O‘shanda Qashqadaryodagi ikki yirik gaz konining qoq o‘rtasida yashayotgan mahalliy aholi ilojsizlikdan yozda tappi yasab, qish uchun g‘amlashayotganini gapirib berishgan edi.
Kasbilik otaxonlar tahririyatga yana takroran murojaat qilishdi. Oradan bir yil o‘tsa-da, mahallada vaziyat o‘zgarmagani, onaxonlar hamon tappi yasashda davom etishayotgani ma'lum bo‘ldi...
Gaz ta'minoti bo‘yicha murojaatlar o‘ta chigal masala. Ko‘pincha gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan mahallalarni tabiiy gaz bilan zudtar ta'minlashning iloji yo‘qligini o‘zimiz ham tushunamiz va mutasaddilarni bezovta qilmasdan, murojaatchilarga o‘zimiz vaziyatni to‘g‘ri tushuntiramiz.
Lekin ushbu holatda gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan olis hudud emas, tuman markazida joylashgan, gaz quvurlari o‘tkazilgan, qolaversa, mahallaning yarmida gaz bo‘lib turgan holat vaziyatni yana bir bor chuqurroq o‘rganishga, yechim izlashga undadi.
Bizning aniqlashimizcha, ayrim aholi xonadonlari bilan bir qatorda Do‘stlik mahallasi hududidagi ikkita maktabgacha ta'lim muassasasi ham tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagan. Bog‘chalarga ovqat pishirish uchun suyultirilgan gaz balloni keltiriladi (o‘z vaqtida), qishda xonalarni isitish ko‘mir va o‘tin bilan amalga oshirilar ekan.
Mahalla ahlining ko‘plab murojaatlariga javoban «Hududgaz» tashkilotining mahalliy bo‘limlari qayta-qayta tuman hokimining 2014 yil 25 avgustdagi 109-F sonli farmoyishiga ko‘ra gazdan uzilgani haqida aytiladi.
Ammo bu javoblar mahalla ahlini aslo qoniqtirmay kelmoqda, shu sabab ular murojaat qilishda bardavom. Chunki mahalla gazdan 2012 yil oxirida uzilgan. Qolaversa, hokimning 2014 yilgi farmoyishida Do‘stlik mahallasining Xitoy va Xo‘ja-Xitoy qismidagi 246ta xonadon gazdan uzilib, ballonli gazga o‘tkazish mo‘ljallangan. Alisher Navoiy ko‘chasida istiqomat qilayotgan qariyalar o‘z xonadonlari gaz tarmog‘idan uzilishi noqonuniy va adolatsiz tarzda amalga oshirilgan deb hisoblashadi.
Biz yana mahalla ahliga mikrofon tutganimizda qariyalar mahallaning yoshlar yashovchi yangi uylar qurilgan qismida emas, aynan shu yerga birinchi ko‘chib kelib istiqomat qilayotgan, qariyalari ko‘proq qismi gazdan uzilganini kuyinib gapirishdi. Bu esa ayniqsa qish faslida qariyalarga katta qiyinchilik keltirib chiqarmoqda. Ular hechqursa qishda isinishlari uchun gaz berilishini istashadi.
Mahallaga kiraverishdagi gaz taqsimlash punktidan 15 metr naridan o‘tgan magistral quvurdan ayni kunlarda gaz oqib o‘tmoqda. Bir qaraganda, mahallaga gazni qayta ulash qiyin emasdek. Chunki aholining katta qismida hamon quvurlar saqlanib turibdi. Biroq vaziyat keksalar istayotganidek shundoq quvurni ulab qo‘yish bilan bitmas ekan.
«Hududgaz Qashqadaryo» Kasbi filiali direktori Abdulla Jo‘rayev vaziyat bo‘yicha izoh berdi.
Ma'lum bo‘lishicha, «Hududgazta'minot Qashqadaryo» MChJ rahbari Komiljon Murodov joyiga borib muammoni o‘rgangan, «Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov ham murojaatchi otaxon va onaxonlarni shaxsan tinglagan ekan.
Abdulla Jo‘rayevning aytishicha, ushbu muammoni hal qilishning yagona yechimi bor.
Ma'lum qilinishicha, ayni paytda tumandagi 3700dan ziyod tabiiy gaz ta'minotchisi va boshqa tashkilotlar uchun belgilangan limit bor. O‘sha limitdan ortiqcha gaz berishning mutlaqo imkoni yo‘q. Biroq hozir tumanda tabiiy gaz iste'molchilarining xonadonlari va tashkilotlariga ASKUG aqlli gaz hisoblagichlari o‘rnatilishi tugallanish arafasida.
Aqlli hisoblagichlar o‘rnatilgach, tabiiy gaz iste'moli tizimdagi qing‘irliklar bartaraf bo‘lishi evaziga kamaya boshlaydi, iqtisod qilingan gazning orttirilgan qismidan mahallani gaz tarmog‘iga qayta ulash imkoniyati vujudga kelar ekan.
Biz muammoni o‘tgan yili yoritganimizda, unga hech qanday yechim topilmagan edi. Tuman gaz idorasining yangi rahbari vaziyatdan xabardor ekani, o‘zi borib muammoni joyida sinchiklab o‘rganganini mahalla ahli ham tasdiqladi. Demak, qishgacha sarflangan gazlar hisob-kitob qilinib, iqtisod qilingan gaz hisobidan nafaqat Do‘stlik mahallasi, infrastruktura mavjud bo‘lgan boshqa mahallalarni ham gazga ulash imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Do‘stlik mahallasidagi qariyalarni qiynayotgan muammo tezroq chiroyli yechim topishini istaymiz. Mutasaddilar va'da qilishmoqda va biroz sabr qilishni so‘rashmoqda. Biz ularga ishonamiz va vaziyat nima bilan yakunlanishini kuzatishda davom etamiz.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.