“U yerda har lahza o‘lim xavf solib turadi” - Suriya lagerlaridan qaytgan ayollar qismati

Jamiyat 14:01 / 11.09.2021 34840

Birinchi hikoya

“Suriyada o‘lim bilan hayot bitta tanada yashaydi”

— Suriya haqida avvallari bilmas edik. Xo‘jayinim u paytda Misrda, biz esa O‘zbekistonda yashardik. 2012 yilda u bizni Misrga chaqirgan. Farzandlarim otasiz o‘smasin, o‘zim otasiz o‘sdim, ular ota mehriga zor bo‘lmasin, deb ikki bolamni olib erimning orqasidan ketganman. U yerda 2 yil yashadik, bolalarim maktab va bog‘chaga borishardi. Men ko‘proq uyda bo‘lardim.

Misrda vaziyat og‘irlashib ketgach, Turkiyaga ketishga qaror qildik. 2014 yilda Turkiyada 10 kun turib, u yerdan Suriyada o‘tib ketdik.

Ko‘proq Topqo degan shaharchada yashadik. 2017 yilning mart oylarida biz u yerni tark etishga majbur bo‘ldik. Chunki shaharda vaziyat og‘ir edi. Kurdlar bostirib kirgandan keyin yashagan manzilimizda turish xavfli bo‘lib qolgan. Topqoda, keyin Roqqa degan joyda yashadik. U yerda ham oz muddat yashab, yana manzilimizni o‘zgartirganmiz.

Shaharma-shahar ko‘chib yuraverganmiz. Oxiri Bog‘uzgacha borganmiz. U yerda uylar yo‘q edi, odamlar xandaq (okop) qazib, ichida yashashardi: shunisi xavfsizroq edi. O‘lim ko‘p, ocharchilik hukmron edi. Odamlar tiriklay yonib ketishar, ammo hech kim yordam bera olmasdi. Yurak hovuchlab yashardik, ayniqsa bolalarim bu holatlarni ko‘rib qo‘rqishardi...

Bog‘uz nihoyatda xavfli joyga aylandi – bizning ustimizda barcha qurollarni sinab ko‘rishardi. Kunlarning birida tunda yonimizdagi o‘q-dori mashinasi ustiga raketa kelib tushgan. Hamma yoq yonib kul bo‘ldi. Hammasi xuddi kinolardagidek yuz berdi. Raketa zarbidan otilgan uchqunlar biz turgan xandaqqacha yetib keldi. Bularning hammasi dahshatli edi. Xandaqdan otilib chiqib ketmasak, biz ham yonib ketishimiz mumkin edi. Men farzandlarimni olib chiqib ketdim.

Nariroqda uyg‘urlarning tizza baravar kovlangan xandag‘i bor ekan. Xandaq egalaridan bir kechaga shu yerda tunab qolish uchun ruxsat oldik. O‘sha xandaqda tunni o‘tkazdik. Tuni bilan mijja qoqmay chiqdik. Chunki uxlaydigan holat emasdi. Ayollarning yordam so‘rab chinqirgan ovozlari kelardi atrofdan. Biz ularga yordam berish tugul, hatto xandaqdan chiqa olmasdik. Qo‘limizdan hech narsa kelmasdi. Shifokorlar yo‘q, dori-darmon haqida o‘ylamasa ham bo‘ladi.

Bir chuqurlikda 5 nafar yosh bolalarning yonib ketishi oqibatida skeletlari qolgan, ularning yonida esa onasi a'zolari butun, faqat oyoq tanadan uzilib ketgan holatda turardi.

Men o‘zimni o‘sha onaning o‘rnida tasavvur qilib ko‘rib dahshatga tushdim. Uning ham farzandlari xuddi mendek 5 nafar edi. Ich-etim jimirlab ketdi... Suriyada men ko‘rgan eng dahshatli voqea shu edi. Xuddi qiyomat edi. Biz farzandlarimizni qanchalik ardoqlaymiz, yer-y ko‘kka ishonmaymiz. Lekin onaning qo‘lidan hech narsa kelmagan. Farzandlarini raketadan himoya qila olmagan.

Qo‘rqqanimdan ochlikni ham his qilmas edim. Yeydigan narsaning o‘zi yo‘q edi. Mazam qochib, karaxt bo‘lib qolganman. Farzandlarim mensiz qolib ketmasin, deb Yaratganga iltijo qilib chiqar edim.

Suriyaga borgan ilk paytlarda sekin-asta oziq-ovqat tanqisligi kuzatila boshladi. Bolalarimga non berib turib: “Kamroqdan yenglar”, deb uqtirar edim. Un kamaygach, tejash uchun bolalarimga atala qilib berishga o‘tdim.

Yo‘l berkilganidan keyin shu atala ham yo‘q bo‘lib qoldi. Shu sababli kepak qovurib berishga o‘tdim. Farzandlarim qovurilgan ataladan tanovul qila turib xuddi tansiq taom yeyayotgandek huzurlanishardi. Eng yomoni, hatto shu kepakdan bo‘lgan taomni ham to‘yib yeyishmasdi.

Suriyada toshli tegirmon bo‘lar ekan. O‘g‘lim uydagi bug‘doyni tegirmonga olib borib mayda qilib kelgan. Katta farzandlarimga kepak qovurib, kenjasini esa ayab, unga bug‘doy unidan non berardim. Bolalarimning “ertaga ham kepak qovurib berasizmi?” deb zorlanib aytgan gaplari ich-etimni kemirardi.

Samolyotdan tushganimda hayot borligini his qildim. Suriyada o‘lim bilan hayot bitta tanada yashaydi. Avval e'tibor bermagan ekanman. Bog‘uz shahrida raketa bo‘laklari tushgan xandaq yonida o‘rik daraxti bor ekan. Daraxtning tanasi ikkiga ajragan: bir shoxi gullab turibdi, ikkinchi shoxi esa yonib ketgan. Inson bahorda o‘rik gullaganini ko‘rib xursand bo‘lib kayfiyati ko‘tariladi. Men o‘sha gullagan o‘rikni ko‘rib turib ham o‘zimda biror bir his tuymadim. Gul tuggan kurtakni ko‘rib bahor kelganini bildim. O‘rik gulini ko‘rib qishdan sog‘-omon chiqqanimizga shukrlar aytdim... Ayozli kunlarda uyimiz yo‘q, qirov tushmasin deb xandaqdagi ko‘rpa-to‘shaklarimizning ustini o‘rab qo‘yardik. Ertasi kuni esa o‘sha qirovni quritish bilan ovora bo‘lardik. 

Bolalarimga suv olib kelish uchun xandaqdan chiqaman desam, ular yig‘lashardi. “Suv olib kelaman, deb bomba tagida qolib ketmang, suv ham ichmaymiz, kerak emas”, deyishardi. “Suvsizlikdan o‘lamizmi?” deb o‘q yog‘ilishi sal tingan paytda ehtiyotkorlik bilan bolalarimga suv olib kelardim.

Vatanimizga qaytargan yurtboshimizga, “Mehr-5” operatsiyasida ishtirok etganlarga oilamiz nomidan katta rahmat aytaman. Tinchligimizga ko‘z tegmasin...

Ikkinchi hikoya

“O‘g‘illarim kurdlar qo‘lida qoldi – farzandlarim hayotini barbod qildim”

— Birinchi turmushimdan ajrashgach, 3 farzand bilan uy-joysiz, pulsiz qoldim. Ishlab pul topib uy-joy qilish uchun Turkiyaga borib ishladim. Oradan 5-6 yil o‘tgach, o‘sha yerda yashaydigan o‘zbekka turmushga chiqib, farzandlarimni ham Turkiyaga olib ketdim. Bir kuni turmush o‘rtog‘im Suriyaga ketishimizni aytdi. U yer notinchligidan xabarim bor edi, so‘raganimda unaqa emasligini, biz boradigan yerlar tinch joyligini aytdi.

Boshimga qanday kunlar tushishini hali bilmas edim. Suriyaga o‘tishimiz bilan o‘g‘illarimni shariatdan dars olishadi, dinni o‘rganishadi deb olib ketib qolishdi. Borganimdayoq menga bu holatlar yoqmadi va orqaga qaytib ketishimni aytib, bolalarimni olib kelib berishini talab qildim. Tabiiyki, u buni rad qildi va ikki kundan keyin kelishini aytib chiqib ketdi. Ammo bir necha kundan keyin do‘sti erimga snayper o‘qi tegib vafot etgani haqida xabar berdi. Eshitib hammamiz qotib qoldik.

Hammasi teskari aylanib ketdi: ochlikni ham, o‘limni ham ko‘rdik. Tunda ro‘paramizda turgan uy tongda yo‘q bo‘lardi: ichidagi odamlar bilan birga yonib ketishi odatiy holga aylangan edi. Uzilgan qo‘l-oyoqlar, yerda sochilib yotgan odam ichak-chavoqlari, ochlikdan o‘lgan, olovda jizg‘anak bo‘lib yonib ketgan bolalarni ko‘rdik. Yaradorlarga dori-darmon yo‘qligidan yaralari qurtlab ketar edi.

Hozirgacha bu dahshatlarni unuta olmayman. Hatto osmonda samolyot uchsa ham bomba tashlaydiganday qo‘rqaman. Qishda ham tashqarida uxlardik, chunki tunda bomba tushsa uylar ustimizga qulashidan qo‘rqardik.

U yerdan qochishni rejalashtirdik. Qochishimizdan bir kun oldin yotgan joyimizda o‘g‘limning boshi ustidan o‘q o‘tib ketdi. Yerga qarab chalqancha yotgan holida qo‘lini o‘q teshib o‘tdi. O‘q teshgan joyidan qo‘l kirib chiqardi. Bu qanday yuz berganini ham bilmay qoldik. Ortiq bunday yashab bo‘lmasdi. Ertasi kuni tog‘ga qarab qochdik, taxminan 10-12 soat yo‘l bosdik. Ortimizdan o‘qlar otishdi, lekin qaytmadik. Yegulik ham, suvimiz ham qolmadi.

Bizni kurd askarlari topib olib, lagerga olib borishdi. U yerdagi hayot undan-da dahshatli edi. UNICEF bizga ko‘rpa-to‘shak, oziq-ovqatdan yordam berdi. Ammo baribir ocharchilik hukmron edi. Kurd askarlari istagancha ustimizdan kulib, xo‘rlashardi. Yarim tunda uxlab yotgan joyimizga bostirib kirib hamma yoqni tintishadi. Pul, telefon, oziq-ovqat qidirishadi. Qarshilik ko‘rsatganlarni ayovsiz urishadi yoki zax bosgan qamoqxonaga tashlab jazolashadi. 4-5 oylab qamoqda o‘tirishga majbur bo‘ladi odam.

Ikki o‘g‘lim Suriyada – kurdlar qo‘lida qoldi. Qamoqda ular hozir. Katta o‘g‘lim yarador bo‘lib, oyog‘i ishlamay qolgandi. Keyin tuzaldi-yu, baribir yugurib yura olmaydi, 3 kilodan ortiq narsa ko‘tara olmaydi. Kichkina o‘g‘limning yuragida teshik paydo bo‘lgan. Dahshatlarni ko‘rganda qo‘rquvdan ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketardi.

Doim ulardan kechirim so‘rardim, men sabab ular bolaligini yo‘qotishdi, yaxshi kunlarini o‘lim bilan yonma-yon, qo‘rquv ichida o‘tkazishga majbur bo‘lishdi. Chunki ularni men olib bordim o‘sha yerlarga, eng katta aybdor o‘zimman. Bilganimda ona bo‘lib o‘z farzandlarimni ajal yoqasiga olib borarmidim?! Bolam nogiron bo‘lib qolishiga qarab turarmidim?..

Qaniydi mo‘jiza yuz bersa-yu, yurtimizga qaytib ketsak deb orzu qilardim. Shukrki, prezidentimiz yana o‘z vatanimizga qaytishimizga, yaqinlarimizni ko‘rishimizga, tinch hayotda yashashimizga sababchi bo‘ldi. Behad minnatdormiz bundan. Qizim va nevaram bilan qaytdik.

Davlatimiz oldida, farzandlarim oldida ayblarim ko‘p – tan olaman. Xomxayollarga uchib, ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim. Bolalarimning yosh umrini xazon qildim. Butun umrga ularda tamg‘a bo‘lib qoladi, unutib bo‘lmaydi buni. Unutdim degan odamning ham yuragida tugun qoladi.

***

Xato qilish insonga xos. Ammo har bir xato hayotimizda o‘z izlarini qoldiradi. Eng afsuslanarlisi, bu xatolarning farzandlarimiz hayotiga, ularning kelajagiga daxl qilishidir. Hech kimni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Ko‘proq yangiliklar: