Saylov qonunchiligi: xalqaro standartlari va milliy qonunchilikka nazar

Jamiyat 19:11 / 21.08.2021 6453

U yoki bu saylov

Ma'lumki, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab fuqaroning saylov huquqlari va erkinliklari mavzusi nufuzli xalqaro tashkilotlar jiddiy shug‘ullanadigan masalaga aylandi. Bugunga kelib dunyoda saylov huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, erkin demokratik adolatli saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasiga doir 20 dan ziyod xalqaro huquqiy hujjatlar, standartlar mavjud.

Bunda xalqaro saylov standartlari deganda, saylov jarayonini tashkil qilish va o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan ustuvor (rahbariy), umume'tirof etilgan prinsip va qoidalar yig‘indisi tushuniladi.

Universal xalqaro saylov standartlari o‘z ichiga nimalarni qamrab oladi?

Barcha davlatlarga nisbatan tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan xalqaro saylov standartlari universal deb ataladi. Odatda, bunday hujjatlar BMT kabi universal xalqaro tashkilotlar tomonidan qabul qilinib, ular davlatlar tomonidan tan olinadi.

Bunday standartlarni belgilab beruvchi dastlabki hujjat bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidir.

Ushbu xalqaro hujjatning 21-moddasida quyidagi qoidalar aks etgan: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali o‘z mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi lozim; bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, umumiy va teng saylov huquqidan yashirish ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta'minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozim”.

BMT tomonidan qabul qilingan yana bir hujjat “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida”gi xalqaro Paktning 25-moddasiga muvofiq har bir fuqaro kamsitishlarsiz hamda asossiz cheklovlarsiz ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish; umumiy va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovchilarning erkin holdagi xohish-irodasini ta'minlovchi chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish; o‘z mamlakatida umumiy shartlarda davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega bo‘lishi lozim.

Saylovga oid xalqaro-huquqiy hujjatlar nafaqat BMT doirasida, balki boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ham qabul qilinadi. Shulardan biri, 120 yildan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan hamda saylov sohasidagi xalqaro standartlarni ishlab chiqish va qabul qilishda faol ishtirok etayotgan Parlamentlararo Ittifoqdir. 1994 yil 26 martda ushbu xalqaro tashkilot Kengashining 154-sessiyasida “Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risida”gi Deklaratsiya hamda 1997 yilda Kengashning 161-sessiyasida “Demokratiya to‘g‘risida”gi Umumjaxon deklaratsiyasi qabul qilingan.

“Erkin va adolatli saylovlar mezonlari to‘g‘risida”gi Deklaratsiyaning 1-moddasida har qanday davlatda hokimiyat xalqning umumiy, teng va yashirin ovoz berish asosida muntazam vaqt oralig‘ida o‘tkazib turiladigan haqiqiy, erkin va adolatli saylovlarda bildiradigan xohish-irodasidan kelib chiqadi, deb belgilangan.

Demokratiya to‘g‘risidagi Umumjaxon deklaratsiyasining12-bandiga muvofiq, demokratiyaga erishishning asosiy vositasi aniq davr mobaynida o‘tkaziladigan erkin va adolatli saylovlar hisoblanadi.

Mintaqaviy xalqaro saylov standartlari qanday ahamiyatga ega?

Mintaqaviy xalqaro saylov standartlariga YeXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha Parij (1989 y.), Kopengagen (1990 y.) hamda Moskvada (1991 y.) bo‘lib o‘tgan Konferensiyalarda qabul qilingan hujjatlarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Mintaqaviy xalqaro saylov standartlari Yevropa Ittifoqi hujjatlarida ham ifodalangan. Jumladan, Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiyada so‘z va fikrlash erkinligi huquqi (10-modda), kamsitishlarning taqiqlanishi (14-modda), chet elliklarning siyosiy faoliyatlarini cheklash (16-modda) kabi standartlar mavjud. Yevropa Kengashi organlari tomonidan ham saylovlar tashkil qilish va ularni o‘tkazishga doir bir qancha hujjatlar qabul qilingan. Yevropa Kengashining Parlament Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Saylov masalalarini lozim darajadagi amaliyotining kodeksi to‘g‘risida”gi, “Saylov o‘tkazishdagi tavsiyaviy normalar majmui to‘g‘risida”gi rezolyutsiyalar shular jumlasidandir.

Mintaqaviy xalqaro standartlardan biri – bu Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo-davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqi va erkinliklarining standartlari to‘g‘risidagi Konvensiyadir. Mazkur Konvensiya saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga doir bo‘lgan ko‘pgina xalqaro standartlarni o‘zida mujassam etgan.

O‘zbekistonning milliy saylov qonunchiligi xalqaro saylov standartlarga qanchalik mos keladi?

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalar asosida o‘ziga olgan barcha majburiyatlarni, shu shumladan saylovga oid yuqorida qayd etilgan xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka singdirib to‘liq bajarib kelmoqda.

Mamlakatimizda saylovlarni qonun talablariga to‘la muvofiq holda tashkil etish va o‘tkazishni demokratik tarzda shakllangan Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi saylov komissiyalari ta'minlaydi.

Saylov komissiyalari mustaqil va faqat qonunga bo‘ysunadi. Saylovlarni o‘tkazish davomida hokimiyat tuzilmalari yoki jamoat birlashmalari tomonidan ular faoliyatiga aralashishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylov komissiyalarining bunday maqomi saylovni o‘tkazish jarayonida qonun ustuvorligini va xolislikni ta'minlash imkonini beradi hamda saylovchilar xohish-irodasini erkin ifodalashning muhim garovi bo‘lib hisoblanadi.

Taqqoslash uchun shuni aytish kerakki, qator davlatlarda saylovlarni tashkillashtiruvchi va o‘tkazuvchi mustaqil, markazlashgan organlar tizimi mavjud emas va saylovni tashkil etish vazifasi ijro etuvchi hokimiyat organlari zimmasiga yuklatilgan. Masalan, saylovlarni tashkil etish bilan Fransiya, Avstriya va Germaniyada ichki ishlar vazirligi, Daniyada ichki va ijtimoiy ishlar vazirligi, Finlyandiyada adliya vazirligi shug‘ullanadi.

Umumiy saylov prinitsipi barcha fuqarolarimiz saylov huquqidan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega ekanligini anglatadi.

Saylov qonunchiligimizga ko‘ra, saylovlarda O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradilar.

Aynan 18 yoshga to‘lgan fuqarolarning ovoz berishga haqli ekanliklarini birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi talablariga muvofiq, 18 yoshga to‘lgan fuqaro aynan to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lishi; ikkinchidan, BMT tomonidan 1989 yilda qabul qilingan «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyaning 1-moddasida ham aynan 18 yosh insonni voyaga yetgan deb hisoblash yoshi sifatida belgilanganligi; uchinchidan, 18 yosh tibbiy, fiziologik nuqtai-nazardan ham to‘la yetuk hisoblanishi bilan izohlash mumkin.

Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab fuqarolarning saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.

Qonunchiligimizga muvofiq fuqarolar ovoz berishda ixtiyoriy ravishda qatnashadilar. Ayrim davlatlarda, jumladan, Argentina, Belgiya, Bolgariya, Braziliya, Gretsiya va boshqalarda esa fuqarolarning ovoz berishda ishtirok etishi majburiy bo‘lib, bundan bosh tortganlar tegishli javobgarlikka tortiladi. Masalan, Argentinada saylovda qatnashmaganlik uchun jarima jazosidan tashqari, fuqaro uch yilgacha muddatga davlat mansablarini egallash huquqidan mahrum etilishi ham mumkin. 

Teng saylov huquqini ta'minlash har bir saylovchining bir ovozga ega ekanligi, nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovda teng shart-sharoitlar, bir xil imkoniyatlar yaratilganligi bilan amalga oshiriladi.

Saylov kodeksining 5-moddasiga muvofiq saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi. Saylash va saylanish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma'lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat'i nazar, teng saylov huquqiga egadirlar.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati shakllantirilishi ham “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyili asosida teng saylov huquqiga asoslangan xalqaro standartlarga mos saylov o‘tkazishga xizmat qiladi.

Milliy saylov tizimimizning yana bir muhim o‘ziga xos jihati shundan iboratki, bizda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar davlat mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Nomzodlarni boshqa mablag‘lar hisobidan moliyaviy ta'minlash va moddiy jihatdan o‘zga tarzda qo‘llab-quvvatlash taqiqlanadi. Mazkur qoida saylov jarayonida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarga, ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarga teng imkoniyatlar va adolatli shart-sharoitlarni ta'minlaydi.

Yana bir prinsip, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi fuqarolar saylashda bevosita o‘zi shaxsan ovoz berish orqali ishtirok etishini anglatadi. Fuqarolarimizning qayerda yashayotganligidan qat'iy nazar saylovlarda ishtirok etishi ta'minlanlanganligi bu borada muhim ahamiyatga ega.

Yashirin ovoz berish ham saylovning muhim prinsipi hisoblanib, fuqarolarning ovoz berishida hech kim ta'sir qila olmasligini anglatadi.

Ushbu prinsipning mazmun-mohiyatiga ko‘ra, saylovda har bir saylovchi o‘z ovozini nomzodlarga hech kimning aralashuvisiz hamda biron-bir tashqi ta'sirsiz erkin tarzda bildiradi. Hech kim ularni muayyan nomzod uchun «tarafdor» yoki «qarshi» ovoz berishga majbur etishi mumkin emas.

Mamlakatimizda saylovlarni tavsiflovchi eng muhim xususiyatlardan biri – bu ochiqlik va oshkoralikdir. Unga ko‘ra saylov komissiyalari saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlar haqidagi ma'lumotlarni saylovchilarga ochiq va oshkora ma'lum qiladi.

Milliy saylov tajribasidan ma'lumki, 2016 yilda bo‘lib o‘tgan Prezident saylovlarini 615 ta milliy va 272 ta xorijiy ommaviy axborot vositalari, jumladan, 315 ta xorijiy va milliy internet nashrlari yoritib bordi. Saylov komissiyalarining barcha tadbirlari jurnalistlar, bloggerlar yoki jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkaziladi. Mavzuga oid teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar muntazam efirga uzatilib, saylovchilarga saylov jarayoni bosqichlarini tushuntiradigan roliklar namoyish etiladi. Saylov kampaniyasi bosma va internet-nashrlarda ham keng yoritiladi.

O‘zbekiston saylov qonunchiligida xalqaro standartlarga to‘liq mos keluvchi saylovlarda milliy va xalqaro kuzatuvchilarning ishtirok etishi prinsipi mustahkamlangan.

Ushbu jarayonlarda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etish huquqiga ega.

2016 yilda o‘tkazilgan Prezident saylovida 50 ga yaqin davlatdan hamda 5 ta xalqaro tashkilotdan 600 nafarga yaqin kuzatuvchi ishtirok etgan. Birinchi marta Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining to‘laqonli missiyasi bilan yaqin hamkorlik qilingan.

Saylov kodeksida kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, kuzatuvchilar tomonidan saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish; nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish; saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish va boshqalar.

Ushbu prinsipga amal qilinishi saylov jarayonlarini milliy va xalqaro doiralarda kuzatishni yo‘lga qo‘yish uchun ham tegishli shart-sharoit yaratadi.

R.Xakimov,
yuridik fanlari doktori, professor

 

Ko‘proq yangiliklar: