Jahon | 16:08 / 31.08.2021
70888
20 daqiqa o‘qiladi

Panjsher. Ahmad Mas'ud tinchlik uchun shartini aytdi, toliblar vodiyga hujum qilmoqda

Amerikaliklar Kobul aeroportini ham tark etgach toliblar mamlakat to‘la mustaqil bo‘lgani haqida e'lon qilishdi, ammo Afg‘oniston hali to‘liq ularning nazoratiga o‘tgani yo‘q. Toliblarga taslim bo‘lmagan yana bir hudud qolgan. Bu Panjsher darasi. Hozirda u yerda afsonaviy qo‘mondon, o‘z vaqtida sovetlarga qarshi, keyinroq «Tolibon»ga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li Ahmad Mas'ud boshchiligida qarshilik harakati otryadlari tuzilgan. BBC qarshilik harakati rejalari haqida hikoya qiladi.

«Tolibon»ga qarshilik o‘choqlari Afg‘onistonning turli nuqtalarida mavjud bo‘lgan. Surat mart oyida Hilmand viloyatida toliblarga qarshi kuchlar pozitsiyasida olingan. Ammo hozirda mamlakatda toliblarga qarshi kuchlar markazi - bu Panjsher.

Toliblar butun Afg‘onistonni egallashga urinishi fonida tarix takrorlandi. Kobuldan shimoli-sharqda joylashgan Panjsher viloyati qarshilik harakati markaziga aylandi. Bu yerda Ahmad Mas'ud o‘zini qarshilik kuchlari yetakchisi va vodiyni toliblar ta'qibidan qochganlar uchun ishonchli boshpana deb e'lon qildi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani BAAga ketgach, vitse-prezident Amrilla Solih o‘zini vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi deb e'lon qilib, afg‘onlarni toliblarga qarshi kurash olib borishga chorladi.

Milliy qarshilik fronti vakili Ali Nazariy «Tolibon»ning 23 avgust kuni Panjsherga hujum qilishga uringani, ammo mag‘lub bo‘lib, ortga chekinganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida tinchlik muzokaralari uchun harakatlar olib borilmoqda va hamon natijaga erishilmadi.

«Biz qarshilik harakati uchun minglab jangchilarni to‘pladik: bizda avval maxsus kuchlarda va diversiya bo‘linmalarida xizmat qilgan yigitlar bor, Panjsherda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan mahalliy otryadlarimiz va qo‘shni viloyatlardan kelgan boshqa kuchlar bor», degan BBC bilan suhbatda Afg‘oniston milliy qarshilik fronti vakili Ali Nazariy.

Uning bayonotlarini mustaqil manbalar orqali tasdiqlash yoki inkor etishning hozircha imkoni yo‘q.

«Daradagi harbiy vaziyat ayni vaqtda barqaror. Panjsher yaxshi qo‘riqlanmoqda va mustahkam. So‘nggi to‘rt yil mobaynida bu yerga hech kim kira olmagan, dara yengib bo‘lmas qal'a bo‘lib qolmoqda. Ishonchimiz komilki, shundayligicha davom etadi va birorta bosqinchi bizning hududimizga kirib kela olmaydi», deydi Nazariy.

Fors tilidan tarjima qilinganda Panjsher «besh sher» ma'nosini anglatadi. Afsonaga ko‘ra, Yaratgan tomonidan berilgan kuch-qudratga ega bo‘lgan besh aka-uka bir kechada daryo yo‘liga ulkan to‘g‘on qurishgan. Bunday to‘g‘on bugungi kunda ham mavjud. Qarshilik frontining harakatlari qanchalar muvaffaqiyatli bo‘lishi borasida esa fikrlar xilma-xil.

Tinchlik yoki urush?

«Turli baholarga ko‘ra, Panjsherdagi qarshilik otryadlari safida 12 mingdan 15 minggacha jangchi bor. «Tolibon» esa 80 minglik qo‘shinga ega. Bu isyonchilar foydasiga emasligi yaqqol ayon bo‘lgan ulkan farq», deya qayd etadi yaqinda Panjsherga kelgan The Times jurnalisti Charli Folkner.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi vaziyat Kobulda bo‘layotgan voqealardan farq qiladi. Panjsherda do‘konlar ochiq, ko‘chalarda kulgi ovozlarini eshitish mumkin, odamlar o‘z ishlari bilan uyoqdan buyoqqa o‘tishadi yoki pana joylarda mamlakatda bo‘layotgan yangiliklarni muhokama qilishadi. Shu bilan birga, ko‘chalarda jiletkadagi qurolli erkaklarni tez-tez uchratish mumkin - Milliy front har ehtimolga qarshi patrullikni kuchaytirgan.

«Isyonchilar, albatta, chiroyli nutqlar irod etishadi. Ular darada o‘zlarini juda ishonchli his qilishmoqda va toliblar hujum qilgan taqdirda jiddiy qarshi zarba berilishini aytishmoqda. Ular keng ko‘lamli amaliyotlarga ham tayyorliklarini tasdiqlashmoqda. Masalan, hozirda toliblar qo‘liga o‘tgan qo‘shni tumanlar ustidan nazoratni qaytarib olish. Ammo umuman olganda, men gaplashgan jangchilar va qo‘mondonlar ularning asosiy va yakuniy maqsadi - tinchlik o‘rnatilishi ekanini aytishgan», deydi Folkner.

Isyonchi kuchlar «Tolibon» bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini tasdiqlagan.

«Tinchlikka erishish - biz uchun ustuvor vazifa. Biz urushga kirishish va mojaroni davom ettirishdan ko‘ra mamlakatda siyosiy yo‘l bilan uzil-kesil barqarorlik o‘rnatilishini afzal ko‘ramiz. Biz hamisha yechimlarni izlaymiz va muzokaralar o‘tkazishga tayyormiz. Biz toliblar bilan muloqot o‘rnatgan va norasmiy muzokaralar o‘tkazayotgan kanallar ham bor. Shu bilan birgalikda, barqarorlik uchun barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari, demokratiya va ijtimoiy adolatni qurbon qilib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz», degan Ali Nazariy.

«Tolibon» Milliy front vakillari bilan muzokaralar to‘g‘risida ochiq gap aytmagan, lekin harakatning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Panjsher atrofida yuzlab jangchilar to‘planayotgani aks etgan videolarni tarqatmoqda. Toliblar isyonchilar darada har tarafdan o‘rab olinganini aytishmoqda.

Nazariy esa, aksincha, qarshilik harakati otryadlari raqibning barcha hujumlari qaytarib turilganini ma'lum qilgan.

Kirib bo‘lmas dara
Panjsher - Kobuldan bir soatlik yo‘ldan keyin boshlanadigan daradir.

Tog‘li vodiy 130 kilometrga cho‘zilgan. Bu yerda taxminan 173 ming kishi istiqomat qiladi, ularning asosiy qismi etnik tojiklar. Dara orqali o‘tuvchi yagona yo‘l daryo bo‘yida joylashgan va baland tog‘lar bilan qurshalgan (tog‘lar balandligi 6 ming metrgacha yetadi). Bunday sharoitlarda hujum yurishlari qilish haddan tashqari murakkab.

Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq amaldori Shakib Sharifiy mamlakatda bunday tog‘li vodiylar kam emasligini qayd etadi. Ammo Panjsherning unikalligi - bir necha muhim omillar kombinatsiyasidan iborat.

«Gap faqat daradagi yetib borish murakkab bo‘lgan o‘nglab jangovar pozitsiyalarda emas, gap faqat tog‘ relefida emas. Panjsherliklarning mag‘rurligi va o‘zini hurmat qilish hissi ham baland», deydi Sharifiy.

Panjsher aholisi XIX asrda daraga Britaniya imperiyasining eng ilg‘or qo‘shinlari ham kira olmagani haqidagi hikoyalarni aytib yuradi. 1980-yillarda vodiy sovet askarlariga qarshi mardonavor kurashgan va ularni dara ichkarisiga o‘tkazmagan. Mujohidlarning otryadlariga o‘shanda «Panjsher arsloni» laqabini olgan Ahmad Shoh Mas'ud boshchilik qilgan.

«U sovet-afg‘on urushi vaqtida qarshilik harakatining yuziga aylandi. U xarizmaga ega bo‘lgan, G‘arb matbuoti bilan faol muloqot qilgan. Sovetlar ham u bilan muzokara o‘tkazishga tayyor bo‘lgan va bu uni juda muhim figuraga aylantirgan», deydi Lids Universiteti professori Elizabet Lik.

Katta Mas'udning Panjsherdagi portretlari, 2009 yil / ALAMY

1996 yildan 2001 yilgacha, «Tolibon» deyarli butun Afg‘onistonni nazorat qilgan vaqtda Panjsherda «Shimoliy alyans» tuzilgan - u Afg‘oniston shimolidagi barcha harbiy guruhlarni Mas'ud qo‘mondonligi ostida birlashtirgan.

«Tolibon» - o‘shanda uning tarkibini asosan pushtunlar tashkil qilgan - asosan tojiklar istiqomat qiluvchi mintaqada o‘ziga tarafdorlar topa olmagandi. Shoh Mas'ud mahalliy aholi o‘rtasida katta hurmat qozongandi. Ammo uning toliblarga qarshi kurashdagi muvaffaqiyati faqat shu bilangina izohlanmaydi.

«Mas'ud oliy ma'lumotli, fransuz tilida so‘zlashgan, barcha bilan muloyim muomala qilgan, qisqacha aytganda maftunkor shaxs. U shu jihatlari bilan ham o‘ta qo‘pol, savodsiz va fanatik bo‘lgan boshqa dala qo‘mondonlaridan farq qilgan», deya qayd etadi Britaniyadagi Qirollik mudofaa tadqiqotlari instituti vakili, professor Antonio Justotssi.

Bu «Shimoliy alyans» G‘arb davlatlari tomonidan tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlanishiga imkon bergan. Panjsherga Tojikiston orqali o‘q-dori, yoqilg‘i va moliyaviy yordamlar yetkazib berib turilgan.

Toliblar bundan saboq chiqarishdi: bu safar ular dastlab Afg‘onistonning barcha chegara punktlarida nazorat o‘rnatishdi va Kobulga hujum boshlashdan oldin Panjsherni izolyatsiya qilishdi.

Kobul toliblar qo‘liga o‘tgach Washington Post nashrida e'lon qilingan maqolasida kichik Ahmad Mas'ud AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiyani qarshilik harakatiga qurol-yarog‘ yuborib, yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Ammo bu murojaatga haligacha rasman reaksiya bo‘lmadi.

O‘g‘il ota uchun

WAKIL KOHSAR,FRANCK FIFE/AFP VIA GETTY IMAGES

Qarshilik harakatining ko‘p yillik yetakchisi Ahmad Shoh Mas'ud 2001 yilning 9 sentyabrida, Nyu-Yorkdagi teraktlardan ikki kun oldin «Al-Qoida» tomonidan o‘ldiriladi.

Sovetlar va toliblarga qarshi janglarda ko‘p marta o‘limdan omon qolgan dala qo‘mondoni uning qabuliga jurnalistlar qiyofasida kelgan ikki xudkush terrorchi o‘zini portlatishi oqibatida halok bo‘ladi.

Mas'udning o‘g‘li o‘sha vaqtda 12 yoshda edi. Ko‘p o‘tmay u Eronga ketadi va shu yerda maktabni tamomlaydi, u yerdan Buyuk Britaniyaga boradi. Kichik Mas'ud Sendherstdagi harbiy akademiyada tahsil oladi va London Qirollik kollejida harbiy tadqiqotlar sohasida bakalavr darajasini oladi. Ammo ushbu yosh siyosatchida jang maydonlarida orttirilgan harbiy ko‘nikma yo‘q.

Mas'ud o‘z intervyularida uning uchun ustuvor vazifa - qurolli to‘qnashuvlar emas, aynan tinchlik muzokaralari ekanini aytib kelmoqda.

«Afsuski, «Tolibon»ning harakatlari ular inklyuzivlik, tolerantlik, inson va ayol huquqlari ta'minlanishi, demokratik qadriyatlar tarafdori emasligini ko‘rsatmoqda. Bular esa xalqaro hamjamiyat hukumatni tan olishi uchun muhim jihatlardir. Bu esa biz uchun muammo va biz buni qabul qila olmaymiz. Biz izolyatsiyada yashashni istamaymiz, biz mintaqa va dunyo bilan yaxshi munosabatlar o‘rnata olmaydigan hukumatni qabul qila olmaymiz. Bundan tashqari, biz o‘z xalqining huquqlarini inkor etadigan hukumatni qabul qilishimiz mumkin emas», degandi kichik Mas'ud RBK uchun bergan intervyusida.

Ahmad Mas'ud Foreign Policy nashriga bergan intervyusida agar «Tolibon» barcha afg‘onlarga teng huquqlilik taqdim etib, inklyuziv hukumat tuzsa, qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatishga tayyorligini bildirdi. U hokimiyat bo‘linmaydigan va markazlashgan holda qoladigan bo‘lsa, qarshilik kuchlari kurashdan voz kechmasligini ta'kidladi.

«Mening rejam, avvalo tinchlikka erishish, urush va mojarolardan saqlanish yo‘lini topish. Biz 50 yildan buyon tinchlik uchun kurashdik, bizni esa doim urishishga majbur qilib kelishdi. Ammo tinchlik degani taslim bo‘lish hamda Afg‘onistonda adolatsizlik va tengsizlik davom etishiga imkon berish degani emas.

Agar «Tolibon» hokimiyatni barchaga teng taqsimlashga va markazlashmagan hokimiyat tuzilishiga rozi bo‘lsa, biz barcha uchun ma'qul bo‘lgan kelishuv tomon harakatlanishimiz mumkin. Bundan kami esa biz tomonimizdan qabul qilinmaydi va biz adolat, tenglik va erkinlikka erishmaguncha kurashni davom ettiramiz», degan u.

U faqat o‘z xalqining ko‘magiga tayanayotganini ta'kidlagan.

«Meni xalqim qo‘llab-quvvatlamoqda. Odamlarimiz bosqinchilar o‘z hududiga kirishiga va bizni o‘zlariga bo‘ysundirishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu tufayli odamlar ikki yil muqadadm, 2019 yil 5 sentyabrida Dohadagi tinchlik jarayonidan xabar topganlarida [Tramp ma'muriyati vositachiligida boshlangan jarayon] mendan safarbarlik boshlashni so‘rashgandi. Xalqimning qo‘llab-quvvatlovisiz vodiyda qarshilik harakati ham bo‘lmasdi», degan Mas'ud.

Nashrning Afg‘onistonda fuqarolik urushi boshlash qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi haqidagi savoliga javoban yuzaga kelgan holatni fuqarolik urushi deb atash to‘g‘ri bo‘lmasligini aytgan.

«Men buni fuqarolar urushi deb hisoblamayman. Bu urush mamlakatning ichki ishlariga aralashadigan tashqi kuchlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va mustaqil milliy harakat bo‘lmagan guruh bilan kechmoqda. Agar toliblar hokimiyatni barcha bilan bo‘lishishga, adolat o‘rnatishga hamda butun Afg‘onistonga teng huquq va erkinliklar taqdim etishga tayyor bo‘lsa, u holda men chekinaman va siyosatdan ketaman.

Bundan tashqari, Afg‘onistondagi ziddiyat hududiy va global miqyosga ega. Mintaqa davlatlari Afg‘onistondan o‘zaro raqobati uchun maydon sifatida foydalangan, ular proksi urushlarni moliyatlashtirishga tayyor edi.

Bu urushlarning global jihati - xalqaro terrorizmning uyg‘onishidir. Xalqaro terrorizmga qarshi kurash bu kurashni global miqyosga ko‘taradi va aynan shuning uchun biz xalqaro hamjamiyat Afg‘onistondagi ishtirokini davom ettirishi kerak deb hisoblaymiz», degan u.

Afg‘onlar urushdan charchagan

Panjsherga kelgan jurnalistlar va ekspertlar isyonchilarda daradan tashqarida muvaffaqiyatli harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun imkon yo‘q, deb hisoblashadi. Ularning harbiylari soni ko‘p emas va ta'minot tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Yana bir murakkablik - aholi qo‘llab-quvvatlashi borasida.

Mas'ud va uning odamlari Panjsherda so‘zsiz ma'qullanadi, ammo Afg‘onistonning boshqa qismlarida ko‘plar jangni davom ettirishga tayyor emas.

«Men Kobuldagi shifoxonada ko‘cha janglari vaqtida yaralangan bir kishi bilan gaplashdim. U hozirda bo‘layotgan voqealar bo‘yicha fikrlari bilan bo‘lishdi. U isyonchi kuchlar boshqalardan farq qilmasligini aytdi. Hukumat, «Tolibon», isyonchilar - uning uchun bularning bari bir, chunki mojaro qurol bilan hal bo‘lmaydi. U esa shunchaki tinchlik boshlanishini istaydi. Menda shunday taassurot qoldiki, ko‘plab afg‘onlar hozirda urush davom ettirilishidan ko‘ra tinchlikni afzal ko‘rishadi», deydi Times jurnalisti Folkner.

«Hozirda ko‘plab suhbatdoshlarimiz barqarorlikni kafolatlaydigan har qanday hukumatni qabul qilishga tayyorliklarini aytishmoqda. Bunday fikrlar asosan ko‘plab harbiy harakatlar bo‘lib o‘tgan tog‘li hududlardagi afg‘onlar tomonidan bildirilmoqda», deya qo‘shimcha qiladi BBC afg‘on xizmati jurnalisti Sekundar Kirmoniy.

Panjsherdan so‘nggi xabarlar

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, toliblar Panjsher vodiysiga ikki yo‘nalishda hujum qilgan.

30 avgust oqshomida Bag‘lon yo‘nalishida harakatlangan toliblar Andarab vodiysida qarshilik kuchlarining pistirmasiga duch kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Sputnik Afg‘oniston manbasiga ko‘ra, «Tolibon»ning 40ta pikap va «Hamvi» avtomobillaridagi otryadi hujumga uchrab, 85 kishi o‘ldirilgan va 7 kishi asir olingan. Qarshilik kuchlari Xavak tepaligini egallashgan. 

Ko‘p o‘tmay Sputnik Afg‘oniston toliblar Panjsherga hujum qilgani, Jabal as-Sarojdan yo‘nalishida harakatlangan 50 kishilik guruh Panjsherning eng g‘arbiy nuqtasi - Shotol tumaniga kirgani, bu hududda ro‘y bergan qurolli to‘qnashuv oqibatida 10ga yaqin jangari halok bo‘lib, bir pikap yo‘q qilingani haqida xabar berdi. To‘qnashuvdan keyin toliblar chekingan.

CNN telekanali xabar berishicha, qarshilik kuchlari qo‘mondonlaridan biri esa toliblar hujum vaqtida o‘ldirilgan va yaralangan jangarilar soni yuzlab ekanini aytgan.

31 avgust kuni Milliy front vakili Fahim Dashti toliblar Panjsher vodiysiga g‘arbdan hujum qilgani, ammo qarshilikka uchrab chekingani haqidagi xabarni tasdiqladi. Uning ma'lum qilishicha, hujum qilganlarning 7 nafari o‘ldirilgan, himoyachilardan bir necha kishi yaralangan.

Ali Nazariy toliblarning hujumi tomonlar o‘rtasidagi «jyentlmenlik kelishuvi»ning buzilishi bo‘lganini ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarshilik harakati jangchilari toliblarning bir necha zirhli texnikasini ham yo‘q qilgan.

Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, panjsherliklarga qarshi amaliyotga toliblar mudofaa vaziri Kayum Zakerning o‘zi qo‘mondonlik qilmoqda.

«Tolibon» harakati bu ma'lumotlarni hozircha izohlamadi.

Bu vaqtda «Tolibon» vakili Zabihullo Mujohid Kobul aeroportidagi matbuot anjumanida panjsherliklar bilan muzokaralar davom etayotganini aytib, urushdan qochib qutulishning imkoni bo‘lishiga umid bildirdi. Shu bilan birga, RIA Novosti manbasi muzokaralarda ikki tomonning talablari bir-birinikidan keskin farqlanishini qayd etib o‘tgan.

Milliy front katta harbiy yordam olgan

Afg‘oniston armiyasi polkovnigi, 209-armiya korpusining sobiq qo‘mondoni Hanif Rizoiy Sky News uchun bergan intervyusida Panjsherdagi qarshilik kuchlariga xorijdan yordam yetkazib berilgani haqida aytib o‘tdi.

«Hozirda men qandaydir aniq bir manbani ayta olmayman, ammo mutlaqo ishonch bilan aytishim mumkinki, Shimoliy front juda zamonaviy qurollar va texnikalar bilan ta'minlangan. Bunday yordamlar turli joylardan kelishi davom etmoqda», degan u.

Rizoiy AQSh prezidenti Jo Bayden yoki afg‘on armiyasi tomonidan mamlakat toliblarga berib yuborilgani haqidagi ayblovlarni rad etgan va harbiy mag‘lubiyat hamda Kobulning taslim bo‘lishini Afg‘oniston hukumati juda zaif bo‘lgani va korrupsiyaga botgani bilan izohlagan.

Uning fikricha, Ashraf G‘anining Mozori Sharifga tashrifi burilish nuqtasi bo‘lgan, bu yerda mahalliy yetakchilar bilan uchrashgan sobiq prezident ular armiya bilan birga jang qilishi evaziga 180 ming dollarga yaqin pul taklif etgan. Rizoiyning fikricha, bu ushbu hudud va umuman mamlakat himoyasi uchun otlanganlarning shashtini so‘ndirishga xizmat qilgan, xolos.

Mavzuga oid