OTV «Bolgariyadagi olimpiada» aslida mahalliy fan musobaqasi bo‘lganini ma'lum qildi. Matematiklar jamiyati e'tiroz bildirdi

Jamiyat 17:52 / 17.08.2021 7017

Joriy yilning 7-8 avgust kunlari Bolgariyaning Blagoyevgrad shahrida universitet talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro matematika olimpiadasida (IMC – International Mathematics Competition) o‘zbekistonlik talabalar 15ta medal qo‘lga kiritgani haqida xabar qilingandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ular munosib taqdirlanmagani yuzasidan turli e'tirozlar bildirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bu muhokamalar yuzasidan rasmiy munosabat berib, bu ko‘plab davlatlardan ishtirokchilarni jalb qilgan mahalliy tadbir hisoblanishini ma'lum qildi.

«So‘nggi kunlarda ushbu musobaqada g‘olib bo‘lgan talabalar e'tibordan chetda qolgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda asossiz ma'lumotlar tarqalib bormoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda “olimpiada” deb atalgan bu tadbir aslida fan musobaqasi bo‘lib, olimpiada maqomiga ega emas. Bu tadbirning veb-sayti o‘rganilganida, shunday xulosaga kelindiki, bu ko‘plab davlatlardan ishtirokchilarni jalb qilgan mahalliy tadbir. U lokal xarakterga ega bo‘lib, xalqaro ilmiy akademik doiralarda yuqori reytingga ega emas», deyiladi vazirlik munosabatida.

Shuningdek, g‘olib talabalarga alohida e'tibor qaratilib, ular noutbuk, planshet hamda kitob jamlanmalari bilan taqdirlangani haqida ma'lumot berilgan.

O‘z navbatida, respublika matematiklar hamjamiyati bu fikrlarga e'tiroz bildirdi. Qayd etilishicha, IMC – bu talabalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli olimpiada bo‘lib, 1994 yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. 2021 yilda o‘tkazilgan mazkur musobaqada dunyoning 50 davlatidan 112 jamoa ishtirok etdi va ular THE World University Rankings reytingi bo‘yicha joriy yilda eng nufuzli o‘rinlarni egallagan.

«Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining bu rasmiy munosabati ushbu olimpiadada ishtirok etgan, ishtirok etish uchun yillar davomida tayyorlanib kelayotgan minglab yoshlarning, qolaversa, Matematika faniga qiziqishi bor yoshlarning ruhiyatiga va ijtimoiy muhitiga salbiy ta'sir qilayotganligini ma'lum qilamiz», deyilgan matematiklar hamjamiyati munosabatida.

Avvalroq, maktab o‘quvchilari uchun eng nufuzli olimpiada International Mathematical Olympiad (IMO)da g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar munosib taqdirlanishi haqida xabar berilgan edi. Matematiklar jamiyati nufuzli Oliy ta'lim tizimida ham nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan zamon talabiga javob beradigan normativ hujjat ishlab chiqilishi lozimligini so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: