Musulmonlar idorasi yangi muftiy tayinlangani haqidagi xabarlarni rad etdi

Jamiyat 11:37 / 07.09.2021 20944

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasiga yangi rais - muftiy tayinlangani haqida tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, muftiy etib tayinlangani aytilayotgan Nuriddin Xoliqnazarov ayni damda o‘z lavozimi – Toshkent shahar bosh imom xatibi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Nuriddin Xoliqnazarov 2019 yil avgustida Rahimberdi domla Rahmonov o‘rniga Toshkent shahri bosh imomi lavozimiga tayinlangandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida davolanish uchun Moskvaga olib borilgan muftiy Usmonxon Alimov 15 avgust kuni 71 yoshida og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etgani xabar qilindi. U 2006 yildan buyon O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlagandi.

16 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi bir guruh amaldorlar ta'ziyali xonadonga tashrif buyurib, marhumning oila a'zolariga hamdardlik bildirgan. Shu kuni Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida marhumning janoza namozi o‘qilgan va ta'ziya marosimi bo‘lib o‘tgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: