Avgust oyining eng mudhish voqeasi – oqqo‘rg‘onlik bog‘cha bolalarining zaharlanishi, desak adashmagan bo‘lamiz. 30 nafar bolaning shifoxonaga yotqizilishi dastlab shov-shuv bo‘lib, bosh prokuror darajasida nazoratga olinishi aytilgan holat vaqt o‘tishi bilan barchaning e'tiboridan chetda qolib borayotgandek tuyulmoqda.
Konserva mahsulotlari bo‘yicha 12 kunda chiqishi aytilgan tekshiruv natijalari qariyb 1 oy bo‘libdiki, hamon e'lon qilingani yo‘q.
Bir o‘limdan qaytgan bolalar
Biz Oqqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, dastlab zaharlangan bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashdik.
“Qizim Ochilqulova Madinani 5-bog‘chaga berib kelamiz. 10 avgust kuni kasalxonaga tushdik, 13 avgust kuni tuzalib chiqdik”, – deydi Nasiba Beshimova.
“Kasallik haqida eshitganimdan keyin bir kuni Abdullohning tomog‘i qizarib, isitmalagani tufayli uni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘z ixtiyorim bilan olib bordim. Farzandim 3-4 kun yotib, yaxshi bo‘lib ketdi. Hozir alomatlari yo‘q”, – deydi tuzalib chiqqan bolalardan yana birining otasi Hasan Chintashev.
Kasallikni og‘ir o‘tkazayotgan bolalarning otalari esa farzandlari va o‘zlarining boshidan o‘tgan voqealarni kengroq so‘zlab berishdi.
“O‘g‘lim Afzalbekda 1 avgustdan boshlab kasallik simptomlari bilindi. Lekin aynan mana shu kasallik ekanini bilmaganmiz. 6 avgust kuni bola bilan birga Yangiyo‘lga bordik. Bolalar bo‘limiga joylashtirishdi. U yerda aynan ovqatdan zaharlangan degan tashxisni qo‘ya olishmadi. O‘g‘limning holati juda xavfli ko‘rinishga kelib qoldi. Bolam o‘zini bilmay qoldi. 3,5 yashar bola “dada, men o‘lamanmi” deb so‘raganidan so‘ng o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim.
8 avgust kuni bolani 16-shifoxonaga olib bordim. Reanimatsiyaga joylashtirishdi. 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasidan Nilufar opani chaqirishdi. U kelib, bolani ko‘rishi bilan “bu botulizm, ovqatdan zaharlangan” deya tashxis qo‘ydi.
Keyin men vazir o‘rinbosari Elmira opaga kirdim. U kishi bolamni 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazdirdi, to‘rtta shifokorni boshiga olib kelib qo‘ydi” – deydi Umid O‘sarov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bolaga to‘g‘ri tashxis qo‘yilgunicha oradan bir necha kun o‘tib ketgan va boy berilgan fursat tufayli bolaning ahvoli yanada og‘irlashgan.
Ayni damda Toshkent shahri 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan 3 yoshli Shohjahon Omonqulovning otasi Abduzuhur Uskanovning fikrlari ham Umid O‘sarovnikiga o‘xshash bo‘ldi.
“Ilk belgilari 1 avgust kuni namoyon bo‘lgan – ertalab o‘g‘limni uyqudan uyg‘otgan paytimda ko‘zlari suzilgan, sezgirligi past edi. Oyisi “uyquga to‘ymagan, charchagan bo‘lsa kerak”, dedi.
O‘g‘lim 2 avgust kuni bog‘chaga borib kelganidan keyin ham xuddi shu ahvolda, qovoqlari tushgan, o‘zgarish yo‘q edi.
3 avgust kuni uyqudan turganimizda ham yana shu karaxt ahvolda edi. Poliklinikaga olib borib, shifokorga ko‘rsatsa, shifokor “bolaning qoni kam, analiz topshiringlar”, debdi.
5 avgust kuni ertalab bolamni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasiga olib ketdim. Borayotganimizda yarim yo‘lda bolam komaga tushdi” – deydi Abduzuhur Uskanov.
