Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani hududidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 11 avgust kuni soat 10:32larda Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limiga tumanning «Mirzoto‘p» MFY, P.Xudoyberdiyev ko‘chasida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Shundan so‘ng voqea joyiga 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 10:38da yetib borib, soat 11:03da yong‘in o‘rab olingan va soat 11:34da batamom o‘chirilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida bir-biriga tutash qurilgan uylarning birinchisida 150 metr kvadrat hamda qo‘shni uyning 10 metr kvadrat tom qismi yonib ketgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.