“Ulardan 36 nafari cho‘milgani borib cho‘kib ketgan, 44 nafari ehtiyotsizlik va 6 nafari o‘z joniga qasd qilish oqibatida, 2 nafari jinoyat sababli va 63 nafari noma'lum sabablarga ko‘ra suvda cho‘kib vafot etgan.
Eng achinarlisi ushbu cho‘kishlarning 64 nafari, ya'ni 42,4 foizi voyaga yetmaganlarga to‘g‘ri kelmoqda”, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari o‘rinbosari Samandar Hikmatullayev AOKAdagi brifingda.
Avvalroq, FVV joriy yilning 5 oyi mobaynida 26 nafar fuqaroning cho‘kishi bilan bog‘liq baxsiz hodisalar qayd etilgani va ularning 14 nafari bolalar ekanligi haqida xabar bergan edi. Ma'lumotlardan ko‘rish mumkinki, yoz oylarida suvda cho‘kish bilan bog‘liq hodisalar soni sezilarli oshgan.
Samandar Hikmatullayevning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, suvda cho‘kish holatlarining ko‘payishi cho‘milish mavsumi bilan bog‘liq.
“Respublikamizda 15 maydan cho‘milish mavsumi davom etmoqda. Cho‘kish bilan bog‘liq baxsiz hodisalarning aksariyati shu vaqtga to‘g‘ri kelyapti. Ayniqsa, bu yilgi yoz faslida havo haroratining keskin isishi davrida bunday holatlar yanayam oshdi. Bundan tashqari, yozgi ta'til paytida ota-onalar tomonidan bolalarning nazoratsiz qoldirilishi, ta'tilning samarali tashkil etilmasligi bolalarning suvda cho‘kish oqibatida hayotdan bevaqt ko‘z yumishlariga sabab bo‘lyapti.
Yozda issiqda cho‘milib cho‘kish holatlari ko‘payadi. Cho‘kishlar yil 12 oy davom etadi, hatto qish faslida ham cho‘kish holatlari yuz beradi. Bunga, asosan, aholi yashaydigan hududlardagi ariqlar, anhor va kanallar ustidan o‘tgan muhandislik inshootlari (quvurlar)dan ko‘prik sifatida foydalanish sabab bo‘ladi”, – deya ta'kidladi Hikmatullayev.