Bolani 7 yoshga yetmasdan maktabga berish qanchalik to‘g‘ri? Bunday yoshda bolaning ruhiy va jismoniy holatida qanday o‘zgarishlar kuzatiladi? Shu kabi muhim savollar bilan SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev tibbiyot fanlari doktori, professor Shoanvar Shomansurovga murojaat qildi.
— Nima uchun bolaning maktabga chiqish yoshi 7 yosh etib belgilangan?
— O‘zbekiston Respublikasining “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonunida umumiy o‘rta ta'lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilangan. Vaholanki, avval bu raqam 6-7 yosh edi. Hozirga kelib esa maktabga chiqish yoshi qat'iy 7 yosh etib belgilangan. Buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo, bola hayotining yettinchi yilida undagi harakatlar ko‘lami kengayadi va aniqlashadi, harakatlarning o‘zaro moslashuvi boshlanadi. 6-7 yoshli bolalar o‘zini idora qilish va o‘z harakatlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘la boshlaydi. Bu davrda bolaning bo‘yi ancha o‘sib, og‘irligi 22-24 kilogramm bo‘ladi.
7 yoshlarda bola har tomonlama chiniqadi, qiziquvchan bo‘ladi. Uning idrok kuchi va tafakkuri jadal rivojlanadi. Moddiy borliqni bilishga intila boshlaydi. Ularda gigiyenik malakalar shakllana boradi.
— Maktab yoshidagi bolada qanday ko‘nikmalarni shakllantirib borish kerak?
— 7 yoshli bola jismoniy mashqlarni mustaqil bajarishga o‘rgangan bo‘lishi lozim. Jarohatlanishning oldini olish maqsadida bolada ehtiyotkorlikni, o‘z harakatlarini nazorat qila olish ko‘nikmalarini shakllantira borish kerak. Bolada chaqqonlik, jasurlik, topqirlik xislatlarini tarbiyalash ayniqsa muhim.
Bola bu yoshida arqonga osilib turishni, arg‘imchoq uchishni, qiya qo‘yilgan taxta ustidan yurib o‘tishni, bir oyoqda “qaldirg‘och” bo‘lib turish kabi harakatlarni bilishi kerak. Unga oyoq uchlari bilan buyumlarni qisib olib ko‘tarish va pastga tushirishni, bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishni o‘rgating. Bu mashqlar bolaning asab tizimini mustahkamlashda, ularning aqlan rivojlanishida katta yordam beradi.
Bu yoshda uning nutqini shakllantirish ahamiyatli. Bolaga qisqa-qisqa qiziqarli savollar berib, uni ko‘proq gapirish, so‘zda tovushlar ketma-ketligini farqlash, tovushlardan bo‘g‘inlar, so‘zlar tuzishni o‘rgatishga ahamiyat berish lozim.
— Bu jarayonlarda bolada nuqsonlar ko‘zga tashlansa, qanday yo‘l tutish kerak?
— Bu vaziyatda ota-onalarga shunday maslahat beramiz: agarda bola nutqida biror nuqson aniqlansa, uni logopedga ko‘rsating. Agar eslab qolish, fikrlash borasida kamchiliklar sezsangiz, nevrolog ko‘rigidan o‘tkazing.
Chunki maktabga tayyorlanish davrida bolaning asablari taranglashadi, mas'uliyati ko‘paygan sayin bolalarda diqqat tarqoqligi, o‘ta serharakatlik (giperaktiv), o‘rgatilgan narsalarni tezda esdan chiqarib yuborish, yig‘loqilik, beixtiyor harakatlar, gapga kirmasdan injiqlik qilish kabi patologik o‘zgarishlar uchrashi mumkin.
Maktab yoshi bolaning jamiyatga moslashuvidagi ilk katta qadam hisoblanadi. Shuning uchun ham bu davr uning xotirasida salbiy iz qoldirmasligi kerak. Aks holda kelajakda ham buning ta'siridan chiqishi qiyin bo‘ladi.
Bolani erta maktabga berish esa uning shunday muhim davrida qilingan eng katta tavakkaldir. Afsuski, ba'zi ota-onalar o‘z xohish-istaklari bilan farzandlarini 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilishadi. Eng yomoni, bu holat ko‘pincha bolakayning maktabga moslasha olmasligi bilan yakun topadi. Bu esa o‘z-o‘zidan unda tajanglik, ruhiy zo‘riqish, ta'lim olishdan zerikish, ijtimoiy muhitga moslasha olmaslik kabi salbiy holatlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ayniqsa, bunday paytda boladagi tez charchash, nutq buzilishi, diqqatni jamlashdagi qiyinchiliklar yaqqol yuzaga chiqadi. Shunday ekan, har bir ota-ona yuqorida aytib o‘tilgan holatlar bolalarning sog‘lig‘i yomonlashishi va bilim olishga salbiy ta'sir etishini unutmasligi darkor.
Agar ota-onalar chindan ham farzandlarining kelajagi va sog‘lig‘ini o‘ylasalar, ularni 6 yoshdan maktabga berishga harakat qilmasligi lozim. Bu bilan ular o‘zlari va farzandlari uchun katta yaxshilik qilgan bo‘lishadi.