30 nafar bola ichida kasallikni eng og‘ir o‘tkazayotgani, shubhasiz, 6 yoshli Visola Hasanova hisoblanadi. Uning otasi Sherzod O‘rozovning aytishicha, qizi dastlab qayt qilgan. Poliklinikaga olib borilganida to‘g‘ri tashxis qo‘yilmagan.
“Ertasi kuni ertalab oldimga kirdi. “Dada, ko‘zimga ikkita ko‘rinyapsiz” dedi.
Yuqumli kasalliklar shifokoriga ko‘rsatsak, “oshqozonida buzilish bor, yuvish kerak”, dedi. Endi qizimning tomog‘idan suv o‘tmay qoldi, lohas bo‘lib yotdi. Borgan sari ahvoli og‘irlashib, o‘zini otishni boshladi. Shu bilan komaga tushib qoldi. Shu davrda ikki marta yuragi to‘xtab qoldi. O‘pkasiga trubkalar ulandi. Xudoyim qizimni 2 marta qaytarib berdi” – deydi Sherzod O‘rozov.
Zaharlanishga sabab bo‘lgan mahsulot bo‘yicha turli taxminlar
Bolalar qaysi ozuqadan zaharlangani xususida ota-onalar o‘z taxminlarini bildirdi.
Hasan Chintashev zaharlanish murabbo yoki boshqa ko‘rinishdagi konserva mahsulotidan kelib chiqqan, degan ehtimolni bildirdi. Umid O‘sarov esa eritilgan pishloqdan gumon qilayotganini bildirdi.
“O‘g‘limdan tashqari qizim ham o‘sha bog‘chaga boradi. Qizim pishloqning hidi yoqmagani uchun uni yemagan, shu uchun qizimda bu kasallik kuzatilmadi” – deya qo‘shimcha qildi Umid O‘sarov.
Bog‘cha mudirasi bilan ko‘rishib bo‘lmadi
Holat bo‘yicha izoh olish maqsadida Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli bog‘cha mudirasi Nilufar Mamadaliyeva bilan bog‘landik. Biroq, u mazasi yo‘qligini aytib, izoh berolmasligini bildirdi.
“Shahar bedarvoza emas”
Shundan so‘ng, ma'lumot olish uchun Oqqo‘rg‘on tuman maktabgacha ta'lim bo‘limiga murojaat qildik. Bo‘limning hisobchisi Lobar Nurboyevaning ma'lum qilishicha, 5-sonli bog‘chaga konserva va boshqa bir qator oziq-ovqat mahsulotlarini shartnoma asosida “SABR SADO TIJORAT” MChJ yetkazib kelgan.
“Kasallik “SABR SADO TIJORAT” MChJ yetkazib bergan mahsulotdan chiqdi, deb o‘ylamayman. Chunki, hozirgi kunda Covid-19 kasalligiga chalindi, degan taxminlar ham bor. Shahar bedarvoza emas, hamma mahsulotlar sertifikati, ma'lumotnomasi bilan keladi”, – deydi MTB hisobchisi.
“Mahsulotlarni ulgurji bozordan xarid qilamiz”
Biz “SABR SADO TIJORAT” MChJ ta'sischisi Guljahon Allaberdiyeva bilan bog‘landik.
Tadbirkorning aytishicha, jamiyat oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydi, balki mahsulotlarni ulgurji bozordan xarid qilib, maktabgacha ta'lim tashkilotlariga yetkazib beradi. Yetkazib beriladigan mahsulotlarning sifati haqidagi savolimizga u barcha mahsulotlar sertifikatga ega bo‘lganini bildirdi.
Guljahon Allaberdiyeva konserva mahsulotlarini qaysi kompaniya ishlab chiqargani haqidagi savolimizni javobsiz qoldirdi.
Konserva mahsulotlari sanitariya tekshiruvidan o‘tkazilmagan
Oqqo‘rg‘on tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i Beshim Boboyev bog‘chaga yetkazib berilgan mahsulotlar bo‘lim tomonidan sanitariya tekshiruvidan o‘tkazilmaganini ma'lum qildi.
“Biz 3-4ta oziq-ovqatdan gumonsiradik. Birinchisi, “Povidlo yablochnoye” yozuvi tushirilgan mahsulot. Shu mahsulotning ko‘rinishi uncha yaxshimas edi, suyuqroq edi”, – deydi Beshim Boboyev.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘rik va apelsinli jyem, quyultirilgan sut va eritilgan pishloqdan ham tahlil uchun namunalar olingan va tekshirish uchun Toshkentga jo‘natilgan. Namunalar botulizmga gumon qilish boshlangan 9 va 10 avgust kunlari olingan.
“Bog‘chada 100tacha bola bor, lekin nega 5-6tasi botulizmga gumon qilindi, degan savol tug‘iladi. Taxminiy sabab shuki, banka ochganda bankaning ustki qatlami yoki uning zahar ko‘proq joyini yegan bolalar kasallangan bo‘lishi mumkin. Bu taxmin.
Aslida, tartib-qoida bo‘yicha banka ochilganda bolalar yegan mahsulotdan bir miqdori “sutochnoye proba” uchun olib qo‘yilishi kerak. Lekin u olinmagan. Bog‘chadagi hamshiramiz “Sutochnoye proba” uchun faqat birinchi, ikkinchi va uchinchi ovqatlardan namuna olib qolgan. Bularni ham biz analizga oldik”, – deydi bo‘lim boshlig‘i.
Beshim Boboyev konserva mahsulotlaridan sutkalik namunalar olinmagani sababini ushbu mahsulotlar sifatliliga ishonilgani bilan izohladi.
“Chunki unga ishonch bo‘lgan. Uy sharoitida emas, zavodda tayyorlangan bo‘lgan. Zavodda tayyorlangan konserva mahsulotlariga hammamiz ishonamiz, ularni uyda ham iste'mol qilamiz.
Balki, shu mahsulot tayyorlanayotganda zavodda qandaydir texnologik jarayon buzilgan bo‘lishi mumkin. Oddiy misol, bankadagi mahsulotning tuzi yoki shakari kam bo‘lsa, mikrob rivojlanishi osonroq bo‘ladi.
O‘sha paytda konserva mahsulotlari sanitariya tekshiruvidan o‘tmagan. Chunki, undan hech kim gumonsiramagan. Men 40 yildan beri ishlayman, hech bunday voqea sodir bo‘lmagan. Aslida har bir zavodning o‘zining laboratoriyasi bo‘ladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni o‘sha laboratoriya tekshirishi kerak”, – dedi Beshim Boboyev.
Mutaxassis bundan keyin shunga o‘xshash holatlar takrorlanmasligi uchun maktabgacha ta'lim tashkilotlarida konserva mahsulotlari iste'molini butunlay to‘xtatishni taklif qildi.
“Tuya go‘shti yegan” tekshiruv
Gumon qilingan oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar olinib, tekshiruvga berilganiga 20 kundan oshibdiki, 12 kunda chiqishi aytilgan natijalardan hamon darak yo‘q.
Beshim Boboyevning so‘zlaridan xulosa qilib, aynan bolalar iste'mol qilgan bankalardan namuna olinmaganini e'tiborga olsak, bu tekshiruvlardan biror ahamiyatli narsa aniqlanishi ham dargumon.
Qolaversa, bolalarga yedirilgan konserva mahsulotlarining sanitariya tekshiruvidan o‘tkazilmagani va ulardan sutkalik namunalar olinmagani “shahar bedarvoza bo‘lib kelgani”ni anglatadi.
Ota-onalar tergov sust o‘tkazilyapti, deb hisoblamoqda
Umid O‘sarovning aytishicha, bolalarga botulizm tashxisi qo‘yilgan kuni kechqurun bog‘cha omborxonasidan ayrim oziq-ovqatlar yashirincha olib chiqib ketilgan va buni bog‘chaga qo‘shni uylarda yashovchi kishilar ko‘rgan. Shuningdek, u hali biror marta tergovga chaqirilmaganini aytib, bundan noroziligini bildirdi.
Tergovni qaysi organ olib boryapti?
Jinoyat ishi bo‘yicha ma'lumot olish uchun Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasiga uchradik. Prokuratura xodimi jinoyat ishini dastlab o‘zlari qo‘zg‘atganini, biroq hozirda tergovni Toshkent viloyati IIBB Tergov boshqarmasi olib borayotganini ma'lum qildi.
Shundan so‘ng, Toshkent viloyati IIBBda bo‘ldik. Bosh boshqarma axborot xizmati so‘rovimizga asosan Tergov boshqarmasi bilan bog‘landi hamda jinoyat ishi bo‘yicha tergov bosh boshqarma emas, viloyat prokuraturasi tomonidan olib borilayotganini bildirdi.
Toshkent viloyat prokuraturasi axborot xizmati xodimi Arslonbek Toshpo‘latov esa jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasida emasligini bildirdi. Prokuratura rasmiysi tergov qaysi tashkilotda ekanini bilib berishini aytgan bo‘lsa-da, keyingi qo‘ng‘iroqlarimizni javobsiz qoldirdi.
Ushbu holatda OAVga yolg‘on ma'lumot berishdan kimga qanday foyda borligi hozircha bizga qorong‘i.
Bog‘cha tarbiyalanuvchisining o‘limi pnevmoniya bilan niqoblanmoqdami?
Rasmiy deya taqdim etilgan ma'lumotlarda 5-sonli bog‘cha tarbiyalanuvchisi Marjona Baxtiyorova 2021 yil 2 avgustdan 7 avgustga qadar ikki tomonlama o‘choqli pnevmoniya tashxisi bilan davolangani, shunga qaramay, pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko‘ra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7 avgust kuni vafot etgani aytilgan.
Marhumda miya shishi holati kuzatilgani, qolaversa uning vafoti boshqa bolalar birin-ketin komaga tushganidan keyin yuz bergani e'tiborga olinsa, o‘limga sabab sifatida pnevmoniya ko‘rsatilayotgani shubhalarni orttiradi. Shu tufayli, ko‘rsatilgan o‘lim sababi shubha ostiga olinib, holat yaxshilab o‘rganilishi lozim.
Ura-uradan so‘ng tezda unutilgan jabrdiydalar
Mavzuning yana bir muhim jihati shundaki, farzandlari zaharlangan ota-onalar o‘z hollariga tashlab qo‘yilgan. Bolalarni davolatish xarajatlari ularning ota-onalari zimmasiga tushmoqda.
Umid O‘sarov 1-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasida ayrim dorilardan yordam berilganini inkor etmagan holda, qolgan vaziyatlarda ko‘plab dorilarni o‘zi sotib olayotganini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozircha 5 mln so‘mga yaqin xarajat qilgan va hali bu hammasi emas. Ya'ni farzandi kasallik asoratlaridan to‘liq forig‘ bo‘lishi uchun 2 yil davomida neyroxirurgiya markazida hisobga qo‘yilib, davolanib borishi lozim.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Oqqo‘rg‘ondagi holatni tezda unutib yuborishga hech kimning haqi yo‘q. Tergov organlari holatni atroflicha va xolisona o‘rganishi lozim, sog‘liqni saqlash tizimi esa savobli ishni oxirigacha amalga oshirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, bolasining izidan Toshkentga ovqat tashishdan tashqari, ularga dori-darmon ham olib berish uncha-muncha ota-onani charchatib qo‘yishi tayin.
Yana bir xulosa shuki, zaharlanish holatlari takrorlanmasligi uchun bolalarga beriladigan ozuqalarning tekshiruvini kuchaytirish, shuningdek maktabgacha ta'lim tashkilotlarida konserva mahsulotlari va botulizm xavfini paydo qiladigan barcha turdagi mahsulotlardan butunlay voz kechish lozim.
Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov