Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida o‘tkazilgan «Xavfsiz tuman» va «Qoradori-2021» tadbirlarida ko‘plab qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Jumladan, o‘z tomorqasida 25 tup kannabis o‘stirib kelayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati IIB, Milliy gvardiya va ko‘plab jamoatchilik vakillari ishtirokida aholi tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida Sho‘rchi tumanida «Xavfsiz tuman» va «Qoradori-2021» tadbirlari o‘tkazilgan.
Tadbirlar davomida ko‘plab qoidabuzarliklar va jinoyatlar aniqlangan.
Jumladan:
Pasport-viza qoidalariga amal qilinishini o‘rganish bo‘yicha 2046 ta xonadon o‘rganilib, tekshirish davomida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning:
- 47-moddasi 1-qismiga asosan bitta;
- 54-moddasi 1-qismiga asosan 103 ta;
- 183-moddasi 1-qismiga asosan 5 ta;
- 185-moddasi 2-qismiga asosan 2 ta;
- 187-moddasi 1-qismiga asosan 17 ta;
- 188-moddasi 1-qismiga asosan bitta;
- 190-moddasi 1-qismiga asosan bitta;
- 201-moddasi 1-qismiga asosan bitta;
- 206-moddasiga asosan 2 ta va boshqa turdagi 93 ta ma'muriy huquqbuzarliklar aniqlanib, 223 nafar huquqbuzar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi, 2 nafariga nisbatan ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Shuningdek, yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan 809 ta avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi hamda YHXB yo‘nalishida 141 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, shundan 44 tasi qo‘pol qoidabuzarliklarni tashkil qiladi, shuningdek 14 ta avtotransport jarima maydoniga joylashtirilgan.
Qayd etilishicha, Sho‘rchi tumani Navro‘z mahallasida yashovchi shaxs yashash xonadonida 25 tup kannabis giyohvandlik o‘simligini o‘stirib kelayotgani aniqlangan. Bundan tashqari, 44 yoshli mazkur shaxsning xonadoni tegishli tartibda ko‘zdan kechirilganda u yerdan quritilgan kannabis ham topilgan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Sho‘rchi tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.