Oliy sud Ibrohimbek qo‘rboshini oqladi. «Laqaylik Robin Gud» tarixi

Jamiyat 13:06 / 29.08.2021 112660

Dala qo‘mondoni, qo‘rboshi Ibrohimbek sovet tarixiga «bosmachilar harakati»ning eng mashhur yetakchisi sifatida kirgan. U o‘tgan asrning 30-yillarida sovet hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borgan.

Ko‘p yillar davomida u sovet kinosining eng asosiy «zolim»laridan va sovet adabiyotining antiqahramonlaridan biri - «bosmachi» sifatida gavdalangan. Ba'zilar uchun u murosasiz dushman bo‘lsa, boshqalar uchun istiqlol kurashchisi timsoli edi.

Ibrohimbek yillar davomida sovet hukumatiga qarshi kurashdi. So‘ngra, qarshilik ko‘rsatish va urushni davom ettirish befoyda ekanini tushunib, taslim bo‘ldi. Hibsga olindi va otib tashlandi. Oradan 90 yil o‘tgach sud tomonidan oqlandi.

Ibrohimbek lashkarlari (foto RIA-Novosti)

Kurashning boshlanishi

Ibrohimbek 1889 yilda Buxoro amirligi tarkibiga kiruvchi Dushanbe shahri yaqinidagi Ko‘ktosh qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Chaqaboy o‘zbeklarning laqay urug‘iga mansub, o‘z qishlog‘ining oqsoqoli, ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, Buxoro armiyasida to‘qsabo (polkovnik) yoki amirlik amaldorlaridan edi.

Ibrohimbek 1,5 yil davomida madrasada o‘qiydi. O‘zining tan olishicha, o‘qishni biroz biladi, ammo yozishni o‘rgana olmaydi.

1920 yili Turkistonda sovet hukumati o‘rnatiladi. Buxoro amiri Said Olimxon taxtni tashlab, Afg‘onistonga qochadi.

Yangi hukumat ma'muriy binolar yo‘qligi tufayli madrasalar, masjidlar va boshqa jamoat joylarini egallay boshlaydi. Aholining g‘amlab qo‘ygan oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechagi armiya ehtiyojlari bahonasida tortib olinadi. Uy-joylar va boshqa bostirmalarning yog‘och qismlari buzib olinib, o‘tin sifatida ishlatiladi. Qarshilik qilishga uringanlar surgun yoki qatl etiladi.

Oqibatda, 1921 yil bahorida Sharqiy Buxoroda (Hisor, Qo‘rg‘ontepa, Ko‘lob, Qorategin, hozirgi markaziy va janubiy Tojikiston) mahalliy qabila boshliqlari va diniy ulamolar rahnamoligida qizil armiya va sovet hukumatiga qarshi qo‘zg‘olon boshlanadi. Isyon yetakchilari barcha qabila va qavmlarni dushmanga qarshi kurashib, vatanni ozod qilishga, istiqlol bayrog‘i ostida birlashishga, Said Olimxonni taxtga qaytarib, amirlikni tiklashga chaqirishadi.

Laqay urug‘i vakillari ham Ibrohimbekning qaynotasi Abduqayum Parvonachi boshchiligida qo‘zg‘olonchilarga qo‘shilib, inqilobchilar va sovet hukumatiga qarshi kurashni boshlaydi. Ammo tez orada qo‘mondon betob bo‘lib qoladi. Qaynotasining o‘rnini esa yosh Ibrohimbek egallaydi.

Aynan uning boshchiligida laqayliklar qo‘zg‘olonchilarning yetakchi guruhiga aylanib olishadi. Ibrohimbek Vaxsh daryosi qirg‘og‘i, Dushanbe atrofi va Hisordagi janglarda g‘alaba qozonib, mohir qo‘mondon sifatida obro‘ orttiradi. Uning rahbarligida Qorategin, Darvoza, Baljuvon, Ko‘lob va Jiliko‘lda sovet hukumati bartaraf qilinadi.

Qizil armiya askarlari (Foto: Georgiy Zelma / RIA Novosti )

Dushanbe voqealari

1921 yilda Ibrohimbek Dushanbeni qamal qiladi. Shaharni qizil armiyaning 7-o‘qchi polki tarkibidagi 2ta garnizon jangchilari himoya qilishayotgandi.

Uzoq vaqt davom etgan qamal sovet askarlari sillasini quritib, ochlik, turli kasalliklar, suv va dori yetishmovchiligini keltirib chiqaradi. Natijada, Buxoro Xalq Respublikasi Markaziy ijroqo‘mi raisi Usmon Xo‘jayev va RSFSR konsuli Nagorniy Dushanbega yetib kelib, Ibrohimbek bilan sulh tuzishga majbur bo‘lishadi.

Qizil armiya jangchilari Dushanbeni zudlik bilan tark etishadi. Qo‘rboshi esa amalda Sharqiy Buxoroning to‘laqonli hokimiga aylanadi.

Ammo bu qaror noto‘g‘ri ekanini qo‘rboshi tez orada bilib oladi. Shu yil kuz oylarida qizil armiya katta kuch to‘plab Sharqiy Buxoroga qaytadi va qo‘zg‘olonchilarni tor-mor etadi. Ibrohimbek jangchilari bilan Afg‘onistonga chekinishga majbur bo‘ladi.

Buxoro Xalq Respublikasi xaritasi. Qizil chiziqlar bilan Sharqiy Buxoro ajratib ko‘rsatilgan.

Anvar Poshoning kelishi va u bilan ziddiyat

Buxoro amiri Said Olimxon Afg‘oniston poytaxti Kobulda qo‘nim topgan bo‘lsa-da, Ibrohimbek bilan doimiy aloqa o‘rnatib, uni qo‘llab-quvvatlab turgan. 1922 yili u qo‘rboshiga ko‘mak berish maqsadida turkiyalik mashhur harbiy qo‘mondon Anvar Poshoni Sharqiy Buxoroga yuboradi.

Biroq, Anvar Poshoning ozodlik harakatini birlashtirib, unga o‘zi rahbarlik qilishga urinishi Ibrohimbekka yoqmaydi. Turkiyalik qo‘mondon qisqa muddat davomida bir qancha g‘alabaga erishgan bo‘lsa-da, qo‘rboshi uni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortadi. Avgust oyida Anvar Posho qizil armiyaga qarshi jangdagi mag‘lubiyatda askarlarining katta qismidan ajralib, Afg‘onistonga chekinayotganida halok bo‘ladi.

Afg‘onistonga ko‘chib o‘tish

1922 yilda Ibrohimbek lashkarlari bilan Afg‘onistonga, Xonobod qishlog‘iga ko‘chib o‘tadi. U Hisorda qo‘rboshilar qurultoyini o‘tkazib, ularning yetakchisiga aylanib oladi.

Ibrohimbekning ko‘p sonli jangchilari oilalari bilan Afg‘oniston shimoliga, Aliobod, Toluqon, Xonobod, Chordara va Oqtepaga o‘rnashib olishadi. Qo‘rboshi bu joylarni o‘z lashkarlarining ta'minot bazasiga aylantirib, sovet hukumatiga qarshi muntazam hujum uyushtirishda tayanch nuqtasi sifatida foydalanadi.

1924-1925 yillarda Ibrohimbek Sharqiy Buxoroga yangi yurishlarni uyushtirgan bo‘lsa-da, muvaffaqiyat qozona olmaydi. 1926 yil yozida qizil armiya tomonidan tor-mor etilib, yana Afg‘onistonga chekinadi.

Afg‘oniston hukumati bilan ziddiyatlar

Afg‘oniston amiri Muhammad Nodirshoh Ibrohimbek lashkarlarining shimoliy hududlarda qo‘nim topishini mamlakat yaxlitligiga tahdid sifatida ko‘rgan. Bu bejiz emas edi.

Sovet razvedkasi ma'lumotiga ko‘ra, Ibrohimbek Afg‘oniston shimoli-sharqida mustaqil o‘zbek-tojik davlatini tuzib, Said Olimxonni taxtga ko‘tarish rejasini tuzgan. Buni amalga oshirish maqsadida 1930 yili Qatog‘on va Badaxshon viloyatlarida shohga qarshi xalq qo‘zg‘olonlarini boshlagan.

Bu voqealar va sovet hukumati diplomatiyasi Nodirshohni kutilmagan qarorga majburlaydi. 1930 yil yozida u qizil armiya mamlakatning shimoliy hududlariga kirib, qo‘rboshiga qarshi yurish qilishiga rozi bo‘ladi.

Oqibatda Yakov Melkumov qo‘mondonligidagi sovet jangchilari Afg‘onistonga kirib, bosmachilarning tayanch bazalarini yakson qiladi. Ibrohimbek esa tog‘li hududlarga qochib, yashirinishga majbur bo‘ladi.

Qo‘rboshining tirik qolganidan g‘azablangan Nodirshoh 1930 yil kuzida uning ortidan o‘z armiyasini yuboradi. Harbiy harakatlar keng miqyosda o‘tkazilsa-da, mahalliy hukumatga samara bermaydi. Tog‘li hududlarda o‘zini suvdagi baliqdek his qiladigan qo‘rboshi lashkarlari nafaqat omon qolishgan, balki tez orada avvalgi mavqeini tiklab olishgan.

Qizil armiya afg‘on yurishida

Ikki frontdagi janglar

Ibrohimbek afg‘onistonlik o‘zbeklar va tojiklar ko‘magida qisqa vaqt ichida 2,5 ming kishilik yangi lashkar to‘playdi. Eron va Afg‘oniston hududidagi qo‘rboshilarni birlashtirishga urinadi. Shuningdek, SSSR hududiga bostirib kirishga ko‘p marta harakat qiladi. Ammo, bir vaqtning o‘zida Nodirshoh tomonidan unga qarshi yuborilgan pushtun jangchilari bilan to‘xtovsiz kurashishga majbur bo‘ladi.

Harbiy yurishlarda mahoratini toblagan Ibrohimbek pushtunlarga osonlikcha qaqshatqich zarbalar beradi. Qisqa vaqt ichida shoh armiyasi 3 mingdan ortiq jangchisidan ayriladi, qo‘rboshi Rustak, Chohi-ob, Toluqon, Imom-Sohib qishloqlariga o‘z noiblarini tayinlaydi.

Nodirshoh janglarda mag‘lub bo‘lgach, qo‘rboshini tinchitish uchun Said Olimxonni ishga solib ham ko‘rgan. Sobiq amir Ibrohimbekka qurolni tashlab, Kobulga yetib kelishni taklif etgan. Evaziga shimoliy viloyat hokimligini va'da qilgan.

Ibrohimbek bu taklifni haqorat va tuzoq deb qabul qiladi. Qabiladoshlari va ittifoqdosh turkman qo‘rboshilari bilan maslahat qilib, taklifni rad etgan.

Buxoroning so‘nggi amiri Said Olimxon (foto S. M. Prokudin-Gorskiy)

Qo‘rboshining kuchsizlanishi 

Afg‘on armiyasining ketma-ket mag‘lubiyatlari ortidan Nodirshoh Angliyadan yordam so‘raydi. Inglizlar «Afg‘on Robin Gudi»ni bartaraf qilish uchun Kobulga katta miqdorda moliyaviy mablag‘ ajratib, qurol-yarog‘ bilan ta'minlashadi. Armiya pushtun va hazor qabilalari jangchilari bilan kuchaytiriladi.

Afg‘on harbiylari sovet hukumati ta'qibidan qochib, shimoliy hududlarga o‘rnashib olgan, Ibrohimbekdan panoh topgan o‘zbek, tojik va turkmanlarga qarshi qirg‘in boshlaydi. Qishloqlar vayron qilinadi, uylar talanadi. Oqibatda, mamlakat shimoli (o‘zbek, tojik, turkmanlar, Qatog‘on va Badaxshon viloyatlari) va janubi (asosan pushtunlar) o‘rtasida millatchilik ruhidagi ziddiyat kuchayadi.

Afg‘on armiyasining muntazam ravishda mablag‘, qurol-yarog‘ va jangchilar bilan ta'minlanishi o‘z mevasini beradi. 1931 yil mart oyida Afg‘oniston mudofaa vaziri Mahmudxon Toluqon qishlog‘i yaqinida Ibrohimbekning katta guruhiga qaqshatqich zarba berib, 315 jangchisini yo‘q qiladi. Qo‘rboshi esa Xonobodni tark etib, chegaraga chekinadi. Xonobodda markaziy hokimiyat tiklanadi. Mahmudxon qo‘rboshining asirga tushgan 35 jangchisini omma oldida qatl etadi.  

Ibrohimbek turkman qo‘rboshisi Qizil Oyoqdan ko‘mak so‘rab, lashkar to‘plab, zudlik bilan Xonobodga qaytishni rejalashtiradi. Biroq, afg‘on hukumati bilan maxfiy kelishuvga erishgan Qizil Oyoq yordam berishni istamaydi. Bu qaror Ibrohimbek va Nodirshoh qarama-qarshiligi taqdirini uzil-kesil hal etib, qo‘rboshini halokatga mahkum qiladi.

Afg‘on jangchilari (foto Regnum)

So‘nggi yurish

1931 yilning mart oyi o‘rtalariga kelib, shoh armiyasi va pushtun qabilalari Ibrohimbek lashkarlarini butun shimol bo‘ylab ta'qib qilishadi, hatto, nafas rostlab olishga imkon berishmaydi.

Uni qo‘llab-quvvatlab turgan mahalliy aholi ham to‘xtovsiz janglardan charchab, o‘zini chetga oladi. Yolg‘iz qolgan qo‘rboshining kuch va imkoniyati nihoyasiga yeta boshlaydi.

Ibrohimbek shimolga, Amudaryo qirg‘og‘iga qaytishga majbur bo‘ladi. Uning oldida ikki yo‘l bor edi: daryoni kechib o‘tib, sovet hukumatiga qarshi kurashni davom ettirish, ammo zarur paytda Afg‘onistonga chekinish imkoniyatidan mahrum bo‘lish yoki Afg‘onistonda qolib, shoh hukumatiga qarshi ma'nosiz urush olib borish.

Qo‘rboshi Kaptarali qishlog‘ida lashkarlarini to‘plab, maslahat qiladi.

«Sovet hududiga o‘tamiz, u yoqda esa ko‘ramiz, agar aholi yordam bersa, kurashni davom ettiramiz. Agar yordam bermasa, taslim bo‘lish haqida muzokara o‘tkazamiz», deydi u (Ibrohimbek Chaqaboyevga nisbatan ochilgan №123469 jinoyat ishi, 36-sahifa).

Qo‘rboshining bu qarorini tushunish mumkin, u xorijdagi dindoshlari bilan qirpichoq bo‘lish uchun emas, balki vatan ozodligi yo‘lida kurashga otlangan askar edi.

«Meni afg‘onlar emas, bolsheviklar o‘ldira qolsin», deydi u va 1931 yil aprel oyida 1,5 mingga yaqin jangchisi bilan Sharqiy Buxoroga qaytadi.

Ibrohimbekning muvaffaqiyatga oz bo‘lsa-da umidi bor edi. U so‘nggi yillarda kolxozlashtirish siyosati oqibatida zarar ko‘rgan va sovet hukumatiga xusumati bor mahalliy aholining yordamini kutgandi.

Biroq, unday bo‘lib chiqmadi. 1931 yil yoziga kelib, qizil armiyaga qarshi kuchlar teng bo‘lmagan janglarda Ibrohimbek ko‘plab odamlaridan ayriladi. Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, 1224 jangchisi o‘ldirilgan, 75 nafari asir olingan, 314 jangchi qurolini tashlab, taslim bo‘lgan.

Asirga olingan Ibrohimbek qizil askarlar qurshovida

Asirlik va qatl

1931 yil 23 iyun kuni Kofarnihon daryosini kechib o‘tishda Ibrohimbekning holdan toygan askarlari qizil armiyaning Muqum Sultonov boshchiligidagi maxsus guruhi pistirmasiga duch keladi. Qo‘rboshi jangda yaralanib, asirlikka olinadi. Uni qo‘lga olishda mashhur o‘zbek generali Sobir Rahimov ham ishtirok etgan va keyinchalik qizil yulduz ordeni bilan taqdirlangan.

42 yoshli Ibrohimbek maxsus soqchilar nazoratida Toshkent shahriga olib ketiladi. 1931 yil 31 avgust kuni sovet hukumati dushmani sifatida oliy jazoga – o‘limga mahkum qilinadi. Jazo zudlik bilan amalga oshirilib, otib tashlanadi.

 Hibsga olingan Ibrohimbek Toshkentga jo‘natilish arafasida. (Stalinobod, hozirgi Dushanbe, 1931 yil)

Sud va reabilitatsiya

2021 yil 25 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida mustabid sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar shaxsni oqlash yuzasidan 6ta jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqildi.

Ularning orasida Ibrohimbek va uning 15 nafar izdoshiga aloqador ish ham bor edi. Oliy sud mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmagani, jinoyat ishida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emasligini aniqladi va Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan Ibrohimbek va u bilan birga otib tashlangan 15 nafar shaxsni oqlash haqida hukm chiqardi. Ularning ismi-sharifi: Abduqayum Parvonachi Ulayev, Eshon Isoxon Mansurxonov, Alimardon Dodhoh Muhamedov, Sulayman Salohiddinov, Ko‘r Ortiq Ashirov, Mulla Niyoz Parvonachi Hakimov, Mulla Ahmadbey Saidov, Toshmat Xo‘ja Berdiyev, Azim Marka Ostonaqulov, Quvganbek Sheraliyev, Shohasan Imonqulov, Mirzaqayum Cherov, Quvgan Kenjayev, Olot Polvon Elmirzayev, Eshon Polvon Bahodirzoda.

Ibrohimbek kim?

Ibrohimbekni katta harbiy-siyosiy harakat yetakchisi deyish mushkul. U shunchaki «ijtimoiy kurashchi» edi. Qo‘rboshi o‘zida qashshoq, ezilgan va aldangan aholining erkinlik, qahramonlik va adolatga bo‘lgan ko‘p asrlik intilishini mujassamlashtirgan. Ommaviy safarbarlik to‘lqini ta'sirida ko‘tarilib, dehqonlarcha sustkashlikka, itoatkorlik va harakatsizlikka qarshi chiqqan. 

Mustamlakachilarga qarshi ozodlik harakati (sovet talqiniga ko‘ra «bosmachilik») Amudaryo qirg‘oqlari va Hindukush etaklarida «qizil inqilob» olovini o‘chira oldi, garchi o‘z oldiga bunday maqsadni qo‘ymagan bo‘lsa-da. Mana shu jihati bilan jahon tarixida muhim iz qoldirdi.

Ammo isyonchilarning Markaziy Osiyoni ozod qilishga qo‘shgan hissasi amalda katta bo‘lmadi. Bu harakat ozodlik va mustaqillik kabi qadriyatlarning borligini ko‘rsata oldi, biroq bunga qanday erishishni bilmas edi.

Ibrohimbek va izdoshlarining oqlanishi uning shaxsi va faoliyatini chuqurroq o‘rganish uchun tarixchilarga yangi imkoniyatlar taqdim etishiga shubhalanmasa ham bo‘ladi. Umid qilamizki, u haqdagi qissaga hali so‘nggi nuqta qo‘yilmadi.

Nurmuhammad Said tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: