Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida voyaga yetmagan qiz zo‘rlangani haqida video tarqalgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur ishda gumonlanuvchi shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma'lum qilinishicha, Qamashi tumani «Qovchin» MFYda yashovchi fuqaro S.E. 2021 yil 29 avgust kuni tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Uning arizasi navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinib, tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro Sh.K.ning harakatlarida Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi va yana boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari aniqlangan. Shu sababli mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.K.ga nisbatan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ta'kidlanishicha, jinoyat ishida gumon qilinuvchi Sh.K. Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda ushbu jinoyat ishi yuzasidan Qamashi tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.