Samarqand viloyati IIBning «Jinoyatchilikka qarshi kurash» tezkor profilaktik oyligini o‘tkazish rejasiga asosan, viloyat hududida uyushgan jinoyatchilik va giyohvand vositalar tarqalishining oldini olish maqsadida Oqdaryo tumanida yashovchi, jinoyat sodir etishga moyil bo‘lgan 17 nafar fuqaroning yashash xonadonida tintuv-tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Ma'lum qilinishicha, Oqdaryo tumani «Galaravot» MFY Qoraxitoy qishlog‘ida yashovchi 1949 yilda tug‘ilgan G‘.Ch.ning yashash xonadonida paketlar va qoplarda saqlanayotgan taxminan 3 kilogramm o‘tkir hidli, ko‘knorga o‘xshash o‘simlikning quruq holda saqlanayotgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.
Xuddi shunday, Oqdaryo tumani Dahbet shaharchasi «Bozorjoy» MFYda yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan H.S.ning yashash xonadonidan taxminan 500 grammga teng bo‘lgan o‘tkir hidli, ko‘knor o‘simligiga o‘xshash, quruq holda saqlanayotgan o‘simlik daliliy ashyo tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Shuningdek, Oqdaryo tumani Loyish shaharchasida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan J.T.ning yashash xonadonida bir dona elektroshoker qurilmasi mavjud ekani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Shu kabi, Oqdaryo tumani «Olchintepa» MFYda yashovchi 1988 yilda tug‘ilgan K.U.ning yashash xonadonida 2 dona o‘tkir tig‘li pichoq va 1 dona kastet mavjud ekani aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Qayd etilishicha, olib borilgan tezkor profilaktik tushuntirish ishlari natijasida Oqdaryo tumani Avazali mahallasida yashovchi 1967 yilda tug‘ilgan B.Sh. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U, marhum qaynotasining uyini qayta qurishga yordamga borganda, tom qismidan topilgan ov quroliga tegishli 101 dona 5,6 kalibrli va 53 dona 5,6 kalibrli shovqin chiqaruvchi patronlarni o‘z xohishi bilan topshirgan.