Qashqadaryoda qonunchilik hujjatlari noto‘g‘ri qo‘llanishidan jabr ko‘rgan tadbirkorning huquqi Oliy sudda tiklandi

Jamiyat 20:37 / 11.08.2021 1370

Ma'lum qilinishicha, «Ilhom» MChJga Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan 2018 yil 17 dekabrda noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun 0034-son litsenziya berilgan. Mazkur lizensiya asosida MChJga Yakkabog‘ tuman hokimi tomonidan 2019 yil 30 dekabrda 3,5 gektar yer maydoni 10 yil muddatga ijaraga berilgan.

Ammo Yakkabog‘ tuman ma'muriy sudining 2020 yil 25 iyundagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi 981-son «Daryolar o‘zanlarini tozalash ishlariga tadbirkorlik sub'yektlarini elektron onlayn-auksion orqali jalb qilish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori talabiga muvofiq «Ilhom» MChJga yer maydoni elektron onlayn-auksion orqali berilmagani ta'kidlanib, qayd qilingan hokim qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Qashqadaryo viloyat ma'muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2020 yil 28 avgustdagi qarori bilan «Ilhom» MChJ tomonidan kiritilgan apellyatsiya shikoyati inobatga olinmagan hamda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Qayd etilishicha, o‘sha vaqtda prezidentning 2018 yil 26 dekabrdagi PQ–4078-son «Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori amalda bo‘lgan. Uning 1-bandiga muvofiq 2019 yil 1 yanvardan noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya asosida yer qa'ridan foydalanuvchining murojaatiga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishli yer uchastkalari o‘n kundan oshmagan muddatda ochiq savdolarsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri litsenziyaning amal qilish muddati va yer qa'ri uchastkasining chegaralariga muvofiq ajratib berilishi belgilangan.

Ta'kidlanishicha, birinchi va ikkinchi apellyatsiya instansiyalari tomonidan ishlarni ko‘rib chiqishda «Ilhom» MChJning faoliyati qum-shag‘al aralashmasini maydalash va saralashdan iborat ekani hamda bu borada MChJga noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa'ri uchastkasidan foydalanish huquqi uchun lizensiya berilgani, shu sababli yer maydoni hokimlik tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratilgani e'tibordan chetda qolgan.

Mazkur holat yuzasidan tadbirkorlik sub'yekti manfaati uchun Biznes-Ombudsman tomonidan Oliy sudga shikoyat kiritilgan. Oliy sudning 2021 yil 18 maydagi qarori bilan shikoyat qanoatlantirilib, «Ilhom» MChJ manfaatiga zid tarzda chiqarilgan quyi instansiya sud qarorlari bekor qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: