Kun.uz’ga murojaat qilgan Botir To‘rayev «ISSIQXONA-QURILISh» MChJga 2020 yil iyul oyida asos solgan. Unga tegishli korxonaga Qarshi tumani hokimi Maqsuda Mustafoyevaning 29.10.2020 yildagi qarori bilan tuman zaxirasidan 17,8 gektar yer 30 yilga ijaraga ajratib berilgan.
Ammo unga Qarshi tuman Chaman massivi hududidan ajratib berilgan 7,8 gektar yerning avvalgi egasi da'vo qilib, B.To‘rayevni sudga beradi va hozirgi kunda sudda yutib turibdi.
Sudlashuvlar
Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 4 mart kuni Qarshi tumanining avvalgi hokimi G‘ayrat Begaliyev imzolagan qaror bilan fuqaro Sherzod Ishanqulovga shu hududda 9 gektar yer 49 yil muddatga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun ajratiladi.
Qashqadaryo viloyati prokuraturasi 2020 yil 7 oktabr kuni Qarshi tuman hokimi Begaliyevning bu qarorini bekor qilish to‘g‘risida protest kiritadi. Qayd etish joiz, prokuratura protestiga sabab sifatida mazkur yer maydonini ajratish tanlov asosida o‘tkazilmagani, Sh.Ishanqulovga berilishidan bir kun avval bu yer maydoni «Lochin Jasur hamkor» fermer xo‘jaligidan zaxiraga qaytarilgani ko‘rsatib o‘tilgan.
Protest qanoatlantiriladi va 2020 yil 16 oktabr kuni Qarshi tumani hokimi M.Mustafoyeva imzosi bilan G‘.Begaliyev imzolagan o‘sha qaror bekor qilinadi. Boz ustiga, oradan 10 kun o‘tgach Xalq deputatlari Qarshi tuman kengashi qarori bilan Sh.Ishanqulovga 9 gektar yer ajratish to‘g‘risidagi o‘sha qaror bekor qilingani ijro uchun qabul qilinadi.
Yer Botir To‘rayevga tegishli MChJga rasmiylashtirib berilgach, tuman kadastr idorasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi va tadbirkor yer uchun soliq to‘lay boshlaydi.
So‘ngra Sherzod Ishanqulov ma'muriy sudga da'vo arizasi kiritadi. 2020 yil 24 dekabrda Qarshi tuman ma'muriy sudi sudyasi A.Rasulov raisligida ko‘rilgan ishda arizachi Sh.Ishanqulovning arizasi qanoatlantiriladi va M.Mustafoyevaning Ishanqulovga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risidagi hamda «ISSIQXONA-QURILISh» MChJga 17,8 ga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlari bekor qilinishi haqida hal qiluv qarori chiqariladi.
Birinchi instansiya sudining ushbu hal qiluv qarori 2021 yil 18 fevralda Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya sudlov hay'atida bekor qilinadi. Sud bunga asos sifatida, Sh.Ishanqulovga 9 gektar yerni qaytarib berish uchun «ISSIQXONA-QURILISh» MChJga 17,8 gektar yer ajratilishi to‘g‘risidagi qaror bekor qilinganini ro‘kach qilgan.
Ish 2021 yil 1 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati kassatsiya instansiyasida Z.Qurbonova raisligida ko‘rib chiqiladi va Qarshi tuman ma'muriy sudining hal qiluv qarori ham, apellyatsiya instansiyasining qarori ham bekor qilinadi. Ish esa yangidan ko‘rib chiqish uchun qayta birinchi instansiya sudiga jo‘natiladi.
Yer ikki bor tendersiz ajratilgan
Sherzod Ishanqulovning qayta da'vo arizasi 2021 yil 14 iyul kuni Qarshi tumanlararo ma'muriy sudida sudya L.Zayniddinova raisligida ko‘rib chiqiladi. Hal qiluv qaroriga ko‘ra, Qarshi tumani hokimining prokuratura protestini qanoatlantirish haqidagi qarori bekor qilinadi. 29.10.2020 yilda «ISSIQXONA-QURILISh» MChJga chiqarib berilgan qarorining arizachi manfaatiga oid qismi, ya'ni 7,8 gektar yer ajratish haqidagi qismi haqiqiy emas deb topiladi.
Xalq deputatlari Qarshi tuman kengashining 26.10.2020 yildagi 84/20-26-sonli qarorini bekor qilish talabi ma'muriy sudga taalluqli bo‘lmagani uchun ko‘rib chiqilmagan.
Bu yerda qiziq tomoni shundaki, viloyat prokurori o‘rinbosari yer maydoni Sh.Ishanqulovga tegishli tartibda tanlov o‘tkazilmasdan berilganini ro‘kach qilib protest keltirgan bo‘lsa, sud majlislarida yer maydoni B.To‘rayev ta'sischi bo‘lgan «ISSIQXONA QURILISh» MChJga ham tanlov va e'lonlarsiz, faqat korxona direktori arizasi asosida berilgani tilga olingan.
Qarshi tumanining sobiq va amaldagi hokimlari yer ajratishda mavjud tartib-tamoyillarga zid harakat qilishgani juda-juda shubhali, albatta.
Xullas, hozircha yuridik jihatdan kelingan yechim shunday. Sud hokimning «ISSIQXONA QURILISh» MChJga 30 yilga ijaraga ajratilgan yerning 7,8 gektarini bekor qilgan, ammo xalq deputatlari tuman kengashi qarori bekor qilinmagan. Hozir 7,8 gektar yer formal jihatdan na Sherzod Ishanqulovda, na Botir To‘rayevga tegishli.
Tanish-bilishlik zanjirlari shunchalikmi?
Botir To‘rayev ushbu yer maydoniga oid mojarolarda birinchi instansiya sudida ayni paytda Muborak tumani hokimi bo‘lib ishlayotgan, Qarshi tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Akrom Aripovning tanish-bilishchilik qilayotgani ortidan uning zarariga hal qiluv qarorlari chiqarilayotganini gapirib berdi. Botir To‘rayevga ko‘ra, birinchi va ikkinchi instansiya sud majlislarida Akrom Aripovning shaxsan o‘zi kelib qatnashgan va Sh.Ishanqulov manfaatlarini himoya qilgan.
Xususan, B.To‘rayevga yer maydoni hokim M.Mustafoyeva qarori bilan ajratib berilgan chog‘da Qarshi tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlagan Akrom Aripov Sherzod Ishanqulovga pochcha hisoblanadi (tug‘ishgan opasiga uylangan). O‘shanda tuman hokimi M.Mustafoyeva hamda uning o‘rinbosari o‘rtasida mazkur masalada tortishuvlar ham yuz bergan. Bloger Aqida Xanum Aripovni fosh etuvchi ayrim ma'lumotlarni Facebook’dagi sahifasida ham yoritgandi.
Yerlari ko‘p «zamhokim»dan garov taklifi
Botir To‘rayev ham Chaman hududidagi mazkur yer maydoni aslida Akrom Aripovga tegishli ekanligini ta'kidlaydi. Chunki yer Sh.Ishanqulov nomiga olingan paytda tuman hokimi lavozimida ishlagan G‘ayrat Begaliyev (marhum) Akrom Aripovning qudasi bo‘lgan.
Bu fikrini tasdiqlash uchun Botir To‘rayev Kun.uz’ga taqdim etgan audioyozuvda Akrom Aripov shaxsan o‘zi uning ishxonasiga kelib, bu yer uchun avval muzokara o‘tkazgani, B.To‘rayev bu taklifga unamagach, tahdid qilganini eshitish mumkin.
A.Aripov ayni paytda Kasbi tumanida jami 212 gektar yeri borligini, ularni otasi, keyinroq ukasining nomiga rasmiylashtirganini tan olgan. Sherzod Eshonqulov nomiga olingan yer aslida o‘ziniki ekanligini, qaynotasi nomiga chiqqan issiqxonaga ham o‘zi qarashib yurganini gapirgan. 7,8 gektar yer o‘rniga undan 10 barobar ziyodroq suvli yerning qarorini bugunoq chiqartirib bera olishini gapiradi. Eng oxirida «shu yerga kira olmaysiz, garov o‘ynaysizmi?» deydi. So‘ngra «Nasaf» massividagi 10 gektar yerning qarorini ham bekor qildirib tashlayman», deb tahdid qilib chiqib ketadi.
Hokimmi yoki tadbirkor?
Ochiq ma'lumotlar bazasi orqali tekshirganimizda 2020-2021 yillarda ochilgan, ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan, 100 foiz ulush bilan ta'sischisi va rahbari bo‘lgan Akrom Oromovich Aripov bo‘lgan MChJ (klaster), u rahbar sifatida ko‘rsatilgan yana ikkita mas'uliyati cheklangan jamiyati borligiga guvoh bo‘ldik.
1. Ta'sischisi va rahbari Akrom Aripov bo‘lgan, paxta yetishtirishga ixtisoslashgan «KASBI SARA URUG‘ KLASTERI» MChJ 2021 yil 8 mart kuni ochilgan. (Ustav fondi 500 mln so‘m).
2. Rahbari A.Aripov ko‘rsatilgan, margarin va ovqatga ishlatiladigan aralash yog‘lar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «QASHQADARYO UN YOG‘-MOY MAHSULOTLARI» MChJ 2020 yil 20 oktyabrda ochilgan. (Ta'sicchisi: Avilov Abdulla Xo‘jayorovich (100 foiz), ustav fondi — 100 mln so‘m).
3. Rahbari A.Aripov bo‘lgan, non, xamirdan yangi tayyorlangan qandolat mahsulotlari, tort va pirojnoye ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «KOSONSOY URGUT» MChJ xorijiy korxonasi 2020 yil 17 noyabrda ochilgan. (Ustav fondi 350 mln so‘m). Ta'sischisi — Nazariy Jumaqul. (Bu insonga tegishli, yashash uchun mo‘ljallanmagan binolar qurishga ixtisoslashgan yana bir MChJ shaklidagi «URGUT ALOQA» korxonasi Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida ro‘yxatga olingan).
«Qo‘yningdan to‘kilsa — qo‘njingga»
Yuqorida qayd etilganidek, ish oliy suddan qaytarilgach, qaytadan Qarshi tumanlararo ma'muriy sudining sudyasi L.Zayniddinova tomonidan ko‘rib chiqilgan. Botir To‘rayev L.Zayniddinova ayni paytda A.Aripov hokimlik qilayotgan Muborak tuman IIB boshlig‘i Xo‘janazar Bahriyevning kelini ekanligi, sud qarori uning zarariga tanish-bilishchilik orqali chiqartirilganini ta'kidlab o‘tdi.
Boz ustiga, Chaman hududida ushbu yer maydoniga yaqin hududda Qarshi tumani hokimining 2010 yil 11 avgustdagi X435-8-sonli qarori bilan Sayfi Ishonqulovga 2 gektar yer issiqxona binosini loyihalashtirish uchun ajratib berilgan.
Sayfi Ishonqulov — Sherzod Ishanqulovning otasi, Akrom Aripovning esa qaynotasi bo‘ladi. Qayd etish lozimki, 2010 yilda Akrom Aripov viloyat hokimi (N.Zayniyev)ning o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Biz ko‘p yillar pedagog bo‘lib ishlagan Sayfi Ishonqulovni topdik va unga ayrim savollarni berdik. Darhaqiqat, otaxon 11 yil avval unga 2 gektar yer ajratib berilganini, undan hozirgacha foydalanayotganini aytdi.
«2 gektar yerdan qancha qismida issiqxona qurilgan?» — deya bergan savolimizga «30 sotixcha joyda», deb javob berdi otaxon. «Nega 2 gektarda to‘liq issiqxona barpo etilmadi?» — deb bergan ikkinchi savolimizga «sekin-asta, sharoitga qarab qilyapmiz», degan javobni oldik.
Ammo ajratib berilganiga 11 yil bo‘lgan 2 gektar joyda to‘liq issiqxona barpo etmasdan, undan xo‘jasizlarcha foydalanib kelinayotgani g‘alati emasmi? Aslida, bu yer ham A.Aripovga tegishli, buni audioyozuvda o‘zi ham qisman tan olgan.
Ushbu yer maydonlari atrofida fuqarolar yangi imoratlar ko‘tarishmoqda. Tekshirilsa, kimdir noqonuniy tarzda egallagan chiqar, kimlargadir «snos» evaziga shu hududdan qonuniy yer maydoni ajratib berilgan. B.To‘rayevning ta'kidlashicha, yerni band qilishdan maqsad — issiqxona qurib foydalanish emas, payt poylab odamlarga turar joy qilib sotib yuborish.
Bizga B.To‘rayevning bu farazi asossiz ko‘rindi, chunki Google Maps xaritasi orqali S.Ishonqulovga ajratib berilgan yerning so‘nggi 10 yillik holatini tekshirib ko‘rganimizda, yer maydonining konturi o‘zgarmaganiga guvoh bo‘ldik.
B.To‘rayev tanish-bilishchilik orqali unga zarar yetkazilayotganini aytmoqda. Ikkinchi instansiya sudida g‘olib chiqqach, u o‘ziga ajratib berilgan yerning 7,8 gektariga intensiv bog‘ barpo etish uchun Farg‘ona viloyatidan 60 mln so‘mga 12 ming dona mevali daraxtlar ko‘chatlari olib kelib o‘tqazgani, artezian quduq qazdirgani, katta pulga tomchilatib sug‘orish uchun uskunalar xarid qilganini aytadi.
Biroq A.Aripov Muborak tuman hokimi etib tayinlangach, qaytadan sudga ariza berib, uning zarariga hal qiluv qarorlari chiqargani, oqibatda 500 million so‘mdan ziyod xarajatiga kuyib qolishi mumkinligini ta'kidladi.
Ayni paytda Sh.Ishanqulov va uning qarindoshlari B.To‘rayevni ko‘chat ekilgan maydonga ularni kiritmagani uchun u yerni yovvoyi o‘tlar bosib yotibdi; ular faqat 2 gektar joyni parvarishlashga muvaffaq bo‘lishmoqda. Yer maydonining B.To‘rayev hali tasarruf etishga ulgurmagan qismida esa Sh.Ishanqulov sabzavot ekkan, hozir shudgorlab tashlagan.
Paydo bo‘lgan ziddiyatli vaziyat haqida aniq tasavvurga ega bo‘lgandirsiz. Biz mazkur masala yuzasidan tushuntirish olish uchun Qarshi va Muborak tumani hokimlariga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmadik.
Albatta, Akrom Aripov bir tuman rahbari bo‘lib turib, ikkinchi bir tumanda paxtachilikka ixtisoslashgan klasterning ta'sischisi va rahbari bo‘lib ishlayotgani juda hayratlanarli. Qolaversa, uning yaqin qarindoshlariga ham uning mansab vakolatlaridan foydalanib, yer ajratilishi nepotizmdan darak berib turibdi. Aslida, bu ham korrupsiyaning bir turi hisoblanadi.
Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan Botir To‘rayev keltirilgan vajlarni yuqori organlar tekshirib ko‘rishidan va bu ishda adolat tantana qilishidan umidvor.
Avvalroq «SULTON TEKS GROUP» klasterining rahbari Nurbek Ergashev Akrom Aripovni bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevga soxta va noto‘g‘ri axborotlar tayyorlab berganlikda ayblagan edi.
Akrom Aripov 2020 yil yanvarida Nishon tumanida viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning topshirig‘iga ko‘ra fermer dalasiga kirib, g‘allani payhon qilgan qo‘ylarni so‘ydirib tashlagani bilan internetda mashhur bo‘lgan amaldordir.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.