TTA magistratura mutaxassisligi yo‘nalishi uchun kirish imtihonlari:Shaffoflik va adolat bosh mezon

Jamiyat 20:06 / 16.08.2021 4727

Avval xabar berganimizdek, Toshkent tibbiyot akademiyasida  magistraturaga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan test imtihonlari boshlandi…

Bugun erta tongdan kirish test sinovlari o‘tkaziladigan hudud gigiyenik vositalar (sanitariya-zararsizlantiruvchi antiseptiklar, xlor, sovun, niqob, qo‘lqoplar, tozalash uchun antibakterial vositalar va h.k.) bilan ta'minlandi. Mazkur jarayon 2 kun davom etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 apreldagi “Tibbiy sanitariya sohasida kadrlarni tayyorlash va uzluksiz kasbiy rivojlantirishning mutloq yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4666-sonli va 2021 yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-5157-sonli qaroriga muvofiq Toshkent tibbiyot akademiyasida magistraturaga kirish test imtihonlarini adolat mezonlari asosida o‘tkazish maqsadida barcha zaruriy choralar ko‘rildi.

Shuni alohida e'tirof etish joizki, 2021/2022 o‘quv yili magistratura qabuli faoliyatining o‘ziga xos jihati talabgorlar chet tili fanidan kirish test imtihonlarini Davlat test markazida, mutaxassisliklar bo‘yicha esa kirish imtihonlarni Toshkent tibbiyot akademiyasida test ko‘rinishda topshiradilar. 

Talabgorlar test imtihonlari o‘tkaziladigan auditoriyaga kirishda A,B,S,D,Ye bloklar bo‘yicha nazoratdan o‘tkazilyapti. Maqsad, test sinovlari o‘tkaziladigan hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning to‘planishi hamda noxush holatlarning oldini olish muhimi imtihonning haqqoniy adolatli va shaffof tarzda o‘tishiga erishish.

Bo‘lib o‘tayotgan test imtihonlarida shaffoflik va ochiqlikni ta'minlash, hujjatlarni qalbakilashtirish holatlarining oldini olish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilyapti.

Natijada test imtihonlari jarayoni onlayn tarzda maxsus sayt va ijtimoiy tarmoqlarga o‘z vaqtida uzatilmoqda.

Bugun magistraturaga kirish imtihonlarining dastlabki bosqichi kuzatildi. Test savollariga javob bergan talabgor o‘z natijalari bilan auditoriyaning o‘zida tanishib, imzo bilan tasdiqlab chiqib ketgani maxsus o‘rnatilgan video ekranlarda namoyish etib borildi.   

“Hozirgina imtihondan chiqdim, kayfiyatim a'lo darajada”, — deydi biz bilan suhbatda TTAning davolash fakultetini 2021 yilda tamomlagan talaba Saidjon Barnoyev.

“To‘g‘risi bunday qulay sharoit va imkoniyatni tasavvur qilmagandim. Hammasi haqqoniy, hammasi odil, adolat bilan o‘tkazilyapti. Bilimi bor, o‘qigan talablar kirishiga ishonaman. Bugun birinchi kungi natijamni auditoriyaning o‘zida bilib oldim. Maxsus dastur asosida juda zamonaviy platforma yaratilgan. Talabgorlarga tanlagan mutaxassislik o‘quv dasturi asosida tuzilgan 50 ta test uchun 2 soat vaqt ajratilishi kerak edi. Bu 120 daqiqani tashkil etadi. TTA akademiyasidagi imtihon jarayoni talabalarga qulaylik yaratish maqsadida yana 20 daqiqaga uzaytirib berildi”.

Respublikamizning barcha ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlariga tatbiq etilayotgan raqamlashtirish jarayoni Toshkent tibbiyot akademiyasida ham amal qilmoqda. Ayni kunda akademiyaning fan va ta'lim, ilmiy-amaliy tadqiqot faoliyati va qabul jarayonlarini raqamlashtirish jadal sur'atlarda olib borilmoqda.

Bu tizimning afzalliklari bugun Toshkent tibbiyot akademiyasi magistratura mutaxassislik fanlari bo‘yicha test sinovlarida o‘zini to‘liq namoyon etdi.

Shaffoflik, ochiqlikni ta'minlash, hujjatlarni qalbakilashtirish holatlarining oldini olish maqsadida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilyapti. Natijada test imtihonlari jarayonining onlayn tarzda maxsus sayt va ijtimoiy tarmoqlarga o‘z vaqtida uzatilishi ta'minlanmoqda.

Talabgorlar maxsus dastur orqali pasport nazoratdan o‘tkazilmoqda. Kirish test imtihonlari tugashi bilan natijalar akademiya qabul komissiyasi raisi tomonidan shaxsan imzolanib, tasdiqlangan holda rasmiylashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markaziga yetkaziladi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot kotibi Gulchehra Mirzayeva Ⓣ

Ko‘proq yangiliklar: