Sud Yakkabog‘ tumani hokimining tadbirkorga tegishli yerni qaytarib olish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topdi

Jamiyat 18:38 / 12.08.2021 6674

Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi Yakkabog‘ tumani hokimining tadbirkorga tegishli yerni hokimlik zaxirasiga qaytarish haqidagi qarorini haqiqiy emas deb topgan. Bu haqda Biznes-ombudsman devoni yetakchi inspektori O.Xurramov xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Yakkabog‘ tumanida faoliyat yurituvchi «Company» mas'uliyati cheklangan jamiyati (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) Biznes-ombudsman devoniga tuman hokimi qaroridan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, Yakkabog‘ tuman hokimining 2020 yil 18 maydagi HQ-856/5-son qarori bilan «Company» MChJga 17 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu qaror asosida tuman hokimligi va «Company» MChJ o‘rtasida shartnoma tuzilib, yer maydoni 49 yil muddatga ijaraga berilgan.

Shundan so‘ng Yakkabog‘ tuman hokimining 2021 yil 27 fevraldagi HQ-338/02-sonli qarori bilan ijara shartnomasi bekor qilinib, «Company» MChJ yer maydoni zaxira yer fondiga qaytarilgan.

Fuqarolik kodeksining 382-moddasiga muvofiq agar ushbu kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.

Shuningdek, Yer kodeksining 24-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi. Yakkabog‘ tumani hokimining qarorida ularga amal qilinmagan.

Qayd etilishicha, yuqorida keltirilgan qonunbuzarlik holati yuzasidan, Biznes-ombudsman tomonidan MChJ manfaati uchun Qarshi tumanlararo ma'muriy sudiga ariza kiritilgan. Qarshi tumanlararo ma'muriy sudining 2021 yil 7 iyundagi hal qiluv qarori bilan Yakkabog‘ tuman hokimining 2021 yil 27 fevraldagi HQ-338/02-son qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Ta'kidlanishicha, tuman hokimligi tomonidan mazkur hal qiluv qarori yuzasidan apellyatsiya shikoyati taqdim etilgan. Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudining 2021 yil 15 iyuldagi qarori bilan apellyatsiya shikoyati rad qilinib, birinchi instansiya sudining qarori o‘z kuchida qoldirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: