3,5 gektarlik maydonda joylashgan loyiha qiymati 10 million AQSh dollariga teng. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradi.
Korxona ijrochi direktori Sardorbek Azizov bizni korxonadagi mavjud ish jarayonlari – mato to‘qish, bo‘yash va gul bosilib tayyor mahsulot holatiga kelishi qay holatda bajarilishi bilan tanishtirdi.
Avvaliga korxonaning mato to‘qish fabrikasida bo‘ldik. Bu yerda o‘rnatilgan zamonaviy dastgohlarda 200 nafar ishchi faoliyat yuritadi. Bizga berilgan ma'lumotga ko‘ra, fabrikada kuniga 20 turdan ziyod 18 tonna mato to‘qiladi.
Mahobatli bo‘yoq sexidamiz. Xitoy va Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalarni boshqarayotgan yoshlar mas'uliyatli ish bilan band. Tsex ishchilari soni 300 nafar. Ular kuniga 40 tonna matoga bo‘yoq berishadi.
Tekstil ishlab chiqarishning eng oltin qoidalaridan bir bu – tozalik. Tsexdagi qizg‘in ish jarayonida tozalikka alohida e'tibor qaratilishi diqqatga sazovor.
Polni doim maxsus suyuqlik bilan artib-yuvib borish ham texnika yordamida bajariladi. O‘zimiz ham qiziqib mana shu agregatni boshqarib ko‘rdik.
Laboratoriya esa alohida mavzu. Matoga rang tanlash uskunasi berilgan buyruqqa asosan avtomatik tarzda tanlangan rangni tayyorlab beradi.
Korxonaning eng ko‘p xodim ishlaydigan bo‘limi bu – tikuv sexi. Mahsulotni tayyor holga keltiruvchi sexda 700 nafar ayollar faoliyat yuritadi.
Bu yerda kuniga 6 ming dona ayollar tayyor kiyimlari ishlab chiqarilmoqda. Tsex yorug‘ va shinamligi e'tiborni tortadi.
Biz tayyor mahsulotlar ko‘rgazma zalidamiz. Korxonaning tayyor va yarim tayyor mahsulotlari sifati bilan ajralib turadi.
DINAR GROUP nafaqat sifatli mahsulot yetkazib berish, balki aholini ish bilan ta'minlashni ham maqsad qilgan.
“Bizni quvontirgani, muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga bu yilgi tashrifi davomida korxonamizda bo‘ldi. Prezidentmiz ish jarayoni va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi va korxonamizni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z ko‘rsatmalarini berdi”, – deydi Sardorbek Azizov.
Bir yarim ming nafar ishchi-xodim faoliyat yuritayotgan “DINAR GROUP” MChJ yangi-yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.
Elmurod Ermatov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov