«Sog‘lom turmush tarzi» (1hls.uz) platformasida avgust oyi yakunlariga ko‘ra g‘oliblar ma'lum qilindi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar bermoqda.
O‘tgan oy davomida respublika bo‘yicha tumanlar kesimida 203 ta g‘olib aniqlangan. Uchta tuman aholisi esa haligacha platformadan foydalanishmagan. G‘oliblarga umumiy hisobda 68 million 900 ming so‘m mablag‘ to‘lab berilgan.
Respublika miqyosida toshkentlik Toirov Ulug‘bek g‘olib bo‘lgan, u qariyb 2,2 million qadam yurib 1 million 800 ming so‘m yutib olgan. E'tiborli tomoni, Toshkent shahar Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 34 yoshli Toirov iyul oyida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritgandi.
Ma'lumot uchun, joriy yilning 10 mayidan boshlab yurish va yugurishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Sog‘lom turmush tarzi» (1hls.uz) platformasi test rejimida ishga tushirilgan bo‘lsa, 1 iyundan boshlab rasman faoliyat ko‘rsatishni boshladi.
Ushbu platformada iyun oyi yakunlariga ko‘ra, Toshkent shahar Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Timur Rafikovich Axmadullin g‘olib deb topilib, 1 million so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritgandi.
Platformada 18 yoshdan oshgan fuqarolari piyoda yurish va yugurish ilovasidan foydalanib, o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishi hamda o‘zlariga tegishli mukofot pullarini qo‘lga kiritishlari mumkin.
Platforma orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar alkogol (pivo, aroq) va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga tatbiq etilgan yig‘imdan olinishi ko‘zda tutilgan.