Jizzaxlik tadbirkor ayol Gyunel Aliyeva ishi bo‘yicha Kun.uz'da chiqqan maqolalar Sudyalar oliy kengashida ko‘rib chiqilib, ularda tilga olingan holatlarni o‘rganish, sudyalarning xatti-harakatlariga baho berish yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani haqida bayonot berilganiga uch oydan oshdi.
Biroq, kengash o‘z bayonotida alohida va'da berganiga qaramay, hamon “qo‘shimcha axborot” bergani yo‘q.
Kun.uz bir yarim oy avval xizmat tekshiruvi natijasi bilan qiziqib, kengash matbuot kotibi Tursunali Akbarov bilan bog‘langanida, u jarayon hali yakuniga yetmaganini aytib, buni “xizmat tekshiruvi o‘tkazayotgan Jizzax viloyat sudlari malaka hay'ati qo‘shimcha muddat so‘ragani” bilan izohlagandi.
Oradan 50 kun (!) o‘tib, yana Tursunali Akbarov bilan bog‘landik. So‘rovimizga berilgan javobdan bildikki, “xizmat tekshiruvi natijasida maqolalarda bayon qilingan holatlar o‘z tasdig‘ini topmagan” ekan!
Xo‘sh, maqolalarda bayon qilingan holatlar tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, unda raddiya qani? Kengash faoliyatiga oid noto‘g‘ri yoki mavhum axborot chiqsa, vaqtida raddiya yoki munosabat berishni o‘rniga qo‘yadigan matbuot xizmati nega jim?
Jizzaxlik sudyalar sud qarorlarini ijro etish uchun sotilgan mol-mulkni qaytarib olish mumkinmasligi (Fuqarolik kodeksi 229-moddasining 2-qismi) haqidagi qoidani bilmagan bo‘lishi mumkinmi?
Sudyalar qonunning shugina normasini bilmasligi – o‘ta g‘ayritabiiy holat emasmi? Fuqarolik qonunchiligining mulkka oid qismining alifbosi bo‘lgan “insofli egallovchi” maqomini bilmaydiganlar sudyalik lavozimida o‘tirishga haqlimi?
Sudyalar oliy kengashi maqolalarda birma-bir bayon etilgan va inkor etib bo‘lmaydigan holatlarni “tasdig‘ini topmadi” deb, sudyalarning xurmacha qiliqlarini ochiqdan ochiq berkitmayaptimi?
Bor holatlarni ko‘rib, ko‘rmaslikka olish Jizzaxdagi ayrim sudyalarning “biz Yodgorovning shinelidan chiqqanmiz”, deya turli davralarda maqtanib yurganini amalda tasdiqlab qo‘ymayaptimi?
Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda tadbirkor va ishbilarmonlar bilan shaxsan onlayn muloqot o‘tkazishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi shaxsan prezident e'tiborida ekanini yana bir marta ko‘rsatib turibdi. Bunday siyosatga ters ravishda tadbirkor G.Aliyeva va u kabi jabrdiydalar yillab sudlarda sarson bo‘layotganini, sudyalarning “o‘yinlari” esa ularning tanobini tortishga mas'ul organ tomonidan pardalanayotganini qanday izohlash mumkin?!
Darvoqe, Gyunel Aliyevaning bizga ma'lum qilishicha, Jizzaxdagi xizmat tekshiruvi Jizzax viloyati sudlari malaka hay'ati raisi Akram Shukurov boshchiligida olib borilgan. Akram Shukurov bir vaqtning o‘zida Jizzax viloyat sudida raisning o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi lavozimida ham faoliyat yuritayotganini hisobga olsak, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan bu xizmat tekshiruvining qanchalik “xolisona” o‘tganini tushunib olavering.
Abbos Salaydinov
Ma'lumot uchun, jurnalistlar Shuhrat Shokirjonov va Abbos Salaydinov olib borgan surishtiruvlar natijasida Gyunel Aliyeva ishi bo‘yicha Kun.uz'da quyidagi maqola va xabarlar e'lon qilingan: