Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida «Jiguli» va «Kobalt» o‘zaro to‘qnashgan. Oqibatda «Jiguli» haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 29 avgust kuni soat 17:30larda Sariosiyo tumani hududidan o‘tgan 4K583 yo‘lining 16-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
«Kobalt» mashinasi tumanning Chinor mahallasi hududidan harakatlanib kelayotganda ro‘paradan kelayotgan «Jiguli» mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda, «Jiguli» haydovchisi og‘ir tan jarohatlari olib, Sharg‘un shahar tibbiyot birlashmasida vafot etgan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, «Jiguli» mashinasi haydovchisi yo‘lning ta'mirlanayotgan qismini aylanib o‘tmoqchi bo‘lib «Kobalt»ning yo‘liga chiqib ketgan va natijada har ikkala mashina o‘zaro to‘qnashgan.