Yakkabog‘da tarozi buzilishi sabab mushtlashuv bo‘ldi. «Qahramonlar»dan biri «snos ishi»da mashhur bo‘lgan sobiq «zamhokim»

Jamiyat 20:38 / 13.08.2021 36875

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan qurilish mahsulotlari bozorida janjal sodir bo‘lgani va odamlar janjallashib, bir-biriga tan jarohati yetkazgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyati IIB mazkur hodisa haqida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, janjallashganlardan biri Yakkabog‘ tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Mansur Tuymayev bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 9 avgust kuni soat 16:30 larda Yakkabog‘ tumani IIB navbatchilik qismiga tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan fuqarolar N.K. va T.M. turli ko‘rinishdagi tan jarohatlari bilan murojaat etgani ma'lum qilingan.

Ushbu holat tuman IIB navbatchilik qismida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilib, surishtiruv olib borilgan. Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, 2021 yil 9 avgust kuni soat 15:00 larda Yakkabog‘ tumanidagi qurilish mollari bozorida yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi N.K. bilan fuqaro T.M. o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjallashib qolgan. Janjal davomida har ikki fuqaro bir-biriga tan jarohati yetkazgan.

Viloyat IIB axborot xizmati holat yuzasidan tayyorlangan videoni e'lon qildi. Unda aytilishicha, tadbirkor bilan janjallashgan shaxs Yakkabog‘ tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Mansur Tuymayev bo‘lgan. Tuymayev bilan tadbirkor o‘rtasidagi mojaro bozor hududida bo‘lgan eski tarozining boshqa bir shaxs tomonidan buzib olinishi ortidan kelib chiqqan.

Viloyat IIB axborot xizmati o‘zining rasmiy munosabatida ikki kishi janjallashgan deb ma'lumot berayotgan bo‘lsa-da, tadbirkor o‘zini bir necha kishi urganini ma'lum qilgan.

Tadbirkorning aytishicha, avval Mansur Tuymayev unga qo‘l ko‘targan. Tadbirkor ham o‘zini himoya qilish uchun armatura bilan uni urgan. Shundan so‘ng, Tuymayev qarindoshlarini chaqirgan va tadbirkor hushini yo‘qotguncha uni kaltaklashgan. Qayd etilishicha, mazkur holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari Yakkabog‘ tumani IIB tomonidan olib borilmoqda va tekshiruv yakuni haqida qo‘shimcha ma'lumot taqdim etilishi aytilgan.

Ma'lumot uchun, bundan 2 yil avval Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida «snos» ishlari olib borilgan. O‘shanda tuman hokimining o‘rinbosari Mansur Tuymayev ekskavator boshqaruviga o‘tirib tadbirkorning hali kompensatsiya to‘lanmagan do‘konini buzmoqchi bo‘lganida uning ustiga benzin sepib yoqib yubormoqchi bo‘lishgandi.

Holat shunchalik jiddiylashib ketdiki, voqeadan bir necha kun o‘tib DXX raisi Abdusalom Azizov Yakkabog‘ga borgandi.

Ko‘proq yangiliklar: