Adidas: Korporatsiyaga aylangan oilaviy biznes tarixi

Business class 13:09 / 22.08.2021 418164

Adidas tarixi 1920 yillarga, aka-uka Dasslerlar egalik qilgan nemis kompaniyasiga borib taqaladi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Dasslerlar noma'lum sabab tufayli urishib qolishadi va biznesni alohida yurita boshlashdi: Dassler Rudolf Puma kompaniyasini, Adolf esa Adidas'ni rivojlantira boshlaydi.

Rudolf va Adolf Dassler

Adolf Dassler kashfiyotchi va dizayner edi: 1925 yilda u “tikanli” futbol butsalarini o‘ylab topdi. 1949 yilda Adidas logotipi – uchta chiziqni patentlatdi va yechiladigan rezina “tikanli” ilk futbol butsalarini yaratdi. 1950 yilda u qorda va muzda futbol o‘ynash uchun oyoq kiyimni o‘ylab topdi.

Adolf Dassler

Puma va Adidas o‘rtasidagi munosabat murakkab edi: fabrikalar kichik Xersogenaurax shahrida yonma-yon turardi. Uning aholisi ham Puma tarafdorlari va Adidas ishqibozlariga ajralgandi.

Mojarolarning asosiy manbayi brendlar orasida oyoq kiyim tayyorlash texnologiyasi va uni targ‘ib etish edi: aka-ukalar umumiy ishlanmalardan foydalanmaslik va alohida-alohida rivojlanishga qaror qilishdi, biroq ba'zida bir-birlarini g‘oyalarni o‘g‘irlashda ayblashardi.

Puma va Adidas “Pele pakti”ni imzolashdi: u fabrikalarga targ‘ib uchun Peledan foydalanishni man etardi. Puma bu shartnomani buzadi.

Pele

1970 yili futbol bo‘yicha jahon chempionatida Pele o‘yin boshlanishidan oldin hakamdan butsi bog‘ichini bog‘lash uchun vaqt so‘radi. Kameralar uni yirik planda ko‘rsatdi, u maydon markazida sekin tizzasiga o‘tirib, Puma yozuvi tushirilgan butsasi bog‘ichini bog‘ladi. Puma o‘yingacha u bilan shartnoma imzolagani ma'lum bo‘ldi.

1978 yilda Adolf Dassler vafotidan keyin Adidas inqirozni boshdan kechirdi. Kompaniya dastlab Adolfning rafiqasi Katarina va o‘g‘li Xorst boshqaruviga o‘tdi. 1985 yilda Katarina, undan keyin Xorst vafotidan so‘ng kompaniyani uning singillari boshqarishga harakat qilishdi. Natijada ular 80 foiz aksiyalarni tadbirkor, fransuz futbol klubi “Olimpik Marsel”ga egalik qilgan Bernard Tapiga sotib yuborishdi.

1993 yilda Tapi Adidas targ‘iboti strategiyasi ustida ishlashlari uchun raqobatchi kompaniyalar Nike va Reebok mutaxassislarini yolladi. Aynan o‘sha yili kompaniyaning egasi yana o‘zgardi – Tapi kompaniyani do‘sti Robert Lui-Dreyfusga sotdi.

Lui-Dreyfus kompaniyaga inqirozdan chiqishda yordam berdi va keskin o‘zgarishlar qilishga undamaydigan shior o‘ylab topdi: “Biz avval ham bilardik. Biz hozir ham bilamiz”.

Robert Lui-Dreyfus

2009 yilda Puma va Adidas yarashish sari ilk marta qadam qo‘yishdi: 21 sentyabrda Xalqaro tinchlik kuni munosabati bilan xodimlar Xersogenauraxda futbol bo‘yicha o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazishdi.

Hozirda Adidas Germaniyada sakkizta korxona va boshqa mamlakatlardagi 25 dan ortiq sho‘'ba korxonalarga ega: Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Kanada va JARdagi korxonalar shular jumlasidandir. Bundan tashqari, Reebok, hokkey uchun anjomlar ishlab chiqaruvchi CCM va golf uchun anjomlar ishlab chiqaruvchi Taylor Made Golf unga tegishli.

Adidas’ning xalqaro musobaqalardagi hamkorlik tarixi

Ilk marta professional sportchilar Adolf Dassler tomonidan tikilgan oyoq kiyimni 1928 yilda Amsterdamda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadada kiyishgan.

Adidas Dasslerdan ajralgach, Adolf sportchilar bilan hamkorlik qilishda davom etdi: 1952 yil Helsinkida bo‘lib o‘tgan Olimpiadada ko‘plab sportchilar Adidas oyoq kiyimlarida chiqishgan. 1954 yilda futbol bo‘yicha jahon chempionatida birinchi o‘rinni egallagan Germaniya terma jamoasi Adidas oyoq kiyimlarini kiygandi.

1970-1990 yillarda davom etgan inqiroz vaqtida Adidas sportchilar bilan hamkorlik qilmagan va Olimpiadaga homiy bo‘lmagan.

1996 yilda Adidas yana Olimpiya o‘yinlari homiysiga aylandi, uning savdolari 50 foizga o‘sdi.

2000 yilda Sidneyda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida Adidas mahsuloti 28 ta sport turidan 26 tasida mavjud bo‘lgan. Uch mingdan ortiq sportchi Adidas'dan kiyingan.

Adidas bugungi kunda

Adidas bir vaqtning o‘zida ham funksional, ham urfga mos bo‘ladigan sport buyumlarini yaratishda davom etmoqda. Buning uchun brend moda dizaynerlari bilan hamkorlikda to‘plamlar chiqaradi.

Kompaniya sayti ma'lumotlariga ko‘ra, 2022 yilga qadar Adidas marketing harakatlarini oltita shahar – Los-Anjyeles, Nyu-York, London, Parij, Tokio va Shanhayga qaratadi.

Adidas+Teamgeist to‘pi

1970 yildan buyon dunyo futboli boshqaruvchisi bo‘lmish FIFA Adidas bilan Jahon chempionatlarida hamkorlik qilib keladi. Hamkorlik doirasida 1970 yilgi Jahon chempionatida dastlabki Adidas futbol to‘plaridan foydalanildi. 2006 yilgi chempionatda «Teamgeist» nomli to‘pdan foydalanilgan bo‘lsa, 2010 yilda JARda bo‘lib o‘tgan JChda «Jabulani», 2014 yilgi JChda esa «Brazuca» nomli to‘pdan foydalanilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: