Qashqadaryoda IIB xodimining kiyimini yirtib tashlagan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 12:45 / 30.08.2021 2636

Ijtimoiy tarmoqlarida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida fuqaro profilaktika inspektoriga faol qarshilik ko‘rsatib, qonuniy talablarini bajarmasdan uning egnidagi xizmat kiyimini tortib yirtgani tasvirlangan videolavha tarqaldi. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu shaxsga nisbatan Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 28 avgust kuni soat 11:00larda Chiroqchi tumani IIB 4-son IIB XPG profilaktika inspektori B.Ko‘paysinovga «Mirzato‘p» MFYda yashovchi fuqaro X.J. qo‘ng‘iroq qilib, Chiroqchi tumani Mirzatup qishlog‘ida joylashgan, haftaning har shanba kuni bo‘ladigan Uyshun dehqon bozorida ikkita fuqaro o‘zaro janjallashayotganini aytgan.

Shundan so‘ng ushbu bozorda xizmat olib borayotgan B.Ko‘paysinov voqea joyiga borganda Chiroqchi tumani Uyshun qishlog‘ida yashovchi fuqaro B.D. tumanning Arabbandi qishlog‘ida yashovchi fuqaro O.B. bilan o‘zaro og‘zaki tortishib janjallashayotgan bo‘lgan. Janjal vaqtida B.D. fuqaro O.B.ning yuz sohasiga urib tan jarohati yetkazgan.

Qayd etilishicha, B.Ko‘paysinov ushbu fuqarolarni tinchlantirmoqchi bo‘lganida fuqaro O.B. unga faol qarshilik ko‘rsatgan. IIB xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan profilaktika inspektorini haqorat qilib, egnidagi xizmat kiyimini tortib yirtib, unga tan jarohati yetkazgan. Holat bo‘yicha fuqaro O.B. tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda mastlik holati aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan O.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. U Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda Chiroqchi tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: