Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida qashqadaryolik haydovchi uxlab qolib yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Oqibatda u boshqarib ketayotgan «Lasetti» mashinasi «Kamaz» yuk mashinasining orqa tomoniga borib urilgan. Bu haqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 9 sentabr kuni soat 4:00 larda M-39 Almati–Toshkent–Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining G‘allaorol tumani hududidan o‘tgan qismida qashqadaryolik haydovchi «Lasetti» mashinasi bilan yo‘l transport sodir etgan. Oqibatda «Lasetti»da bo‘lgan 3 nafar yo‘lovchi tan jarohati olgan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Maymanoq mahallasida istiqomat qiluvchi haydovchi «Lasetti» mashinasini Toshkent–Samarqand yo‘nalishida boshqarib borayotib, uxlab qolgan. Shundan so‘ng boshqaruvni yo‘qotgan «Lasetti» o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan «Kamaz»ning orqa tomoniga urilgan.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida «Lasetti» salonida bo‘lgan Qashqadaryo viloyati Koson tumani Olmazor, Maymanoq mahallalari hamda Muborak tumani Gulshan qishlog‘ida yashovchi fuqarolar og‘ir tan jarohati olgan. Ular G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Shuningdek, «Lasetti» mashinasi ham jiddiy shikastlangan. Ta'kidlanishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.