Press-turda OAV vakillari “Kamolot” GESida olib borilayotgan bunyodkorlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar. Mutaxassislar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida GES qurilishi bilan bog‘liq barcha savollariga javob olishdi.
Ma'lumot o‘rnida, mamlakatimizda 2017 yilgacha jami GESlar 36 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich mikro GESlarni qo‘shib hisoblaganda 49 ga yetkazildi.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan “Zarchob-2” va “Kamolot” GESlari ishga tushsa, yuqorida keltirilgan ko‘rsatkich qariyb 51 taga yetadi.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida qurilayotgan ko‘plab GESlarimizdan biri Chirchiq shahrida barpo etilayotgan, Chirchiq-Bo‘zsuv traktida joylashgan yangi “Kamolot” GESidir.
Ushbu GESning qurilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 yanvardagi 3461-son qarori asosida, umumiy qiymati 22,6 mln dollarga, quvvati 8.6 MVt ni (2.15 MVtdan bo‘lgan 4ta kapsula tipidagi gidroagregatdan iborat) tashkil etadi.
Mazkur GESda ilk bor tajriba sifatida “kapsula” usulidagi gidroagregatlar o‘rnatiladi.
Mazkur GESning qurilish ishlari energetika obektlarini qurish va modernizatsiya qilish borasida yirik tajribaga ega bo‘lgan, “O‘zbekgidroenergo” AJ tizim tashkiloti “O‘zbekgidroenergoqurilish” kompaniyasi tomonidan, loyiha ishlari “Gidroproyekt” AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.
Hozirda GESning asosiy qurilish ishlari yakuniga yetgan bo‘lib, oxirgi montaj-sozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu GESning asosiy uskuna va jihozlari XXRning “Dongfang Electric Corporation” kompaniyasi hamda “Andridz gidro” tomonidan yetkazib berildi.
GESning afzalliklaridan biri avtomatik, aqlli, xavfsiz boshqaruv tizimiga ega.
“Kamolot” GESini o‘z vaqtida topshirish uchun ishlar tartibli va karantin qoidalari talablari asosida olib borilmoqda.
Mazkur GES Mustaqillik bayramining 30 yilligiga xalqimizga munosib tuhfa sifatida topshiriladi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Matbuot xizmati Ⓣ