Qadrli hamkasblar!
Mamlakatimizda sentabr oyining birinchi yakshanbasi “Neft va gaz sanoati xodimlarining kasb bayrami” sifatida keng nishonlanmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va hukumatimiz tomonidan neft va gaz sohasini rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratib berildi,soha xodimlari esa har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotining eng muhim tarmog‘i bo‘lmish, Neft va gaz sanoatida erishilgan har bir yutuqda barcha-barchangizni hissangiz bor. Shu munosabat bilan sizlarni samimiy muborakbod etaman.
Neft va gaz sohasida faoliyat olib borayotgan 50 ming nafarga yaqin xodimlarni matonat va mustahkam iroda timsoliga o‘xshataman.
O‘tgan davr davomida barchangiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib mehnat qildik va yaxshi natijalarga erishish maqsadida sizlarga qo‘shilib, geolog, burg‘ilovchi, master, muhandis, texnik, tadqiqotchi va ustaga aylandim. Imkon qadar sizning yoningizda bo‘lib, mashaqqatli mehnatingizda yelkadosh bo‘lishga harakat qilyapman.
Qahraton qish va saratonning jazirama kunlari ham kasbingizga bo‘lgan mehr-u muhabbatingizga, vatanga bo‘lgan sadoqatingizga raxna sola olmasligining guvohi bo‘ldim, ayni shu sabab ham siz bilan birga ekanligimdan g‘ururlanaman.
Sizlarning o‘ta mashaqqatli mehnatingiz va mas'uliyatingiz vatandoshlarimizga ulashmoqda, mamlakat sanoati to‘xtovsiz harakatlanmoqda. Jamiyat farovonligini ta'minlagan har bir texnika vositasining harakatlanishida sizning ulushingiz bor.
Ishonchim komilki, bizni birgalikda yangi muvaffaqiyatlar kutmoqda. Biz bir tan-u bir jon bo‘lib, bundan-da ko‘p yutuqlarga erisha olamiz. Barchangiz bir jamoa bo‘lib mehnat qilayotganingiz uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
O‘zingiz va yaqinlaringizga sihat-sog‘lik, baxt-u omad, farovon turmush, kasbiy muvaffaqiyat, tinchlik-xotirjamlik tilayman. Yana bir bor bayramingiz bilan tabriklayman!
Hurmat bilan,
“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi
Mehriddin Abdullayev
Kun.uz tahririyati neft-gaz sohasining barcha vakillarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklaydi. Mashaqqatli mehnat faoliyatingizda yangi marralar yor bo‘lsin, oilangizdan fayz-u baraka arimasin, fidoyi neft-gaz sanoatchilari!