Maktabgacha ta'lim vazirligi Koreyaning “Edulink” kompaniyasi bilan birgalikda MTMlar, ota-onalar va bolalar uchun “S board” mobil ta'lim dasturini ishga tushiradi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
“Ushbu platforma maktabgacha ta'lim sifatini yaxshilash, hisobot qog‘oz turlaridan bosqichma-bosqich o‘tish, maktabgacha ta'lim tashkilotlari va ota-onalarga o‘zaro ko‘maklashish uchun mo‘ljallangan. Mobil dastur ishlab chiqilishining barcha bosqichlari “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi hamda maktabgacha ta'lim va tarbiya davlat standarti hamda ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq aniq amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Ilovada bolalar uchun matematika, o‘zbek tili va boshqa xorijiy tillarni o‘rgatuvchi videoqo‘llanmalar mavjud bo‘lib, birinchi bosqichda loyiha Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi bog‘chalarda sinov rejimida amalga oshiriladi.
“S board” ilovasini Google Play App Store va Apple orqali bepul yuklab olish mumkin.