Toshkent shahar transport boshqarmasi poytaxtdagi ba'zi avtobus yo‘nalishlarining xususiylashtirilayotgani to‘g‘risidagi xabarlar hamda ushbu holat yuzasidan turli fikr-mulohazalarga javoban rasmiy munosabat bildirdi.
Ta'kidlanishicha, yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini tashuvchi korxonalarga tender orqali biriktirish – bu mazkur yo‘nalishlarning xususiylashtirilganini anglatmaydi.
Bildirilishicha, bu jarayon yo‘lovchi tashish yo‘nalishini aniq bir korxonaga o‘rnatilgan talablarga (yo‘nalish sxemasiga, harakat jadvaliga, oraliq intervallariga, yo‘lkira tariflariga, tibbiy, texnik va boshqa talablarga) qat'iy rioya qilishni hamda ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlikni yuklab, yo‘lovchilarga transport xizmati ko‘rsatish huquqini muayyan muddatga berishdir.
Shuningdek, xabarda kelgusida yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarida yana “Damas” rusumli avtomobillarning paydo bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar ham asossiz ekani ma'lum qilingan.