Ma'lum qilinishicha, joriy yil 19 avgust kuni Surxondaryo viloyati IIB YHXB yo‘l patrul xizmati xodimlari safdor A.Komilov hamda A.G‘afforov kunlik xizmatini tugatib uyga qaytayotganda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan 4R-105 avtomobill yo‘lining 24-kilometrida o‘zlari bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan davlat raqami 75 181 RAA bo‘lgan «Damas» rusumli tez yordam mashinasi haydovchisi o‘zining harakatlari bilan inspektorlarda shubha uyg‘otgan.
Qayd etilishicha, «Damas» to‘xtatib tekshirilganda haydovchining tegishli hujjatlari yo‘qligi aniqlangan. Bundan tashqari, haydovchidan spirtli ichimlik hidi kelib turgan. Shundan so‘ng inspektorlar haydovchini Boysun tumani markaziy shifoxonasining narkologiya bo‘limiga olib borib tibbiy ko‘rikdan o‘tkazganida haydovchi mast holda ekanligi aniqlangan.
Ta'kidlanishicha, inspektorlar tomonidan haydovchiga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135- va 131-moddalariga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, «Damas» vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan.