “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va “Bahoriston elektr ta'minoti korxonasi” muhandis-mutaxassislarining ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Eslatib o‘tamiz, Dehqonobod tumanining olis Oqqishloq mahallasi ham xuddi shunday tartibda obod bo‘lgandi.
“Qashqadaryo HETK” AJ matbuot xizmatiⓉ