«O‘zini hurmat qilgan inson o‘z qobig‘idan chiqishi kerak» - tadbirkor sayohatlarning inson hayotidagi o‘rni haqida

Jamiyat 17:15 / 12.08.2021 10608

Quyida siz «Office Market», «Deli» va «Decos» kabi biznes egalari – aka-uka Mamasaidovlarning kattasi Hasan Mamasaidov bilan uyushtirilgan intervyuning ikkinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

— Hasan aka, eshitishim bo‘yicha, tez-tez safarlarga chiqasiz. Ayting-chi, xorij yoki O‘zbekiston ichida safarlarda bo‘lish, sayohat insonga nima beradi?

— 2003 yilda bir guruh yoshlar Amerika Qo‘shma Shtatlariga malaka oshirish, sayohat uchun borganmiz. Yaxshi eslayman, ayrim do‘stlarimiz yig‘ib qo‘ygan pulini Amerikaga borish yoki kompyuter, fotoapparat va boshqa texnikalarni sotib olishga ishlatish tanlovi oldida ikkilanib turishardi.

O‘sha paytda «Sairam tourism» rahbari Rustam Mirzayevning bizga aytgan bir maslahati hech yodimdan chiqmaydi. «Do‘stlar, sizlarga birdan bir maslahatim: fotoapparatni 50 dollar qimmatiga bo‘lsa ham bugun Toshkentda olarsiz, lekin siz bugun Sietl yoki keyingi hafta Los-Anjyelesga borish imkoniyatini topolmaysiz. Ko‘zingizni oching. Bir yildan keyin fotoapparatni yarim puliga ham sotolmaysiz, lekin bir yildan keyin 100 dollar qo‘shib ham Amerikaga borolmaysiz», degandi u.

O‘zini hurmat qilgan inson borki, qobig‘idan chiqishi kerak. Bir yilda kamida ikki marta safarga chiqishi kerak. Chunki har kunlik ishingizga kirishib ketsangiz ham zerikasiz. Ish jarayonida hatto yoningizdagi kamchiliklarni ham ko‘rmay qo‘yasiz. Dunyo aylanib kelgan, sayohat qilgan kishi dunyoga boshqacha ko‘z bilan qaray boshlaydi.

Biz ham «MFactor» loyihasi orqali bir yilda ikki marta tadbirkorlar bilan dunyoning turli davlatlariga sayohatlar tashkil qilamiz.

Izlagan imkon qidiradi, izlamagan bahona. Izlasak, xohlasak, sayohat uchun vaqt, imkon topiladi. Xo‘sh, farzandlarimizni olib, ichki turizm Samarqandga qachon olib bordik? Eslaylik-chi, qachon Xiva, Buxoroga bordik? 

Sayohatlarda farzandlarimizning ham dunyoqarashi o‘zgaradi. Sayohatdagi yo‘l jarayonida oilaga bo‘lgan mehr oshadi.

Afsuski, siz ham, men ham soat 9:00dan kech 18:00gacha bo‘lgan eng shijoatli davrimizni ko‘chada o‘tkazib yuboryapmiz. Inson umrining mazmuni oila bilan. «Yor, og‘ayni emas, tug‘gan bolang do‘st» deyishadi. Yiqilib qolgan kuningizda yoningizda farzandlaringiz, ayolingiz, oilangiz bo‘ladi. Biz ulardan quvvat olamiz. Ularga mehr bersak, mehr olamiz.

Intervyuni to‘liq holda quyidagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: