Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi 39-umumta'lim maktabi o‘quvchilari yangi o‘quv yilida partasiz sinf polida o‘tirib darsda qatnashgani haqida tasvirlar tarqalib, munozaralarga sabab bo‘ldi.
Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bu holatdan ochiqdan ochiq og‘ringanini yashirmadi. Ushbu holatni viloyat prokuraturasi nazoratga olgani aytildi.
Kun.uz muxbirlari asl holatni o‘rganish maqsadida Yakkabog‘ tumanida bo‘ldi va qurilish ishlari kechikib ketganmi, degan savolga ham javob izlashdi.
Ma'lum bo‘lishicha, chindan ham o‘tgan yili xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bu maktabni o‘zi o‘rgangan. Natijada, maktab davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi bilan «AVANGARD GIDRO EKSPRESS» MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan.
Direktor Shuhrat Qosimovning aytishicha, maktab 1975 yilda qurilgan va uzoq yillar davomida ta'mirtalab bo‘lib kelgan.
Sh.Qosimovga ko‘ra, maktab hali rasman qabul qilib olinmagan, lekin bino ichidagi ta'mirlash ishlari deyarli tugagani uchun yangi o‘quv yilini boshlashgan. Maktabda yetarli darajada eski parta-stullar mavjud. Markazdan yangi partalar olib kelish ko‘zda tutilgan va bu haqda direktor Qashqadaryo viloyati XTBga 2 sentyabr kuni xat chiqargan.
Tarmoqlarda o‘quvchilarning yerda o‘tirib dars tinglayotgani tasvirlari tarqalgach, yangi partalar maktabga zudlik bilan yetkazib berilgan. Ayni paytda maktab mebellari shu yerda yig‘ilib, sinfxonalarga joylashtirilmoqda.
Shuhrat Qosimov holatni tasvirga olib tarqatgan o‘qituvchi — Nargiza Suyunovani noxolis deya ta'kidladi. Sababi, Suyunovaning akasi, yangasi ham shu maktabda chet tili fanlaridan dars berishadi va direktor bilan yomon munosabatda. «Suyunova mana shu yo‘l bilan mening ishlashimga to‘sqinlik qilmoqchi», deya hisoblaydi direktor.
«Mening o‘zimni qayerda chiqarsa, kamchiligimni aytsa roziman. Lekin o‘quvchilardan foydalanishiga qarshiman. O‘qituvchi maktabda dars o‘tish mumkin bo‘lgan boshqa sinfxonalar bo‘la turib, aynan o‘sha partasiz xonaga kirib dars o‘tgan va holatni tasvirga olgan», — dedi direktor.
O‘sha kuni sinf polida o‘tirganlar — 5-«a» sinf o‘quvchilari ekan. Nargiza Suyunova ularga ona tili va adabiyot fanidan dars beradi. O‘qituvchining aytishicha, 6-7 sentyabr kunlari sinfda partalar bo‘lmagan. O‘quvchilarning oyog‘i tolgani uchun dars chog‘ida polga o‘tirib olishlariga ruxsat bergan. Videoni esa 7 sentyabr kuni tushirib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish uchun blogerga tashlab bergan.
Nargiza Suyunova haqiqatan ham akasi va yangasi shu maktabda ishlashi, ular direktor bilan ziddiyatga borib qolganidan xabardorligini aytdi. Suyunovaga ko‘ra, holatni tasvirga olib tarmoqlarga joylashidan akasi Obid Suyunovning xabari bo‘lmagan.
«6 sentyabr kuni xonada partalar yo‘qligini sinf rahbariga bildirdim. 7 sentyabr kuni yana 5-«a» sinfga darsim bor edi. Kirsam, partalar haliyam yo‘q ekan. Direktorni izlab topolmadim. Keyin tasvirga olishga majbur bo‘ldim. Ochig‘i, maktabimizga shunchalik e'tibor berilib, chiroyli ta'mirlanganidan juda quvondim. Ammo bu holatdan juda xafa bo‘ldim.
Men avval ham direktorning noqonuniy xatti-harakatlari haqida tuman prokuraturasi, xalq ta'limi bo‘limi, Prezident qabulxonasiga murojaat qilganman. Ammo murojaatlarim yuzasidan qoniqarli javob olmaganman», — dedi Nargiza Suyunova.
Suyunovaning ma'lum qilishicha, direktor Sh.Qosimov mart oyidagi umumxalq hasharida qilingan hashar uchun iyun oyida oylik maoshdan ushlab qolish bo‘yicha o‘qituvchilardan rozilik xati yozishlarini talab qilgan. O‘sha vaqtda ham Suyunovaning e'tirozi sabab bu harakat oxiriga yetmagan. Bundan tashqari, Mustaqillik bayrami munosabati bilan ta'til e'lon qilingan bo‘lsa-da, direktor 4 sentyabr kuni pedagogik kengash o‘tkazish uchun o‘qituvchilarni maktabga chaqirgan. Kelmaganlarga qonuniy chora ko‘rishini ma'lum qilgan.
Suyunova maktabda ayrim o‘qituvchilar bo‘yoq hididan zaharlanib hushidan ketib qolgani, natijada qishloq poliklinikasida yotishiga to‘g‘ri kelganini qo‘shimcha qildi. Umuman, olganda shu kabi holatlar sabab direktorni o‘z ishiga nomunosib, deya hisoblashini bildirdi.
Bu gap qanchalik rostligini bilish maqsadida hududdagi oilaviy poliklinikada ham bo‘ldik. Poliklinika katta hamshirasi Muqaddas Raupova maktabdan biror o‘quvchi yoki o‘qituvchi bo‘yoq hididan sog‘ligi yomonlashib murojaat qilmaganini aytib o‘tdi.
Maktabning ota-onalar kengashi raisi Samadulla Eshmurodov polda dars olayotgan o‘quvchilarning tasviri internet tarmoqlarida tarqalgani, Shuhrat Qosimovning qay tarzda direktor etib tayinlangani bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Eshmurodov direktorni ota-onalar saylagani, vakil sifatida uning faoliyatidan qoniqishini bildirdi. Aksincha, o‘quvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videosi ko‘pchilikni norozi qilganini aytib o‘tdi.
O‘sha kuni videotasvirga tushib qolgan o‘quvchilardan biri va uning onasi bilan ham suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.
«O‘qituvchimiz bizni videoga olmasligi kerak edi. Hamma joyga chiqib ketdik, Rossiyalargacha yetib borgan. Tog‘amlar videoni jo‘natyapti. Ozgina sabr qilganda mana, partalarga ega bo‘lardik, dars ham o‘tardik», — dedi 5-«a» sinf o‘quvchisi Mushtariy Xolboyeva.
Mushtariyning onasi Nasiba Oltiyeva ham qizi maktabga kelishdan bezib qolganini bildirmoqda.
Xo‘sh, kapital ta'mirga tushgan mazkur maktabga nega partalar o‘z vaqtida yetkazib berilmadi?
«AVANGARD GIDRO EKSPRESS» MChJ bosh muhandisi Toshpo‘lat Eshquvvatovning aytishicha, 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanib, ayni vaqtda maktabning ichki qismida deyarli ta'mirlash ishlari yakunlangan. Maktabni to‘liq topshirish shartnoma bo‘yicha joriy yilning 6 oktyabriga belgilangan va hali ularda muddat bor. Ya'ni, yangi partalarni yetkazib berish uchun ularda hali muddat bo‘lgan. Maktab binosi ichini to‘liq ta'mirlab bo‘lgan usta-quruvchilar hozir asosan maktab hovlisi va tashqi qismida ishini davom ettirishmoqda.
Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Javohir Rustamov bilan telefon orqali bog‘lanib, nega maktabga yangi partalarni yetkazib berish kechikkani, umuman, yangidan ta'mirlangan maktablarga jihozlar qay tartibda, kim tomonidan yetkazib berilishi kerakligini so‘radik. Afsuski, Rustamov bu savolimizga javob bera olmadi.
Ochig‘i, shundoq ham sog‘lom muhit bo‘lmagan bir jamoa haqida yakdil xulosa qilib bo‘lmaydi. Shunisi aniqki, bugun qaysidir o‘qituvchiga yoqmagan direktorni rahbarlikdan bo‘shatib yuborish oddiy jarayon emas. Direktorni biror mansabdor, mudir yoki hokim ham tayinlamaydi. Nomzodni ota-onalar kengashi muhokama etadi, xalq deputatlari tuman kengashi tasdiqlaydi. Kengashning tasdiqlashi ham xo‘jako‘rsinga emas, nomzod o‘z dasturini taqdim etishi kerak. Agar berilgan va'dalar bajarilmagan taqdirda, rahbarlikda qolish-qolmasligi kun tartibiga chiqadi.
Yakkabog‘dagi holat esa bir-birini tan olmaslik, hamjihat bo‘lib ishlamaslikdan boshqa narsa emas. O‘rtada o‘quvchilar izza, ota-onalar norozi.
Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin HOTAMOV.