Qashqadaryoda ekologiya inspektorlari ovchilarning hujjatlarini olib, pul so‘ragani, so‘ng ularni yo‘qotgani aytildi. Boshqarma holatga munosabat bildirdi

Jamiyat 13:00 / 31.08.2021 1543

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Muborak tumanida ov qilishga ruxsatnomasi bo‘lgan shaxslarning hujjatlari ekologiya inspektorlari tomonidan tortib olingani aytilgan xabar tarqaldi. Shuningdek, xabarda ovchilar ekologiya inspektorlari hujjatlarni qaytarish uchun pul ham so‘rashganini bayon qilishgan. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mazkur xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, joriy yil 24 yanvar kuni viloyat Ekologiya boshqarmasi xodimlari Muborak tumanida nazorat reyd o‘tkazgan. Unda «Qirqchashma» hududida Kasbi tumanida yashovchilar S.A., I.T. va Sh.T. «Damas» mashinasida o‘zlariga tegishli bo‘lgan ov qurolida ov qilib yurgani aniqlangan va ekologiya inspektorlarining qonuniy talabiga ko‘ra tegishli hujjatlarni taqdim etishgan.

Taqdim qilingan hujjatlar ko‘rib chiqilganda, Qashqadaryo viloyati ovchi va baliqchilar sport bo‘limi tomonidan ushbu fuqarolarga viloyat hududi bo‘ylab ov qilish uchun mavsumiy ov qilish yo‘llanmalari taqdim etilgani aniqlangan. Ammo bu yo‘llanmalar 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan 627-sonli «Ov qilish va ov xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid ravishda berilgani va Muborak tumanida ov qilish uchun alohida ruxsatnoma berilmagani ma'lum bo‘lgan. Shu sababli ushbu shaxslarga tegishli bo‘lgan ovchilik guvohnomalari va mavsumiy ov qilish uchun berilgan yo‘llanmalar vaqtinchalik qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar olib qo‘yilgan.

Mazkur holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan barcha hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Viloyat prokuraturasi mazkur holatlarni o‘rganib chiqib, Qashqadaryo ovchi va baliqchilar sport bo‘limi tomonidan ushbu shaxslarga mavsumiy ov yo‘llanmalari noto‘g‘ri berilgan deb topgan va mas'ul xodim R.T.ga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasiga asosan chora ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, S.A., I.T. va Sh.T.dan bir necha marotaba telefon orqali va boshqarmaning aloqa xati bilan ovchilik guvohnomalari va mavsumiy ov yo‘llanmalarini olib ketishlari so‘ralganiga qaramay fuqarolar o‘z vaqtida hujjatlarni olib ketishmagan.

Shundan so‘ng Ekologiya boshqarmasining nazorat inspeksiyasi xodimlari xonasidagi mutaxassis Sh.S.ga tegishli ish stoli tortmasida saqlanayotgan fuqarolar S.A., I.T va Sh.T.ga tegishli ovchilik guvohnomalari va mavsumiy ov yo‘llanmalari noma'lum sabablarga ko‘ra yo‘qolgan.

Ish jarayonida fuqarolarning hujjatlari yo‘qolgani sababli Qashqadaryo ovchilar va baliqchilar sport birlashmasi tomonidan hujjatlar qayta tiklangan. Fuqarolarga bir necha bor tiklangan hujjatlarini olib ketishlari aytilganiga qaramasdan, ular hujjatlarning asli kerakligini ta'kidlab haligacha olishmagan.

Munosabatda ta'kidlanishicha, boshqarma inspektorlari tomonidan pul mablag‘lari so‘ralgani holati bo‘yicha prokuratura organlari va Davlat Ekologiya qo‘mitasi tomonidan bir necha marotaba xizmat tekshiruvlari o‘tkazilgan va ularda bu vaj o‘z isbotini topmagan.

Ko‘proq yangiliklar: