O‘zini prezident administratsiyasi xodimi deb tanishtirgan shaxs mansabdor ayolni 20 ming dollarga chuv tushirdi

Jamiyat 19:13 / 06.09.2021 28353

O‘zini Temur Sunnatovich Alimov deb atagan firibgarning asosiy qurboni –yana ham yuqori lavozimga ko‘tarilishga intilayotgan mansabdor ayol bo‘lgan. Soxta xodim ushbu ayolga qo‘ng‘iroq qilib, u yanada yuqori lavozimga tasdiqlanganini aytgan.

«Sizning nomzodingiz yuqori lavozimga tasdiqlangan. Zudlik bilan prezident administratsiyasining Moskvadagi mas'ul vakili Qayumova Malika Kamalovna bilan bog‘laning. Hozircha bu haqda boshlig‘ingizga va boshqalarga gapirmang, buyruq chiqqunicha sabr qiling», degan u.

Ma'lumot uchun, Prezident administratsiyasi Moskva shahrida vakolatxonasi ham, mas'ul vakillari ham yo‘q.

Mansabdor ayol telegram messenjeri orqali «Malika Qayumova»ga qo‘ng‘iroq qiladi. Keyingi telefon suhbatida «administratsiya vakili» dushanba kuni farmonga qo‘l qo‘yilishini aytadi. Shuningdek, ayoldan «uzata olishi mumkin bo‘lgan yashil qog‘ozlar»ning maksimal miqdorini aytishi so‘raladi. Mansabdor ayol esa ko‘pi bilan 20ta [20 ming AQSh dollari] bera olishini aytadi.

Shundan so‘ng, administratsiyaning soxta vakili Moskvada ekanligini aytib, uyga sovg‘alar olish uchun o‘sha pullarni bank hisob raqami orqali berib yuborishni so‘raydi. Mansabdor ayol esa «Temur Alimov» bilan telefonda gaplashish asnosida bankka 20 ming dollarni olib borib, Rossiyaga jo‘natib yuboradi.

IIV tomonidan o‘tkazilgan tergov jarayonlarida aniqlanishicha, ushbu firibgar Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan holda 14 xil sim-kartadan foydalangan va O‘zbekistonning 20 nafar fuqarosini tuzoqqa ilintirgan. Jabrlanganlardan 58 ming dollarni onlayn ravishda undirgan.

IIV tergov departamenti ushbu firibgardan jabrlangan fuqarolar +99871 231-46-26 raqami orqali murojaat qilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 211-moddasiga ko‘ra pora berish, ya'ni mansabdor shaxsga mazkur mansabdor shaxsning o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora bergan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib bevosita yoki vositachi orqali moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish jinoiy qilmish deya baholanadi.

Ko‘proq yangiliklar: