2017 yil 9 oktyabrda qabul qilingan “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni tizimda jiddiy o‘zgarishlar qilishga turtki berdi.
Shundan so‘ng paxta-g‘alla ekishdan tashqari, bog‘dorchilikka – intensiv bog‘ yaratishga e'tibor qildik. Hozirgi vaqtda 3 gektar maydonda ser yangi navdagi uzum ko‘chatni ekkanmiz, 1 gektar maydonda issiqxona qildik.
Bundan tashqari, qoramolchilik, parrandachilik va xizmat ko‘rsatish sohasiga ham e'tibor qilyapmiz. Hozirgi kunda xizmat ko‘rsatish sohasida 15 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta'minlangan.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda kosasi oqarmagan fermer xo‘jaligi rukni ostida turkum ko‘rsatuvni ko‘rib taajjubda qoldim.
Joriy yil yakuni bilan fermer xo‘jaligimizdan 370 000 000 mln so‘m sof daromad ko‘rishni mo‘ljallab turibmiz. Bu kam mablag‘ emas. Faoliyatimizni kengaytirish, mahalladoshlar, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati degani.
Darvoqe, 55 tonnadan ortiq yetishtirgan g‘allamiz ixtiyorimizda qoldi. Bu g‘alladan ishchilarimizga, mahalladagi ehtiyojmandlarga ham ajratdik.
2019 yilda 580 ming dollarlik meva-sabzavot eksport qildik. Ochig‘ini aytaman, avvallari bu haqda o‘ylab ko‘rmaganmiz ham. Yer berildimi, bo‘sh qo‘ymasang bo‘ldi-da, qabilida ishlab yurganlar hozir ham bor. Yo‘q, endi bunaqasi ketmaydi. Qishloq xo‘jaligi mamlakatning eng muhim bo‘g‘ini, iqtisodiyotning donori ekanligini hamma ko‘rib, bilib turibdi. Davlat rahbarining o‘zi ham bir qarich bo‘lsa-da suvli yerni isrof qiluvchilarni kechirmasligini aytyapti. Suvli yerda tadbirkorlik qilish, turar-noturar joyga aylantirishga yo‘l qo‘yilmayapti. Sababi, hammamizni shu yer boqadi.
O.Nazirov,
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani «Shohnazir No‘monjonobod» fermer xo‘jaligi rahbari Ⓣ