Oila gardaniga birin-ketin taqdir sinovlari tushadi. 2014 yilda oila boshlig‘i Rahmatilla aka to‘satdan vafot etadi. Otasi vafot etganida Kamoliddin 6 yoshda edi. Shundan so‘ng ro‘zg‘or tebratish Bahridil opaning zimmasiga tushadi.
Lekin bu ko‘rgiliklarning hammasi emas ekan. Oilani bundan-da og‘ir, sinovli kunlar kutib turgandi.
Uch yil muqaddam Bahridil opaga suyak yemirilishi tashxisi qo‘yilib, u to‘shakka mixlanib qoladi. Bu kasallik uning II guruh nogironi bo‘lishiga olib keladi. 7-sinfda o‘qiyotgan yolg‘iz o‘g‘li Kamoliddin butun mas'uliyatni his qilib, bu dunyodagi yagona suyanchig‘i xasta onaizoriga g‘amxo‘rlik qila boshlaydi.
Kamoliddin maktabdan keyin baliqxonada ishlaydi. Qo‘liga 3-4 so‘m tushsa, sevinganidan darhol dorixonaga yuguradi. Betob onasiga dori keltiradi. Ortgan puliga yegulik sotib oladi.
Kamoliddin shu yoshidanoq g‘am-anduhga o‘ralashib qolgan volidasining joniga ora kiryapti. U ham tengdoshlari qatori ko‘chaga chiqib o‘ynagisi keladi. Lekin buni o‘ziga ep ko‘rmaydi.
Turmush o‘rtog‘i vafotidan so‘ng ayol boshiga ko‘p sinovlar tushgan Bahridil opa o‘tmishi haqida so‘zlab berdi.
«2006 yili shu oilaga kelin bo‘lib tushgan edim. Xo‘jayinim oilada eng kichik farzand edi. 2013 yilda turmush o‘rtog‘im o‘tib qoldi. Shundan keyin o‘zim yolg‘iz qolib ketdim. Qaynona va qaynotam ham o‘tib ketishgan edi.
O‘sha paytda o‘g‘lim Kamoliddin 6 yoshda edi. Men esa oqsoqlanib yurardim. Oyog‘im og‘rib yurib bundan 3 yil avval suyak yemirilishi kasalligidan bexosdan sinib qoldi. Bolam yosh bo‘lishga qaramasdan menga suyanch bo‘ldi. To‘shakka mixlanib qolgan paytim o‘g‘lim menga g‘amxo‘rlik qildi. Endi-endi qo‘ltiqtayoq yordamida oz-moz yurishga harakat qilyapman», deydi ona.
Saxovatli insonlar oilaga o‘z yordamini ayamagan. Ular ko‘magida oilaga kichik bir uy qurib beriladi.
«Yaratganga shukr, yaxshi insonlar bor ekan, uy qurib berishdi. Mahalladagi bir saxovatli inson yashab turgan uyimiz omonatligidan tashvishga tushib, «uyingiz bosib qolmasin», deb uy qurib berdi.
Kamoliddin o‘g‘lim bozorga borib xarajat qilib keladi. Ovqat tayyorlashni ham o‘rgandi. O‘zim emaklab, uy ishlarida bolamga qarashaman.
Uy ichkarisidan turib ovqat tayyorlashni o‘rgatdim o‘g‘limga. O‘g‘lim hozir hatto manti va chuchvaralarni ham pishira oladi. Kir ham yuvadi.
Saxovatli insonlar tomonidan pech berib ketishgan edi. Bolam bu pechda non va somsa pishirib beryapti. Kamoliddin o‘g‘il bolaman demay, hamma ishlarni qiladi», deydi ayol.
Bahridil opa yolg‘iz o‘g‘lining tengdoshlari qatori bolalik davrini sura olmayotganidan qattiq qayg‘uda.
«Bu dunyoda yaxshi-yu yomonlar bir safda yurar ekan. Yomonlar yomonlik qilib ko‘rishdi. Yaxshilardan esa, albatta, yaxshilik ko‘rdik.
Insonning eng katta boyligi sog‘lik ekan. Taningiz sog‘ bo‘lsa, qattiq non yesangiz ham tatirkan. Farzandim och qolgan kunlar ham bo‘ldi. Juda qiyin ahvolga tushib qolgan edik. Oyoqlarimni bosa olmasligim eng yomoni bo‘ldi.
Yaqinda yana jarrohlik amaliyotidan o‘tdim. O‘sma kasalligi bor ekan. Kasalxonada ham o‘g‘lim olib yotdi. U g‘amxo‘rlik qildi. O‘g‘lim bolalik davrini surmadi. Hozir ham Kamoliddin menga qarashdan ortmaydi. Hatto o‘qita olmayman. Kelajagini o‘ylab qayg‘uraman», deydi Bahridil opa.
Oyog‘ini operatsiya qilish uchun ham onaga saxovatli insonlar ko‘mak berishgan.
«Saxiy insonlar bor ekan, och qolayotganimiz yo‘q. Ular doim holimizdan xabar olib turishadi. Lekin yashash juda mashaqqat. O‘g‘lim maktabga yoki bozorga xarajat qilish uchun ketib qolsa qiynalaman. Bolam kelgunicha qimirlamayman. Chunki yolg‘iz qo‘limdan hech narsa kelmaydi.
Allohga shukr, bolam uchun yashayapman-ku, deya o‘zimga dalda beraman. Doim xayolim bolamning kelajagi haqida bo‘ladi.
O‘g‘lim ulg‘ayib kim bo‘lishidan qat'i nazar, qo‘li ochiq, mehribon va saxovatli inson bo‘lsin, deyman. Chunki qiynalib turgan paytimizda saxiy insonlar tomonidan bizga ko‘mak berildi. Ular bizni hayotga qaytarishdi. Ularning ehsoni evaziga oyog‘imni operatsiya qildirdim. Oliyjanob kimsalar yordami bilan tirikman», deydi onaizor.
Yosh Kamoliddin kunduzi maktabda o‘qib, darsdan keyin ishlar ekan. Ona o‘g‘li ulg‘ayib kelajakda yetuk inson bo‘lishini astoydil xohlaydi.
«Bolam hali yosh. Qishda maktabdan kelib baliqxonaga ishlashga ketadi. Asosan tunda ishlab, kunduzi maktabga qatnaydi. O‘g‘lim tunlari ishlab men uchun pul topishidan ich-ichimdan ezilaman. Kelajakda o‘g‘lim o‘qimishli inson bo‘lishini chin dildan xohlayman.
Xo‘jayinim vafot etganidan keyin umuman yura olmay qoldim. 6 oy davomida bitta joyda qoldim. Keyin oqsab bo‘lsa ham yurdim-da, bundan uch yil avval bexos oyog‘im sinib qoldi. Keyin bilsam bu kasallikning nomi koksartroz ekan. Suyak yemirilib, yupqalashib o‘sha yerdan sinib ketar ekan. Ikki quymichimdan yemirilish ketyapti. Bu kasallikning davosi yo‘q ekan.
O‘g‘lim ertalab uyqudan turib hovli supuradi, nonushta tayyorlaydi. Uyat bo‘lsa ham aytaman: menga tuvak ham tutadi.
Yaratganga shukrlar bo‘lsin, uch yil bo‘ldi, hassaga suyanib bo‘lsa-da ozroq yurishga harakat qilyapman. Hassa yordamida darvozaxonagacha borib kela olaman. Uzoq yurishga mador yetmaydi. Uy ichida esa emaklab yuraman», deydi ona.
Bahridil opaning hayotdagi eng katta orzusi — o‘g‘lini o‘qitish. U o‘g‘li ulg‘ayib oilaga yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarga qilgan yaxshiliklarini qaytarishini chin dildan xohlaydi.
«Mening eng katta orzum qaniydi men ham bemalol yurib, tashqariga chiqa olsam-u, o‘g‘lim o‘qisa. Uni tinch qo‘ysam. Ulg‘ayib, bizga yordam qo‘lini cho‘zgan insonlarga bergan yordamlarini qaytarsa. Ulardek qiynalgan oilalarga yordam bersa...»
***
Onasi bilan suhbatlashib, qaytayotganimizda qosh qorayib, shom kiray deb qoldi. Kamoliddin ovqat tayyorlash uchun taraddudlana boshladi. Hovli sahniga qozonni olib chiqib birin-ketin masalliqlarni sola boshladi. Bahridil opa so‘rida o‘tirganicha, o‘g‘liga tikilib, xayolidan nimalarnidir o‘tkazar edi...
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri,
Montaj ustasi: Boymirza Xalilov.