Yo‘l qurilishi sohasida ochiqlikni ta'minlash uchun maxsus platforma ishlab chiqiladi

Jamiyat 11:02 / 12.08.2021 7540

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Yo‘l qurilishi va ekspluatatsiyasi sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilindi.

Qaror loyihasi bilan:

  • "Ochiq budjet” tamoyillari asosida yo‘l qurilishi, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari, ekspluatatsiyasi, chet eldan import qilinadigan asosiy yo‘l qurilish materiallari va texnikalar uchun yo‘naltirilayotgan mablag‘larning harakati to‘g‘risida ma'lumotlarning to‘liq shaffofligi;
  • yo‘l qurilishi va ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq loyihalarni shakllantirishda yo‘llardan foydalanuvchilarning fikrini inobatga olish;
  • yo‘l qurilishi va ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishning har bir bosqichini jamoatchilikning nazorati ostida olib borish;
  • yo‘l qurilishi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish yakunlari bo‘yicha obektlarni qabul qilish jarayonida jamoatchilik vakillarining ishtirokini ta'minlash ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma'lumotlar bazasini o‘z ichiga oladigan Shaffof Yo'l onlayn axborot platformasini va uning mobil ilovasini sinov tartibida ishga tushiradi va yurituvini yo‘lga qo‘yadi.

Platformani ishlab chiqish, ishga tushirish, texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar Moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Ma'lumotlarni platformaga o‘z vaqtida va to‘liq holda joylashtirish hamda ma'lumotlarning haqqoniyligi uchun Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisiga shaxsiy mas'uliyat yuklanadi.

Bundan tashqari, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga Kadastr agentligi bilan birgalikda 2021 yil 1 dekabrga qadar xorijiy tajribaga asoslangan holda platformada O‘zbekistonda mavjud barcha toifalardagi avtomobil yo‘llarining onlayn xaritasini joylashtirishi hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash obektlarining Interaktiv onlayn-xaritasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilmoqda.

Har yili 1 dekabrgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar avtomobil yo‘llari bosh boshqarmalari hamda viloyat, tuman va shahar hokimliklari bilan birgalikda keyingi yilda qurilishi, ta'mirlanishi ko‘zda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalarini oldindan aniqlash, ularni xaritaga joylash va buni keng jamoatchilikka taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Xaritada qurilish va ta'mirlash ishlari olib boriladigan yo‘l uchastkasi aniq manzili, mazkur yo‘l uchastkasini qurish, ta'mirlash uchun ajratilgan mablag‘ (tasdiqlangan smeta) hamda uning manbasi, qurilish, ta'mirlash ishlarini boshlash va yakunlash muddatlari, qurilish, ta'mirlash ishlarini olib borish bo‘yicha loyiha buyurtmachisi qurilishni amalga oshiruvchi tashkilot, ishlarining sifati haqida fuqarolar tomonidan izoh qoldirish (foto va videofayllarni yuklash bilan birgalikda) imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, platformaning alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun paydo bo‘lgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularga shikast yetkanligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto- va videomurojaatlar qoldirish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Moliya vazirligi platformaga ma'lumotlarning o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilishi hamda ma'lumotlarning haqqoniyligi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatadi.

Bundan tashqari, qaror loyihasining ilovasida keltirilgan ushbu ma'lumotlar:

  • avtomobil yo‘llari sohasiga ajratiladigan barcha turdagi (xalqaro grantlar va budjet) mablag‘lari;
  • avtomobil yo‘llari va ko‘chalar bo‘ylab avtomobil saqlash joylaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar summalari;
  • qo‘mitaning yo‘llarni loyihalash, qurish, ta'mirlash va saqlashga doir xaridlari;
  • avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurishda ishtirok etadigan davlat va xususiy korxonalar reyestri (sarflangan mablag‘lar, daromad topayotgan benefitsiarlar va boshqa ma'lumotlarni aks ettirgan holda);
  • avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining tushumlari va xarajatlari bo‘yicha batafsil ma'lumot;
  • yo‘l qurilishi bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etgan insofsiz ijrochilar ro‘yxati rasmiy veb-saytlar, Shaffof Yo'l onlayn axborot platformasi va ommaviy axborot vositalarida muntazam e'lon qilib boriladi.

Mazkur qaror ijrosi uchun mas'ul va shaxsiy javobgar etib bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov belgilangan. 

Ko‘proq yangiliklar: