Qo‘l ostidagi xodimni haqorat qilgan Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i hayfsan oldi

Jamiyat 14:26 / 11.08.2021 2606

Bundan bir necha kuni avval ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati moliya boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Yusupov Zoom orqali o‘tkazgan yig‘ilishida Koson tumani moliya bo‘limi rahbari Sh.Safarovni haqorat qilgan audioyozuvi tarqaldi. Shundan so‘ng viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari N.Erkayev rahbarligida va Sh.Safarov ishtirokida F.Yusupovning xatti-harakatlari muhokama qilingan. Muhokama davomida F.Yusupov ish faoliyatida xodimlarga nisbatan odob-axloq normalariga amal qilgan holda munosabatda bo‘lish hamda masalalarni qonun doirasida ko‘rib chiqish yuzasidan qat'iy ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, bu kabi holatlar viloyatning boshqa tashkilotlari rahbarlari ish faoliyatida qaytarilishining oldini olish hamda rahbarlarning mas'uliyatini oshirish maqsadida viloyat moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovning mas'uliyatini ko‘rib chiqish yuzasidan Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritilgan.

Shundan so‘ng mazkur masala bo‘yicha Moliya vazirligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Munosabatda F.Yusupovning xatti-harakatlari vazirlik axloq masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqilishini va tegishli takliflar viloyat hokimligiga kiritilishini ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimligi tomonidan F.Yusupovning xatti-harakatlari o‘rganilib, qaror qabul qilingan. Unga ko‘ra, Fayzulla Yusupovga odob-axloq qoidalariga rioya etmaganligi, xodimlariga qo‘pol munosabatda bo‘lganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 181-moddasining birinchi bandiga asosan hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

Ko‘proq yangiliklar: