Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida «Neksiya» va «Matiz» ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasida yo‘lovchilardan biri vafot etgan. Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 4 sentyabr kuni soat tungi 03:00 larda M39 Almati–Toshkent–Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Kitob tumani «Bog‘bon» MFYdan hududidan o‘tgan 1159-kilometrida «Neksiya» va «Matiz» ishtirokida yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Qayd etilishicha, fuqaro E.E. «Neksiya» bilan M39 yo‘lida harakatlanib ketayotib, tumanning 22-sonli Bolalar musiqa va san'at maktabi ro‘parasiga kelganida, shu hududdagi Yangi Charmgar mahallasidagi ikkinchi darajali yo‘ldan katta yo‘lga harakatlanib chiqqan fuqaro O.U. boshqaruvidagi «Matiz» bilan to‘qnashgan
Oqibatda «Matiz»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro F.O og‘ir tan jarohatlari olib tuman tez yordam bo‘limiga olib ketilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan zaruriy muolajalarga qaramasdan, 6 sentyabr kuni bemor ayol shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.