Qoida tariqasida, respublikada yetishtiriladigan qoramollar tuyoqlari sonini ko‘paytirish maqsadida faqat import qilingan zotdor mollargina bank mablag‘lari evaziga beriladi.
Qoida oddiy: talabgorlar arizani onlayn to‘ldirishadi. Tuman komissiyasi arizani sektor rahbarlariga yo‘naltiradi. Ularning ijobiy xulosasiga ko‘ra bank kafolat xati beradi va ta'minotchidan qoramol olinadi va hujjatlashtiriladi. So‘ngra bank kafolat xatida ko‘rsatilgan muddatda mablag‘ni ta'minotchi chorva korxonasiga o‘tkazib berishi lozim.
Biroq tahririyatimizga murojaat qilgan Nurobod tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJ fermer xo‘jaligi hamda «SAMARQAND MILK» MChJ vakillari «Xalq banki», «Agrobank» va «Mikrokreditbank»ning tumanlardagi bo‘limlari kafolat xatida ko‘rsatib o‘tilgan muddat o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hamon pul mablag‘larining ma'lum bir qismini to‘lamasdan paysalga solib kelishayotganini ma'lum qilishdi.
Nurobod tuman «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJ menejyeri Zoyir Mamanovning aytishicha, «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJga to‘lanishi lozim bo‘lgan summa «Xalq banki»ning tumandagi filiallaridan 399 mln so‘mni, «Agrobank»ning tumandagi filiallaridan 435 mln so‘mni, «Mikrokreditbank»ning Juma filialidan 50 mln so‘mni tashkil etadi.
«SAMARQAND MILK» MChJ direktori Atham Isaxanovning hujjatlardan ko‘rsatib berishicha, «Xalq banki»ning tumandagi filiallarida «SAMARQAND MILK» MChJdan qarz 260 mln so‘mni, «Agrobank»ning tumandagi filiallaridan esa 204 mln so‘mni tashkil etmoqda. Shuningdek, «Mikrokreditbank»ning Juma filialidan 30 mln so‘mni tashkil etadi.
Yetkazib berilgan qoramollar uchun pul mablag‘larining o‘z vaqtida to‘lab berilmayotgani fermer xo‘jaliklarida ma'lum bir muammolar keltirib chiqarmoqda. Korxonalar yem-xashak va ozuqa zaxirasini jamg‘arish, soliq, bojxona va bank oldidagi majburiyatlarini bajarishda qiyinchilikka duch kelmoqda.
Biz mazkur masala bo‘yicha «Xalq banki» va «Agrobank» viloyat bo‘limida bo‘lib, savollarimizga tayinli javob ololmadik. Kafolat xati masalasida bankning tuman bo‘limlarining o‘ziga uchrashish tavsiya etildi.
Albatta, bu ikki bankning tumanlardagi bo‘limlarining har biriga borib, har bir bajarilmagan kafolat xati bo‘yicha uchrashish katta vaqt va mablag‘ talab etadi.
Qolaversa, bankirlar bunday vaziyatning ro‘y berishida mablag‘ yetishmovchiligini ham ro‘kach qilmoqda. Go‘yoki, aholi olgan imtiyozli mablag‘larni o‘z vaqtida qaytarmayapti, qoramollar uchun to‘lov shu pullar hisobidan qoplab beriladi. Lekin banklarga resurs avvaldan ajratib berilgan.
Yana ayrim masalalarda hujjatlardagi chalkashliklar, aholi vakillarining qing‘irliklari to‘lovni amalga oshirishda to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Lekin ta'minotchining nima aybi bor bu holatda? U kafolat xatiga asoslanib qoramolni fuqaroga berishi kerak — tamom. Qolgani — bankning ishi.
Masalan, «Mikrokreditbank» Juma bo‘limida bo‘ldik. «SAMARQAND MILK» MChJ kafolat xati orqali 2020 yilning 12 iyunda G‘ayrat Abdinazarovga 30 mln so‘m evaziga 3 bosh qoramolni berib yuborgan. Oradan 1 yildan ziyod vaqt o‘tibdiki, haligacha ushbu bitim bo‘yicha pul o‘tkazib berilmagan.
Qolaversa, bankning Juma filiali «Yangiobod nasl chorva mollari» MChJga 2021 yilda jami 50 mln so‘mlik 2 ta kafolat xati bo‘yicha to‘lovni ham amalga oshirmagan. Filial xodimlari bilan masala haqida gaplashganimizda qiziq holatlar ochildi.
Jumladan, filial kredit bo‘limi mutaxassisi Oybek Nurpo‘latov hamda filial yuristi Arslonbek Pardayevning tushuntirishicha, G‘ayrat Abdunazarovning kredit tarixi yomon bo‘lganiga qaramasdan, bank xodimlarining e'tiborsizligi tufayli unga yangi kredit uchun kafolat xati berilgan. U qoramollarni qabul qilib olgan. Lekin yakunda unga kredit ajratilmaydigan bo‘lgan.
Lekin bankning kafolat xatiga ishonib, qoramollarni berib yuborgan ta'minotchi 1 yildan buyon nima qilishini bilmasdan hayron.
Biz shu bank filiali orqali kafolat xati nomlariga chiqqan Ma'mura G‘aniyeva va Asilbek (u ismim Alibek dedi) Mardanovni topdik. Ular qarindosh ekan. Ma'mura G‘aniyeva hech qanday qoramol olmagani va hujjatlarga imzo chekmaganini aytdi. Alibek Mardanov esa qanday hujjatlarga imzo chekkani esida yo‘qligi, fermaga borgani, lekin qoramolni olmaganini aytib o‘tdi.
Alalxusus, bank fuqarolarni tekshirmasdan «kafolat xati» chiqarib beravergan. Ularning nomidan boshqalar ish ko‘rgan. Endi mol ham yo‘q, pul ham yo‘q, molni sotib yuborganlardan biri ham yo‘q. Faqat bankning kafolati bor.
Ayrim banklar esa kreditning sug‘urta to‘lovini ta'minotchi to‘lab bersagina qoramollar uchun mablag‘ni ko‘chirib berishini aytishmoqda ekan. Bu esa noqonuniy talab. Bankirlar o‘zlari ishni risoladagidek qila olmasdan, kamchilikni ta'minotchi hisobiga yopmoqchi bo‘lishmoqda.
Guvohi bo‘lganingizdek, muammo bor, Samarqand banklarida uni hal qiladigan mas'ul yo‘qqa o‘xshayapti. Davlat dasturi asosida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lardan nooqilona foydalanish emasmi bu? Banklarning poytaxtimizdagi Resppublika bosh ofislari ushbu chigal masalani o‘zlari tekshirib, masalaga yechim topsa yaxshi bo‘lar edi, albatta.
Chunki tadbirkorlar pullarini undirish, chalkashliklardan tezroq xalos bo‘lishni istaydi. Hozircha ular kafolat xati bo‘yicha chorvalarni odamlarga tarqatishni bas qilib turishibdi. Chunki bu ishdan faqat bosh og‘riq orttirgani qolmoqda. Ularga aniq bir yechim kerak. Quruq gaplardan sillasi qurigan. Ular sudga murojaat qilishmoqchi.
Kun.uz «Agrobank», «Xalq banki» va «Mikrokreditbank»dan ushbu chigal masalani hal qilish yuzasidan munosabat kutadi.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev