Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida «Isuzu» va «Lasetti» o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda «Lasetti»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan haydovchining otasi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 3 sentabr kuni respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R100 Manguzar-Denov avtomobil yo‘lining Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan 131-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Denov-Boysun yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Lasetti» mashinasi qarama-qarshi yo‘nalishdan kelayotgan «Isuzu» yuk mashinasining yo‘liga chiqib ketgan. O‘sha paytda «Isuzu» yuk mashinasi ko‘prikka yaqinlashib qolgani sababli uning haydovchisi mashinani chetga olish imkoniyatini topa olmagan. Natijada, «Isuzu» va «Lasetti» o‘zaro to‘qnashgan.
Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida «Lasetti» mashinasida yo‘lovchi sifatida ketayotgan haydovchining otasi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan.
Dastlabki surishtiruvda, mazkur yo‘l-transporti hodisasi sodir bo‘lgan hududda va ko‘prikda yo‘l belgilari ham talablarga javob bermasligi aniqlangan.