Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Esda qolarli jumlalar va tilga olinmagan mavzular. Tadbirkorlar – prezident bilan uchrashuv haqida
20 avgust kuni prezident ilk bor biznes vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Kun.uz tadbirda qatnashgan tadbirkorlardan to‘rt nafariga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
Suhbatdoshlarimiz – Office Market, Deli va Dekos kompaniyalari asoschilari, MFaktor loyihasi mualliflari Hasan va Husan Mamasaidov, “Arzon Apteka” brendi marketing menejyeri Nigora Akilova va PDP akademiyasi asoschisi Odilbek Mirzayev.
Prezident nutqidagi qaysi gaplar siz uchun muhim va esda qolarli bo‘ldi va nima uchun?

Hasan Mamasaidov: — “Xorij valutasidagi qarzdorliklarni so‘mga o‘tkazib beramiz”, degan gaplari e'tiborimni tortdi. Chunki tajribamizda bizni 3 marta bankrotlik nuqtasiga olib kelgan muammo aynan shu bo‘ladi. Biznesni 1994 yil boshlagan paytimiz, 2005 va 2015 yilda yegan zarbalarimiz – so‘m devalvatsiyasi biznesimizni jar yoqasiga olib borgan.
Nafaqat bizda, balki ko‘p holatlarda aynan chet el valutasidagi qarzlar – tadbirkorlarni inqirozga olib ketadigan omil.
Husan Mamasaidov: — Eng esda qoladigani tadbirkorlar kunining belgilanishi bo‘ldi. Hamma soha vakillarining kuni bo‘lgan, lekin bu qatlamga qaratilgan e'tibor esda qolarli yangiliklardan biri bo‘ldi. Har yili 20 avgust tadbirkorlar kuni bo‘lib, prezident biznes vakillari bilan uchrashib tursa ham ko‘plab masalalarning ko‘tarilishiga, sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlarning e'tirof etilishiga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman.
Nigora Akilova: — Bitta gapni juda yaxshi eslab qoldim: “Qaror emas, qonun ishlasin”. Chunki qonun chiqqandan keyin u hamma uchun bir xilda ishlashi kerak. Bizning juda katta muammomiz qonun chiqqach, nechta qarorlar chiqib, qonunni de-fakto nolga chiqarib yuboradi.
Har xil davlat korxonalari monopoliyasiga berilgan imtiyozlardan uzoqlashish kerak. Menga juda ta'sir qildi shu gap.

Odilbek Mirzayev: — Prezident meni tanishini aytgani eng esda qolarli jumla bo‘ldi men uchun. O‘zimni tanishtirganimdan so‘ng: “Men televizorda ko‘rdim sizni”, deganlari men uchun “syurpriz” bo‘ldi.
Bundan tashqari, loyihalarimiz asosida Vazirlar Mahkamasi qarori chiqarilishi bo‘yicha topshiriq berganlari kutilmagan qaror bo‘ldi. Hatto “O‘zim nazorat qilaman”, dedilar.
Muloqotdan oldin yoki muloqot chog‘ida prezidentga qanday muammo yoki takliflar bilan murojaat qildingiz?
Hasan Mamasaidov: — Hamma narsaning orqasida ilm yoki ilmsizlik, muvaffaqiyat yoki muvaffaqiyatsizlik bo‘lishini anglab shunga jon kuydirib harakat qilib kelganmiz. MFaktor studiyasidan prezidentga murojaat qilish imkoniyati paydo bo‘lganida, mamlakat bo‘ylab biznes inkubatorlarni rivojlantirish taklifini berdik.
Yurtboshimiz: “Sizlar o‘ziga xos bir poligon – tajriba maydoni o‘tadinglar, bir-birimizga yordam bersak, butun respublika miqyosida shu sohani targ‘ib qilsak, jahon tajribasini o‘rganib biznes inkubatorlarni tatbiq qilsak”, – dedilar. “Mablag‘dan biz yordam qilamiz: binolarni tekinga beramiz, sharoitini yaratib beramiz. Ijtimoiy qatlam bor, puli yo‘q; pul to‘lab bilim oladiganlar bilan birga bilimga puli yo‘q qatlamga ilm berish uchun sharoitini biz yarataylik, tajribani o‘rgatish sizlardan bo‘lsin”, – dedilar.
Bu albatta katta mas'uliyat, biz bu amalga oshishini tasavvur qilmagandik, kelajakka umidimizni oshirdi.

Husan Mamasaidov: — Bir oy oldin shunaqa muloqot bo‘lishini bilgandik, ya'ni xabar berilgandi. Takliflarni berdik. Ko‘proq soliq, moliyalashtirish, islom moliyasiga oid takliflar bergandik. Bu narsalarga navbat yetmadi-yu, ko‘p muammolarga tizimlashtirilgan tartibda yechimlar aytildi.
Biz tadbirkorlar yuz foizga emas, nolga nisbatan solishtiramiz. Ya'ni men uchun kechagi muloqot nolga nisbatan muammolarning yarmi bo‘lsa ham ko‘tarilgani plyus hisoblanadi.
Soliqlar stavkasi va islom moliyasini tatbiq etish bo‘yicha takliflarimiz bor edi. Men taklif sifatida bergan QQSni kamaytirish va islom moliyasi mavzulariga to‘xtalinmadi, lekin boshqa takliflar ko‘tarildi.
Nigora Akilova: — Muloqotdan oldin venchur qonuni haqida taklif bergandim. IT sohasida investitsiyalarni kengaytirish uchun bizga albatta venchur qonuni kerak. Lekin bu 35 million aholi kuzatadigan katta sammitda beriladigan savol emas. Chunki u menga va startap boshlamoqchi bo‘lganlar uchun qiziq bo‘lishi mumkin, lekin boshqalarni qiziqtiradigan tizimli muammo emas.

Ikkinchisi, IT sohasiga oid: O‘zbekistonda qaysidir hududda – ehtimol IT-parkda, British law (britan huquqi) degan hududni yaratish. Bizda ko‘p investitsiyalar shu narsa yo‘qligi uchun ham to‘xtab turibdi. Buyuk Britaniya qonunchiligi asosida ishlayotgan hudud Astanada bor, bizda esa yo‘q. Bu muammo tez hal bo‘ladigan masala emasligini bilaman.
Prezident bilan muloqotda: “Hozir siz tadbirkor bo‘lsangiz, qaysi sohani tanlagan bo‘lar edingiz”, degan savolni berdim. Taxminim bo‘yicha ular “IT sohasi” deyishlarini kutgandim va mana shu sohaga e'tibor kattaroq bo‘lardi.
Ular: “Men sizlarga sharoit, imkoniyat yaratay. Sizlar hamma yo‘nalish bo‘yicha zo‘r tadbirkor bo‘lsangiz, men sizlardan minnatdorman”, deb javob berdilar. Bu men kutgandan boshqacha bo‘lsa-da, asosli javob. Ya'ni hamma o‘z ishi bilan shug‘ullangani yaxshiroq.
Odilbek Mirzayev: — Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida davlat rahbariga PDP Academy IT maktabi erishgan yutuqlari va kelgusi 5 yil ichida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab bergan edim. Shavkat Miromonovich so‘zlarimni diqqat bilan tinglab, ushbu loyihalarni yo‘lga qo‘yishda davlat tomonidan yordam ko‘rsatilishini bildirdilar.
Maqsadimiz shundan iboratki, yaqin 5 yil ichida 100 mingdan ziyod o‘zbek yoshlarini dasturlash, IT sohasiga o‘qitib, ylarni kamida 2000 dollar maosh oladigan kadrga aylantirish. Bu albatta O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti ko‘rsatkichlarida ham o‘z aksini topadi. Bunga erisha olishimizga ishonaman.
“Hali ko‘p qonunlarimiz tadbirkorlarga ma'qul emasligini tan olishimiz kerak”, dedi prezident o‘z nutqida. Tadbirkor sifatida siz qonunchilikdagi qaysi normalar o‘zgarishini istagan bo‘lardingiz?
Hasan Mamasaidov: — Ochig‘i, bu taklifimni muloqotda ham aytolmadim. Yoshligimizda do‘konning go‘shti bo‘lardi: do‘konning go‘shti deganda halol-harom qadriyat nuqtayi nazaridan qaralardi.
Bugungi kunda ko‘p insonlar bilan gaplashganimizda kreditni qadriyat nuqtayi nazaridan olmayman degan fikrni bildiradi. Kecha shu mavzu ochilmadi-yu, kelajakda alohida urg‘u berilsa, valutadagi kreditni so‘mga o‘zgartirgandan-da yaxshiroq ish bo‘lgan bo‘lardi. Yuzlab emas, minglab odamlarga foydali bo‘lardi. Bu – O‘zbekistonda islom banklarini rivojlantirish. Yevropa va boshqa Osiyo mamlakatlarida islom bank tizimi bor.
Foizga bankka pul qo‘ymaydigan va olmaydigan qatlam bor. Shu nuqtayi nazaridan islom bank tizimiga kelajakda e'tibor qaratilishi iqtisod rivojiga ta'sir qiladigan omil bo‘lar edi.
Husan Mamasaidov: — Islom moliyasining O‘zbekistonga kirib kelishi uchun huquqiy asos tezroq ishlab chiqilsa, yana ko‘plab resurslar O‘zbekistonga kirib kelishiga turtki bo‘ladi deb o‘ylayman. Jamiyatimizning katta qismi musulmonlar va aksariyatining pulini bankka qo‘yishga, foizga banklardan pul olishga ishtiyoqi yo‘q. Islom moliyasi rivojlantirilsa, xalq puli ham tezroq islom banki instrumentlariga joylashishi, tadbirkorlar ham shu instrumentlardan foydalanish imkoniyatlari kengayardi.
Nigora Akilova: — IT sohasida hamma normalarni o‘zgartirgan bo‘lardim. Masalan, O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga doir ma'lumotlarni mamlakat hududida saqlash to‘g‘risida qonun qabul qilindi. Bunga katta o‘zgartirish kiritish kerak. Odamlarning shaxsiy ma'lumotlarini faqat O‘zbekistondagi serverlarda saqlash kerak degan qonun shunchaki kulgili tuyuladi.
Qolaversa, MChJlar to‘g‘risidagi qonun ko‘rib chiqilishi kerak deb o‘ylayman. Chunki bu IT sohasidagi hech qanday biznes modellarga to‘g‘ri kelmaydi.
Odilbek Mirzayev: — Hozirda O‘zbekistonda deyarli barcha sohalarda tadbirkorlik uchun qulay imkoniyatlar yaratilmoqda. Lekin bitta narsaga e'tibor qaratishni so‘ragan bo‘lar edim. Yaqinda “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga yangi modda qo‘shildi. Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va jahon internet-kompaniyalaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma'lumotlarini O‘zbekiston hududidagi serverlarda joylashi talab etildi. Hozir qonunga ko‘ra, agar kompaniya bunday ma'lumotlarni O‘zbekistonda saqlamasa, bu qonunbuzarlik hisoblanadi. Bu qonun IT-sohasi rivojlanishiga to‘siq bo‘lishi mumkin. Buni qanchalik rivojlanishga ta'sir qilishini o‘rganish kerak. Fikrimcha, bunday cheklovlar rivojlanishni faqat sekinlashtirishi yoki to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Bu, shuningdek, yangi platforma yaratishimizga ham halaqit beryapti. Masalan, ushbu modda Aws (Amazon Web Services), Azure tizimlari bilan ishlashimizga to‘siq bo‘lmoqda.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid

14:35 / 18.02.2025
“Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etiladi

11:50 / 18.02.2025
Namanganda gazdan o‘g‘rincha foydalanib kelgan tadbirkor aniqlandi

18:54 / 17.02.2025
«Qat’iy belgilangan AOS korrupsiyaning oyog‘iga bolta urgandi, endi uni bekor qilishmoqchi» – soliq maslahatchisi

22:20 / 11.02.2025