Uyida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini ishlatgan Qo‘rg‘ontepa prokurori lavozimidan ozod etildi

Jamiyat 16:52 / 23.08.2021 29874

O‘zbekiston bosh prokurori matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rajabboyev intizomiy jazo tariqasida o‘z lavozimidan ozod qilingan.

O‘z uyida obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini ishlatgan qonun himoyachisi Bosh prokurorning 23 avgustdagi buyrug‘i asosida lavozimdan olingan.

Avvalroq Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani prokurori Sardor Rajabboyev Andijon tumanida joylashgan uchastkasida tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini bahordan kuzgacha ishga jalb qilib kelgani ma'lum bo‘lgandi.

Shuningdek, fuqarolar tuman prokurorining harakatlaridan norozi bo‘lib, Andijon viloyat prokuraturasiga murojaat qilishgan. Viloyat prokuraturasi esa ishchilarning uch nafari tuman prokurorining uyida ixtiyoriy ravishda obodonlashtirish ishlarini olib borishgani, ularni hech kim majburiy mehnatga jalb qilmagani haqida aytgandi.

Ko‘proq yangiliklar: