Hindistondagi BLK-MAX klinikasi tibbiy konsultanti Muhsin Muhammad bilan shu haqda suhbatlashdik. Ma'lum bo‘lishicha, musulmon yigit Muhsin o‘zbekchada bemalol gaplasha oladi.
“Hindistonga ko‘p bemorlar borishining aniq sabablari bor. Asosiylari – bizda tibbiyot ancha rivojlangani va tibbiy xizmatlar arzonligi. Misol uchun, bizga borishning asosiy sababi – jigar sirrozi kasalligi tufayli jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi bo‘lsa, mana shu operatsiyaning o‘rtacha bahosi 28 ming dollar, boshqa davlatlarda esa 70-80 va hatto 100 ming dollargacha boradi”, – deydi u.
– Tabiiy savol tug‘iladi – arzon degani sifatni kafolatlaydimi? Samara qanchalik yaxshi?
– Yuqorida aytganimdek, bizda tibbiyot ancha rivojlangan, shifokorlarimiz juda malakali. Natijalar yetakchi davlatlar ko‘rsatkichlaridan aslo qolishmaydi. Shaxsan o‘zim yuzlab jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarini tashkillashtirganman va ularning ko‘pchiligi sog‘ayib ketishgan.
Jigar ko‘chirish operatsiyalari odatda 22 kunlik paketni o‘z ichiga oladi. Unda donor va bemordan kerakli tahlillarni olish, operatsiya va undan keyingi davr nazarda tutiladi. Juda ko‘p kuzatganman, operatsiyadan keyin ikki kun o‘tib bemorlar tik turib yura boshlaydilar. Ular uchun bu go‘yo yangi hayotdek.
O‘rni kelganda bir voqeani aytib bersam. Saodat opa ismli bemor Hindistonda davolanayotgandi. Ularda to‘lov bilan bog‘liq muammo bo‘lgan va opaning qizi televideniye orqali yig‘lab onasiga yordam so‘ragan. Bu lavhani prezident Shavkat Mirziyoyev ko‘rib qolgan va oilaga yordam qilish bo‘yicha topshiriq bergan. Shu ayol sog‘ayib uyiga qaytdi. Men O‘zbekiston rahbarining bu ishidan juda ta'sirlandim, boshqa davlat fuqarosi bo‘lsam-da, bu yaxshilik uchun prezidentga rahmat aytaman.
– Bir og‘riqli masala bor – Hindistonga borayotgan bemorlarga ko‘pchilik o‘z xizmatini taklif qiladi. “O‘rtakash” deb ataladigan bu odamlarning ayrimlari o‘zlari avval Hindistonga borib davolanib kelgan bo‘lishadi va endi boshqa bemorlarni olib borishga harakat qilishadi. Ularning topgan puliga baho bermaylik-da, masalaning boshqa tomoniga e'tibor qilaylik: klinikalar shunday odamlar xizmatiga muhtojmi?
– Chindan ham bu juda jiddiy masala. Ko‘pchilik bemorlar kimlargadir ishonib pullarini o‘g‘irlatib qo‘yishadi hatto. Bemorlar borayotganlarida hech kimni tanimaganlari uchun hadiksirashadi va shunday odamlarga suyanishadi. Lekin Hindistondagi har bir yirik klinikaning o‘z sayti ishlab turibdi, unda barcha ma'lumotlar joylangan.
Ko‘plab shifoxonalarning men kabi o‘zbek tilini biladigan xodimlari bor. Biz barcha yordamni beramiz. Muhtoj bemorlar ko‘pligini, bu hududda jigar sirrozi ko‘p uchrashini hisobga olgan holda Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng arzon narx belgilaganmiz. Misol uchun, Afrika davlatlaridan kelgan bemorlar jigar ko‘chirish operatsiyasi uchun o‘rtacha 32 ming dollar to‘lashadi.
– O‘zbekistonga oldin ham kelganmisiz? Umuman, Hindistonda bizning davlatimiz haqida qanday tasavvur bor?
– O‘zbekistonga avval ham kelganman. Juda yaxshi davlat, havosi toza. Toshkent ham ancha ozoda shahar. Bizda ham O‘zbekistonni yaxshi bilishadi. Eng birinchi navbatda Bobur bobo bunga sababchi. Uning avlodlaridan bo‘lgan Shohjahon qurgan Toj Mahal Hindistonning ramziga aylangan. Buning uchun sizlarga rahmat aytamiz. Qolaversa, O‘zbekiston Imom Buxoriy, Imom Termiziylar yurti. Men u zotlarning maqbaralarini ziyorat qilganman. Sizlarni ham Hindistonga taklif qilaman.
Abror Zohidov suhbatlashdi.