Qashqadaryoda «Muborak dehqon bozori» raisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudga oshirildi 

Jamiyat 19:02 / 07.09.2021 11924

Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida joylashgan «Muborak dehqon bozori» MChJ raisi va boshqalarga Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Viloyat prokuraturasi matbuot xizmatining xabar berishicha, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Ma'lum qilinishicha, «Muborak dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi va boshqa tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.

Tergov davomida aniqlanishicha, bozor raisi D.Q. jamiyat ta'sischilarining roziligini olmasdan, 2017-2018 yillar qish-bahor faslida aholini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan kafolatli ta'minlash borasida zaxira yaratish uchun «Milliy bank»ning Muborak tuman bo‘limidan 6 oy muddatga 420 million so‘m kredit mablag‘i olgan. So‘ng turmush o‘rtog‘i Sh.A. egaligidagi MChJ bilan shartnoma tuzib, bankdan olingan kredit mablag‘ini mahsulotlar sotib olish uchun uning hisobraqamiga o‘tkazgan.

Qayd etilishicha, D.Q. turmush o‘rtog‘iga tegishli korxonadan 191 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarini qimmat narxlarda xarid qilgan. Belgilangan sharoitlarda saqlanishi ta'minlamaganligi oqibatida 191 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlarining iste'molga yaroqsiz holga kelishiga sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, D.Q. sotib olingan mahsulotlar o‘z vaqtida realizatsiya qilinmagani tufayli kredit to‘lovlarini to‘lamagan. Shundan so‘ng undiruvni kreditga garov sifatida qo‘yilgan MChJga tegishli ko‘chmas mulk binosiga qaratish haqida sud qarori chiqqan. D.Q. sud qarori ijrosini ta'minlash o‘rniga, MChJ ta'sischilarining roziligini olmasdan qarzdorlikni bozorning kunlik tushumi hisobidan to‘lab borgan. Oqibatda bozor ishchi-xizmatchilari ish haqi va ta'sischilar dividend olmasdan qolishiga sababchi bo‘lgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, D.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi va boshqa moddalari bilan ayblov e'lon qilinib, jinoyat ishi 2021 yil 24 iyul kuni sud muhokamasiga yuborilgan. Hozirda mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Muborak tumani sudida ko‘rilmoqda.

Ta'kidlanishicha, D.Q.ning «Muborak dehqon (oziq-ovqat) bozori» MChJ sobiq raisi X.J. tomonidan 2015 yilda jamiyat ta'sischilari ulushiga asossiz o‘zgartirish kiritilgani haqidagi vaji yuzasidan Muborak tuman prokuraturasi tomonidan tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: