Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinayotgan afg‘onistonlik homilador ayol Toshkent shahridagi shifoxonada farzandli bo‘lgani haqida xabar berdi.
«Bugun butun dunyoning diqqati O‘zbekistonning janubiy qo‘shnilaridan bo‘lgan Afg‘oniston mintaqasiga qaratilgan. Mamlakatdagi hukumat almashish jarayonlari fonida ko‘plab davlatlar o‘z fuqarolarini hamda afg‘onistonliklarni evakuatsiya qilishga kirishgan. O‘zbekiston ushbu jarayonlar uchun o‘z havo yo‘llarini ochish orqali insonlarni Afg‘onistondan xavfsiz ko‘chirishga hissa qo‘shmoqda. Shu bilan birga, Toshkent aeroportiga qo‘ngan insonlarning salomatligini nazoratga olishda ham jonbozlik ko‘rsatilmoqda.
Afg‘onistondan parvozlar amalga oshirilayotgan aeroportning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy punkt tashkil etilgan bo‘lib, unga tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari hamda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasidan brigada navbatchilari jalb etilgan. Tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan insonlarga zarur xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Kuni kecha 1999 yilda tug‘ilgan afg‘onistonlik fuqaro E. A. «Homiladorlik 1. Tug‘uruq 1. 39-40 hafta» tashxisi bilan tez tibbiy yordam brigadasi orqali I.Irgashev nomidagi Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasining tug‘uruq bo‘limiga yotqizilgan edi.
Kecha oqshom ushbu muassasada 22 yoshli E.A. ilk farzandini dunyoga keltirdi. Afg‘onistonlik yosh ona 3 kilogramm 840 gramm vazn bilan tug‘ilgan o‘g‘lini o‘zbek shifokorlari yordamida qo‘liga oldi. U ma'lum muddat mutaxassislar nazoratida bo‘lib turadi», deyiladi SSV xabarida.
Bundan oldinroq O‘zbekiston TIV o‘tgan kunlar mobaynida Afg‘onistondan 2 mingga yaqin kishi Toshkent aeroporti orqali evakuatsiya qilingani haqida xabar bergandi.