Qarshi shahrida joylashgan tungi klublardan birida ikki nafar mijoz o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Ulardan biri ikkinchisini urayotgan paytda klub xodimi unga oshxona pichog‘i bilan zarba bergan. Oqibatda, mijoz og‘ir tan jarohatlari olib shifoxonada vafot etgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 23 avgust kuni soat 20:30larda Sh.R. o‘rtog‘i bilan Qarshi shahridagi tungi klublardan biriga ovqatlanish uchun borgan. Ovqatlanish paytida Sh.R. klubdagi boshqa bir mijozga «nima sababdan menga yomon qarayapsan?» deb, uni klub hojatxonasiga olib kirib, qo‘llari bilan ko‘krak sohasidan mushtlab urayotganda, klub ishchisi A.K. kelib qolgan. A.K. kelgusida janjal kelib chiqishining oldini olish maqsadida Sh.R.ni tinchlantirishga harakat qilganda, Sh.R. qo‘li bilan A.K.ni itarib yuborgan.
Shundan so‘ng A.K. klub barida turgan oshxona pichog‘i bilan Sh.R.ning hayoti uchun xavfli bo‘lgan chap tomon ko‘krak qismiga bir marta urib, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda, og‘ir tan jarohati olgan Sh.R. shifoxonada vafot etgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 24 avgust kuni Qarshi shahar prokurori tomonidan A.K.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchi Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlangan. Jinoiy ish bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.