O‘z xonadonida fohishalik bilan shug‘ullanishda gumon qilinayotgan ayolga mikrofon ko‘tarib, o‘zini OAV xodimi sifatida ko‘rsatuvchi Javohir Sultonov tomonidan yog‘dirilayotgan savollarga e'tibor bering:
«O‘z uyingizda shu ish bilan shug‘ullanish yaxshimi?»
«Uyalmaysizmi, o‘z xonadoningizga chaqirgani? Bolalarni farzandlaringiz borligi uchun chaqiryapsizmi fohishabozlik qilishga?»
«Qachondan beri fohishalik bilan shug‘ullanasiz?»
«Hozir ijtimoiy tarmoqlarda hamma ko‘radi sizni».
«Narkomanning va'dasiga, fohishaning yig‘isiga ishonma, degan gap bor».
To‘g‘ri, ayolning xatti-harakatlari odob-axloqqa zid bo‘lgan uyatli holat. Bu aniq. Erli ayolning o‘z xonadonida begona erkak bilan zino qilishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Lekin fohishalik bizda hozircha jinoyat hisoblanmaydi.
Boshqa tomondan, o‘zini jurnalist sanaydigan Javohir Sultonovning bu xatti-harakatlari jurnalistikaga qanchalik mos kelishi alohida mavzu.
Uning bu reportaji vaziyat bilan bog‘liq qandaydir haqiqatni ochish, tomoshabin, mushtariyni mushohadaga chorlash emas, jurnalistika sohasiga dog‘ tushirish bilan birga, «samosud», ya'ni o‘zboshimchalik bilan qozilik qilish va jazolashning aynan o‘zi.
- Samosud — bu o‘zboshimchalik bilan jazolash maqsadida shaxsga zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazishdir.
Kezi kelganda aytish kerakki, joriy yil mart oyida e'lon qilingan qaror loyihasida 3 oylik muddatda Jinoyat kodeksiga «samosud» uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi qo‘shimcha kiritish vazifasi nazarda tutilgandi. Biroq, oradan salkam 6 oy o‘tgan bo‘lsa-da, Kodeksga zarur qo‘shimcha kiritish tugul, farmonning o‘zi ham qabul qilinmadi.
Videotasvirga qaytamiz. Undan ko‘rinadiki, ichki ishlar xodimlarining o‘zi Javohir Sultonovga betiyiq harakatlar sodir etishga sharoit yaratib berishgan. Ichki ishlar xodimlari fohishalik holati haqida jamoatchilik xabar topishini va shu orqali noma'qul yo‘lga kirgan ayollarga «signal» berishni xohlagan taqdirda ham bu ishni etikaga mos keladigan tarzda, o‘zlari amalga oshirishlari kerak emasmi? Jurnalist qanaqasiga tezkor tadbirga bevosita aralashmoqda? U kuzatishi kerak emasmi?
Ravshan ko‘rinib turibdiki, IIB xodimlari o‘zlarining jinoyatchilik va huquqbuzarlikka qarshi kurash borasida amalga oshirayotgan ishlarini ko‘z-ko‘z qilish maqsadida professional bo‘lmagan, favqulodda eksklyuziv kadrlar ortidan obunachi orttirmoqchi bo‘layotgan diletantlar xizmatidan foydalanishni afzal bilishgan.
Vaziyat yuzasidan tushuntirish olish uchun Toshkent shahar IIBB axborot xizmati vakili Nilufar Isaxonova bilan bog‘landik. Uning aytishicha, mazkur reportaj IIBB tomonidan 2021 yil 1 avgustdan boshlab tashkil etilayotgan «Xavfsiz poytaxt» tadbiri doirasida o‘tkazilgan reyd jarayonida tasvirga olingan.
«Poytaxt aholisidan kelib tushayotgan ko‘plab e'tiroz va shikoyatlar asosida fohishalik huquqbuzarliklarini aniqlash va oldini olish maqsadida ushbu huquqbuzarlikka qarshi reydlar ham o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlarni yoritishda xolislikni ta'minlash maqsadida OAV vakillarining ishtirokiga ham sharoit yaratib berganmiz. Biroq, biz jurnalistlarga materialni qandaydir ko‘rinishda e'lon qilish yoki e'lon qilmaslik bo‘yicha buyruq berolmaymiz. Bu senzura bo‘lib qoladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘layotgan videolavhaga to‘xtaladigan bo‘lsak, biz jurnalist va blogerlardan bunday materiallarni etika qoidalariga rioya etgan holda ommaga taqdim etishni tavsiya qilamiz», — deydi IIBB rasmiysi.
Javohir Sultonovning bu harakatlari faol jamoatchilik, xususan jurnalistika va blogosfera vakillari tomonidan salbiy kutib olindi.
«Mikrofon va kamera — qurol emas, uni ko‘tarib olgan har kas sudya ham emas. U «bloger» nima qilyapti? Nega ayblov, qoralash, tahdid tonini yoqib olgan? Kimdan «dux» olyapti? Bu yoritish emas, bosim, sudsiz ayblash, samosud-ku!
Fohishalik noqonuniy harakat, isbotlansa, sud belgilagan jazosini olsin ayol. Lekin anavi mikrofon-u kamerali vallomat ham hech bir vakolatsiz ayolga bosim, tahdid qilgani uchun jazolanishini talab qilaman. Bu jurnalistika emas, bu blogerlik emas, bu so‘z erkinligi g‘oyasini obro‘sizlantirish, uni qonunlarga bo‘ysunmaydigan olabo‘ji qiyofasida ko‘rsatishdir», — deb yozadi adliya vaziri maslahatchisi, bloger Shahnoza Soatova.
«Jurnalist o‘t o‘chiruvchi, tez yordam xodimi, tergovchi yoki sudya emas. Men ayolning xatti-harakatini oqlamoqchi emasman. Ammo efirga bu tarzda material berilishi xato. Eng achinarlisi, hozir shu video 6-sinf o‘quvchisining telefonida ham bor», — deya munosabat bildirgan jurnalist Xurshid Daliyev.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov ham ushbu holatni qoralab chiqdi.
«Mikrofon ko‘targan «muxbir» yalang‘och holatdagi ayolni kamera qarshisida so‘roqqa tutishi qaysi mezonga mos keladi? Sud tomonidan hali aybdorligi isbotlanmagan ayolni fohishalikda ayblash jurnalist kasb-odobi va qonun talablariga nechog‘lik muvofiq?
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi jurnalist va blogerlarni milliy va xalqaro qonunchilik, O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi kodeksiga rioya etishga, kim bo‘lishidan qat'i nazar, shaxsning sha'ni va huquqlarini poymol qilmaslikka, fahsh, zo‘ravonlik va inson ruhiyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi illatlardan saqlanishga chaqiradi», — deydi uyushma raisi.
J.Sultonov va boshqalar bu e'tirozli fikrlarni o‘zi kabi eksklyuzivlikka erisha olmagan katta jurnalistlarning hasadi o‘laroq qabul qilishi ham mumkin. Albatta, bunday kadrlar kimgadir yoqadi, mikrofon tutgan jurnalist ularning nazdida jasur ko‘rinadi, lekin bu jasurlik ichki ishlar xodimlari qanoti ostida hosil bo‘lganini ham unutmaylik.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, jurnalistika yarimyalang‘och ayollarni so‘roq qilib, sazoyi qilish bilan shug‘ullanadigan faoliyat emas. Garchi ayol fohishalikdek jirkanch ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa ham, uni tergov qilib, odob-axloqdan saboq berish — jurnalistning ishi emas. Huquqbuzarlik haqidagi xabar jamiyatga bu qadar xunuk ko‘rinishda yetkazilmaydi. Jurnalist shunday holat qanday tergov qilinayotgani va bundaylarga odob-axloqdan qanday saboq berilayotganini ko‘rsatib berishi kerak, xolos. Odamlarimiz to‘nka emas, o‘zlari xulosa chiqarib olaverishadi.
Abbos Salaydinov tayyorladi.